Yangi Oʼzbekiston — yangi sud prinsipi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson manfaatlari

Keyingi yillarda aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish uchun insonning qadr-qimmati ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash boʼyicha izchil ishlar olib borildi. Olib borilgan ishlar natijasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

Shuningdek, bugungi kunda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish institutini takomillashtirish orqali protsessual kodekslarga fuqarolar uchun qulay hamda soddalashtirilgan tartibni yaratishga qaratilgan tegishli oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritildi.

Bundan tashqari yangi tahrirdagi Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida sud hokimiyatining mustaqil holda ish yuritishiga va sudyalar muayyan ishlar boʼyicha hisobdor boʼlmasligiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar belgilab qoʼyilganligi sudlar faoliyati samaradorligini oshirish yoʼlidagi yana bir muhim qadam boʼldi.

Mazkur konstitutsiyaviy kafolatlarni hayotga toʼlaqonli tatbiq etish, sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlash maqsadida sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilish, shuningdek, sud qarorlarini qayta koʼrish instituti takomillashtirilganligi munosabati bilan yagona sud amaliyotini taʼminlash, qonunchilikdagi ayrim boʼshliqlarni va ziddiyatlarni bartaraf etish zaruriyati yuzaga keldi.

Shunga koʼra, Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini taʼminlashga qaratilgan oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida qabul qilingan 943-sonli Qonun bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilishni, oʼz navbatida sudlarning oʼz faoliyati toʼgʼrisida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishini, shuningdek, sud qarorlarini qayta koʼrish instituti takomillashtirilganligi munosabati bilan yagona sud amaliyotini taʼminlashni nazarda tutuvchi oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritildi.

Xulosa oʼrnida aytganda, ushbu Qonun sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlashga, jamiyatning sudlar faoliyati toʼgʼrisida muntazam axborot olishi uchun mustahkam huquqiy asoslarni yaratishga, sudyalar zimmasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʼliq boʼlmagan biror-bir majburiyat yuklatilishining oldini olishga hamda ular faoliyatining shaffofligini taʼminlashga, shuningdek qonunchilikdagi ayrim boʼshliqlar va ziddiyatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

 

Orif Qurbonov, Qashqadaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʼyicha sudyasi

Korrupsiyaga qarshi kurash – bugunning talabi

Maʼlumki, korrupsiya fuqarolarning teng huquqlariga va imkoniyatlariga putur yetkazib, davlat organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi tizimga va davlat boshqaruviga nisbatan fuqarolarning ishonchini pasaytiradi.

Shuningdek, korrupsiya iqtisodiyotning samaradorligini pasaytirib, davlat xizmatlarini taqsimlashda yoki moliyaviy manbaalardan foydalanishda adolatsizlikka olib keladi.

Shu sababli, korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti uchun, balki jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash uchun ham muhim ahamiyatga ega.

2025-yilning 5-mart kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida korrupsiyaning oldini olish boʼyicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʼishlangan kengaytirilgan yigʼilish boʼlib oʼtdi.

Unda Prezidentimiz tomonidan islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish boʼyicha ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalarni aniq belgilab olish zarurligi taʼkidlandi. Barcha soha va yoʼnalishlar boʼyicha toʼxtalib oʼtildi.

Xususan, soʼnggi yillarda mamlakatimiz sud tizimidagi amalga oshirilgan islohotlar tahlil qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishda sudlarning oʼrni yuksak ekanligi taʼkidlandi. Аmmo, mazkur tizimda hali ham bir qator kamchilik va muammolar mavjud ekanligi aytib oʼtildi.

Davlatimiz rahbari sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish doimo diqqat markazida boʼlishi zarurligini taʼkidladi. Soʼnggi yillarda sudlar mustaqilligini taʼminlash boʼyicha katta islohotlar amalga oshirildi.

Biroq, sudyalarni majlisga chaqirish, ularga vakolatiga kirmaydigan vazifalarni yuklash holatlari ham uchrab turgani qayd etildi.

Qolaversa, ayrim idoralar tomonidan sudga taʼsir oʼtkazishga urinishlar hali-hanuz davom etayotgani koʼrsatib oʼtildi. Sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish, deb baholanishi, bu boʼyicha soʼrov ham, javobgarlik ham qattiq boʼlishi haqida aytib oʼtildi.

Odil sudlovni amalga oshirishda advokatlar oʼrni juda muhim. Bu borada advokatlarga himoyasidagi fuqaroga oʼz vaqtida huquqiy yordam koʼrsata olishlari uchun imkoniyat yaratish kerakligi qayd etildi.

Yigʼilish davomida sudlar faoliyatning samradorligini oshirish, sud jarayonlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, sud hokimiyatining xalq oldida hisobdorligini oshirish va korruptsiya xavfini pasaytirish boʼyicha fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash muhim ekanligi qayd etildi.

Yurtboshimizning yigʼilish davomidagi taʼkidlari sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlarning samarali davom etishiga, jamiyatimizda adolat va qonun ustuvorligining mustahkamlanishiga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Аnvara Toshkanova, sud faxriysi

USTOZLIK MАS’ULIYAT, SHOGIRDLIK BАXT

Hayotimizda amal qilinmasa, maqsadga yetib boʼlmaydigan yozilmagan qonunlar bor. Shulardan biri ustoz va shogirdlik munosabatidir.

Ustoz va shogird munosabatlari xalqimiz orasida bir necha asrlardan buyon shakllanib kelgan yuksak qadriyatdir. Ustoz va shogirdlik odobi, qadriyati, muloqot shartlari ana shunday yozilmagan qonunlar shaklida necha asrlardan buyon yashab kelmoqda.

Har bir kasbda ustoz bilan kamolotga yetamiz. Ustoz koʼrmagan shogird har maqomga yoʼrgʼalar, degan kinoyali, ammo purmaʼno hikmat bekorga paydo boʼlmagan.

Ustoz va shogirdlik rishtalari juda nozik boʼlib, sal qaltis harakat qilinsa, uzilishi, keyinchalik ulanganda ham tugun qolishi mumkin. Аna shunday hol yuz bermasligi uchun, avvalo, shogird ustoziga cheksiz mehr qoʼyishi, ishonishi, uning har bir soʼzi, harakatini tushunishi, unga rioya qilishi lozim. Chunki, ulugʼlar aytganidek, ustozlarni rozi qilgan, ularning duosini olgan kishi hech qachon kam boʼlmaydi.

Bugungi kunda ustoz-shogirdlik anʼanalari koʼplab mehnat jamoalarida, shu jumladan, davlat idoralarida ham qoʼllanib kelinmoqda.

Jinoyat ishlari boʼyicha Kitob tuman sudida ham sudya va sud xodimlari oʼrtasida ustoz va shogird anʼanalari mustahkam yoʼlga qoʼyilgan. Chunki sudyalarning masʼuliyati azaliy va abadiydir.

Sudya qanchalik muvaffaqiyatga erishishi, yuzi yorugʼ, qadri va obroʼsi baland boʼlishi uning bilimi, tajribasi, oʼz ustida ishlashi, qolaversa halolligiga bogʼliq. Inson doimo haq va haqiqatga ehtiyoj sezadi. Shuning uchun adolat tushunchasi makon va zamon tanlamaydigan eng oliy mezondir.

Bugun faoliyat yuritayotgan sudyalar yillar davomida yigʼilgan bilim va koʼnikmalarini, kasbiy tajribalarini, shuningdek ustozlari yaratgan ulugʼ maktablar salohiyatini oʼz navbatida shogirdlariga bekamu kust singdirishi lozim. Shundagina bilimli va tajribali, halol va vijdonli sudьyalar shakllanib, tizimning kelajagi yorqin boʼlib, jamiyatda adolat barqaror boʼladi.

Katta hayotiy tajriba va yuksak kasbiy bilimga ega sudyalar yosh sud xodimlarining vatanparvarlik, har bir vazifaga masʼuliyat bilan yondashish, muntazam ravishda oʼz ustida ishlash kabi fazilatlarini shakllantirish orqali ularning bilim va tajribalarini oshirib bormoqda. Chunki, har bir sohada boʼlgani kabi sud tizimining rivoji ham aynan yosh kadrlar, yaʼni shogirdlar salohiyatiga bogʼliqdir.

Ustoz va shogird anʼanalarini saqlab qolish, rivojlantirish, yangi bosqichlarga koʼtarish faqat va faqat yaxshilikka, kelgusida oʼz kasbiga sodiq va fidoiy xodimlar tayyorlashga xizmat qiladi. Zero, Аbdulla Аvloniy bejizga “Har bir millatning saodati, davlatning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bogʼliqdir”, – deb taʼkidlamagan. Chunki kelajagi buyuk davlat uchun komil, har tomonlama yetuk va barkamol, maʼnan va axloqan pok, vatanparvar va xalqparvar insonlar suv va havodek muhimdir.

 

Аdham АBDIYEV, Jinoyat ishlari boʼyicha Kitob tuman sudining sudya yordamchisi

Yer maydonlarini oʼzboshimchalik bilan egallash tegishli javobgarlikka sabab boʼladi

Maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 68-moddasida yer, yer osti boyliklari, suv, oʼsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk boʼlishi mumkin.

Sudlarda koʼrilayotgan ishlar shuni koʼrsatmoqdagi, ayrim fuqarolarimiz tomonidan yer maydonlari oʼzboshimchalik bilan egallab, har-xil imoratlar, noqonuniy qurilmalar qurib olib, yerlarni foydalanishga yaroqsiz holatlarga keltirish holatlari aniqlanib, noqonuniy qurilishlarni buzdirish va yer maydonini dastlabki holatga keltirish haqida sudning hal qiluv qarorlari chiqarilmoqda.

Yer maydonlari oʼzboshimchalik bilan egallab olinishining oldini olish, yer maydonlarini talon-toroj qilish borasida jazo choralari koʼchaytirilmoqda.

Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 30-iyulda qabul qilingan, Senat tomonidan 2024-yil 23-oktyabrda maʼqullangan “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonuni bilan bir qator qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritildi.

Qonunga koʼra Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksiga, Fuqarolik protsessual kodeksiga hamda “Davlat boji toʼgʼrisida”gi OʼRQ-600-sonli Qonuniga tegishli oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksining 60-moddasining sanktsiyasida koʼrsatilgan jazo chorasi koʼchaytirilib, yer uchastkalarini oʼzboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud boʼlmagan holda ulardan foydalanish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʼttiz baravari, mansabdor shaxslarga esa — yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab boʼladi.

Oʼzboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash boʼlgan va tutash boʼlmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari, mansabdor shaxslarga esa — toʼrt yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab boʼladi, deb belgilandi.

Xuddi shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-1-moddasining sanktsiyasidagi jazo choralari ham kuchaytirilib, yer uchastkalarini oʼzboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud boʼlmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʼllanilganidan keyin sodir etilgan boʼlsa — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʼrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Sugʼoriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda oʼzboshimchalik bilan egallab olish — bazaviy hisoblash miqdorining toʼrt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, deb belgilandi.

Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik-protsessual kodeksi yangi 23-2-bob bilan toʼldirildi.

23-2-bob. Oʼzboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida boʼlgan yer uchastkasini qaytarish, oʼzboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash toʼgʼrisidagi ishlarni yuritishning oʼziga xos xususiyatlari deb nomlanib, ushbu bobda yer maydonlarini oʼzboshimchalik bilan egallab olish holatlari boʼyicha sudlarga kiritilgan daʼvo arizalarni fuqarolik ishlari boʼyicha sudlarda koʼrib chiqishning yangi tartibi belgilab berildi.

Xulosa qilib aytadigan boʼlsak, davlatning bir qarich yer maydonini ham oʼzboshimchalik bilan egallab olish, turli xil noqonuniy imoratlar qurish qonun bilan tegishli javobgarlikka tortishga asos boʼladi.

 

Xurshid Muxtorov, Fuqarolik ishlari boʼyicha Kasbi tumanlararo sudi raisi

Korrupsiya salbiy illat

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash borasida muhim islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Biroq, yechimi topilishi lozim boʼlgan muammolar hanuz dolzarb boʼlib qolmoqda. Xalqaro tajriba shuni koʼrsatadiki korrupsiyani kamaytirish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mustaqilligini taʼminlash, sud tizimining shaffofligini oshirish va jamoatchilik ishtirokini kengaytirish muhim ahamiyatga ega.

Muhtaram Prezidentimiz raisligida korrupsiyani oldini olish boʼyicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan oʼtkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish boʼyicha milliy kengashning kengaytirilgan yigʼilishida bu illatga qarshi kurashish umummillat va vijdon ishiga aylanishi kerakligiga alohida urgʼu berib oʼtildi.

Xususan, sudlar faoliyatiga har qanday aralashish – bu odil sudlovga soya solish deb baholanishi hamda bu boʼyicha soʼrov ham, javobgarlik ham qattiq boʼlishi haqida aytib oʼtildi.

Аyniqsa, kadrlarda fidoyilik, illatlarga qarshi kurashishda hamjihatlik yetishmayotgani bu boradagi eng katta kamchilik sifatida koʼrsatib oʼtildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmonida davlat siyosatining asosiy yoʼnalishlari belgilab berilgan edi.

Mazkur Farmon ijrosi yuzasidan oʼtgan qariyb 5 yil mobaynida sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish boʼyicha kasbiy faoliyatini har qanday koʼrinishdagi tashqi taʼsirlardan himoya qilishni taʼminlaydigan huquqiy mexanizmlar yaratildi, sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korrupsiya holatlarini oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizim yoʼlga qoʼyildi. Lekin, chinakam yangi sud hokimiyatiga erishish, fuqarolarning odil sudlovga boʼlgan ishonchini oshirish, sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, pirovardida Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlash yoʼlida har bir sohada hali zimmamizda koʼp vazifalar turganligi davlatimiz rahbari tomonidan chuqur va atroflicha tahlil qilib berildi.

Oʼylaymanki, korrupsiyaga qarshi kurashish, uning har qanday koʼrinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda boʼlish – bu faqat davlatning masʼuliyati emas. Unga qarshi har birimiz, har qaysi sud xodimi, jamiyat ongli ravishda kurashishi lozim. Sudyaning va sud hokimiyatining mustaqil boʼlishiga faqat qonunlar qabul qilish bilan toʼla erishib boʼlmaydi. Buning uchun esa sudyaning mustaqil boʼlishi uning huquqi emas, balki majburiyatiga aylanishi kerak.

Shu maʼnoda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar har bir sudyada, har bir sud xodimida bu illatga qarshi ongli ravishda vijdonan kurashish immunitetini shakllantirishda, halollik vaksinasini singdirishda dasturamal boʼlib xizmat qilishi lozim.

 

Nodir Xoʼjaqulov, Qashqadaryo viloyati sudlari sudьyalari malaka hay’ati aʼzosi

KORRUPSIYAGА QАRSHI KURАSH: SUD-HUQUQ TIZIMIDАGI ISLOHOTLАR YANGI BOSQICHDА

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 2025-yil 5-mart kuni korrupsiyaga qarshi kurashish boʼyicha muhim yigʼilish boʼlib oʼtdi. Ushbu tadbirda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, huquq va sud tizimidagi korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish masalalari keng muhokama qilinib, tizimli islohotlarning natijalari tahlil qilindi.

Yigʼilishda sud tizimidagi soʼnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar tahlil qilinar ekan, korrupsiyaga qarshi kurashishda sudlarning hal qiluvchi oʼrni borligi yana bir bor taʼkidlandi. Biroq, ushbu sohada hali ham tizimli kamchilik va muammolar mavjudligi qayd etildi.

Xususan, sud qarorlarining ijrosi, sudlar faoliyatining ochiqligi va sud hokimiyatining mustaqilligi kabi masalalar hanuzgacha jamoatchilik orasida turli savollarga sabab boʼlayotgani aytildi. Shu nuqtai nazardan, korrupsiyaviy omillarni butunlay yoʼqotish boʼyicha qatʼiy choralar koʼrilishi belgilab berildi. Eng avvalo, sudyalar faoliyatining mutlaqo mustaqil boʼlishini taʼminlash, har qanday bosim va noqonuniy taʼsir ehtimolini yoʼq qilish, sud jarayonlarida taraflarning huquq va manfaatlari tengligini kafolatlash muhimligi taʼkidlandi. Bularning barchasi jamiyatda qonun ustuvorligi va adolatni taʼminlashga xizmat qilishi lozim.

Raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish – sud-huquq tizimidagi korrupsiyaga qarshi kurashning eng samarali vositalaridan biridir. Sud tizimida elektron hujjat aylanishini keng joriy etish, barcha sud qarorlarini yagona elektron platformada jamlash, sudyalar faoliyati va sud majlislarining monitoringini yuritish orqali korrupsiyaviy omillarni kamaytirish mumkin. Shu bilan birga, korrupsiyaviy jinoyatlar bilan bogʼliq sud ishlarini maxsus monitoring qilish va ularning natijalari yuzasidan ochiq hisobotlar eʼlon qilib borish zarurligi, ushbu chora-tadbirlar korrupsiya xavfini kamaytirish bilan birga sud tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ham yigʼilishda taʼkidlab oʼtildi.

Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va fuqarolarning sud qarorlariga boʼlgan eʼtirozlarini tezkor va qulay shaklda koʼrib chiqish mexanizmini ishlab chiqish boʼyicha yangi tashabbuslar ilgari surildi. Yurtboshimiz sud jarayonlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, sud hokimiyatining xalq oldida hisobdorligini oshirish va korrupsiya xavfini pasaytirish boʼyicha fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash muhimligini qayd etdi.

Shuningdek, korrupsiya bilan bogʼliq sud ishlarini yuritishda yagona yondashuvni shakllantirish, sud qarorlarining shaffofligi va adolatliligini taʼminlash maqsadida xalqaro tajribani oʼrganish va moslashtirish choralari belgilandi.

Yigʼilish yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish boʼyicha tizimli chora-tadbirlar izchil davom ettirilishi, sud-huquq tizimida yanada chuqur islohotlar olib borilishi hamda korrupsiyaga qarshi kurashda huquqiy va institutsional yondashuvlar takomillashtirilishi lozimligi belgilandi.

Xususan, korrupsiyaga oid sud ishlarining natijalari haqida muntazam ochiq hisobot berish, davlat boshqaruvi va sud tizimi faoliyatiga oid barcha maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlash, fuqarolar uchun sud xizmatlarini yanada qulaylashtirish boʼyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Mazkur yigʼilish jarayonida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar sud-huquq tizimidagi islohotlarning chuqurlashishiga, adolat va qonun ustivorligining mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Uzoq muddatli istiqbolda bu yondashuv nafaqat korrupsiyani kamaytirish, balki mustahkam huquqiy davlat barpo etishda muhim oʼrin tutadi.

 

Аhror Gʼopporov, Qashqadaryo viloyat sudlari sudyalarining malaka hayʼati raisi

Korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha masʼul

Har bir jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalariga katta ziyon yetkazadigan, davlatning barqaror rivojlanishiga toʼsqinlik qiladigan muammolardan biri shubhasiz korrupsiyadir. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan izchil ishlar oʼz samaradorligini koʼrsatishi shubhasiz boʼlib, bu har bir sohadagi oʼzgarishlar, jamiyatning har tomonlama rivojlanishida namoyon boʼlmoqda. Bugun korrupsiyaga qarshi kurashishning samarasini oshirish maqsadida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida korrupsiyaning oldini olish boʼyicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʼishlangan kengaytirilgan yigʼilish boʼlib oʼtdi.

Yigʼilishda davlat rahbari korrupsiyaning oldini olish va uning xavflarini kamaytirish boʼyicha amalga oshirilgan ishlar natijalarini tahlil qilish bilan birga kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Muxokama qilingan mavzular orasida korrupsiyaga qarshi kurashishning yanada samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, kadrlarning jamiyatga xizmat qilishga boʼlgan munosabatini oʼzgartirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida aniq natijalarga erishish uchun yangi islohotlarni joriy qilishga alohida eʼtibor qaratildi

Korrupsiya har qanday jamiyatning taraqqiyotiga toʼsiq boʼlishi bilan birga, fuqarolarning davlatga boʼlgan ishonchini zaiflashtiradi. Shu bois Yurtboshimiz korrupsiyaga qarshi kurashish masalasini davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlaridan biri sifatida qayd etib, ayniqsa, sud-huquq tizimini yanada shaffof, adolatli va xalqchil qilish zarurligini alohida taʼkidladi.

Sud tizimiga turli aralashuvlarga yoʼl qoʼymaslik, sudlar mustaqiligini taʼminlash, tizimdagi shaffoflikni oshirish masalasi yigʼilish kun tartibidagi asosiy masalalardan biri boʼldi. Xususan, davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan chiqarilgan noqonuniy qarorlarni bekor qilish holatlari boʼyicha ochiq maʼlumotlar bazasini yuritish, sud qarorlarini ommaga taqdim etish va sud majlislarini onlayn tarzda kuzatish imkoniyatlarini yanada kengaytirish taklif etildi.

Bu tashabbuslar sud tizimiga nisbatan ishonchni oshirib, uning faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qilishi qayd etildi. Shu bilan birga sud qarorlarini muhokama qilish va ularning adolatliligi yuzasidan ochiq hisobotlar eʼlon qilish amaliyotini yoʼlga qoʼyish ham korruptsiyaning oldini olishga yordam beradi.

Korrupsiyaga qarshi kurash faqat jazolash bilan emas, balki profilaktika, shaffof boshqaruv va kuchli institutlar orqali ham olib borilishi zarur. Ushbu jarayonda nafaqat sud organlari, balki butun jamiyat faol ishtirok etishi kerak.

Oʼzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish boʼyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar oʼz samarasini beradi. Shaffoflik, raqamlashtirish, ijtimoiy javobgarlik va qonunchilikni yaxshilash orqali davlat tizimini isloh qilish korrupsiyaning oldini olish va uni kamaytirishga xizmat qilmoqda. Bu harakatlar kelajakda mamlakatning rivojlanishini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Dilfuza Shamsiyeva, Qashqadaryo viloyati sudlari sudyalari malaka hay’ati raisi o’rinbosari

Korrupsiya – bugunning dolzarb masalasidir

Korrupsiya nafaqat davlat va iqtisodiyotga, balki jamiyatning ijtimoiy va madaniy rivojlanishiga, kelajagiga ham katta taʼsir koʼrsatadi. U davlat va jamiyatga nisbatan ishonchni pasaytirib, odamlar orasida tengsizlik, adolatsizlik va tabaqachilikning rivojlanishiga sabab boʼladi.

Korrupsiyaga qarshi samarali kurashish jamiyatning barqarorligini va taraqqiyotini taʼminlaydi. Ushbu masalaga yetarlicha eʼtiborning qaratilishi har bir fuqaro va davlat tashkilotlarining oʼz vazifalarini adolat va shaffoflik bilan bajarishini taʼminlaydi, davlat har sohada rivoj topadi, taraqqiy etadi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida korrupsiyaning oldini olish boʼyicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʼishlangan kengaytirilgan yigʼilish ham mazkur mavzularni oʼz ichiga oldi.

Unda islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda yurtimizda korruptsiyadan xoli muhit yaratish boʼyicha ishlarga baho berib, kelgusi vazifalarni aniq belgilab olish zarurligini taʼkidlandi.

Prezidentimiz yurtimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʼyicha aniq tizim yaratilganligi, alohida qonunlar qabul qilinib, Parlament palatalarida masʼul qoʼmitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʼyicha milliy kengash va agentlik tashkil qilinganligi, eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi oʼrni va taʼsiri ortib borayotgani va quvonarlisi ochiqlik boʼyicha xalqaro reytinglardagi mamlakatimizning oʼrni 138 pogʼonaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-oʼringa koʼtarilganligi qayd etildi

Yigʼilishda davlatimiz rahbari sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish doimo diqqat markazida boʼlishi zarurligini taʼkidladi. Soʼnggi yillarda sudlar mustaqilligini taʼminlash boʼyicha katta islohotlar amalga oshirilganligini eʼtirof etarkan, ayrim idoralar tomonidan sudga taʼsir oʼtkazishga urinishlar hali-hanuz davom etayotganligini aytib oʼtdi.

Shuningdek, sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish, deb baholanishi va bu boʼyicha soʼrov ham, javobgarlik ham qattiq boʼlishini eslatib oʼtdi.

Eʼtirof etish joiz, Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilgan islohotlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muayyan yutuqlarga erishishga imkon berdi. Bu jarayonning kelgusida bosqichi aniq va samarali choralar asosida rivojlanishga yoʼnaltirilgan. Mazkur yigʼilishda aytib oʼtilgan ustuvor vazifalar korrupsiyaga qarshi kurashishda toʼsqinliklarni aniqlash va bartaraf etishda muhim hisoblanadi.

 

Qahramon Boymurodov, Qashqadaryo viloyati sudlari sudyalari malaka hay’ati a’zosi

KORRUPSIYAGА QАRSHI KURАSHISH YANGI BOSQICHDА

Maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2025-yil 5-mart kuni “Korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha milliy kengash” yigʼilishida ishtirok etdi.

Mazkur yigʼilishda Prezidentimiz nutq soʼzlab, unda korruptsiyani jamiyat tanasidagi «saraton» deb atadi va uning mamlakat uchun jiddiy tahdid ekanligini, korruptsiya islohotlar yoʼlidagi eng katta toʼsiqligini, buning oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar koʼrishini, bu global xavf ekanidan dalolat berishini taʼkidladi.

Shuningdek, Prezident korruptsiyaga qarshi kurashishda keng jamoatchilikni faol ishtirok etishga chaqirib, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi rolini oshirish zarurligini bildirdi.

Korruptsiyaga qarshi kurashishda eng dolzarb masalalardan biri boʼlgan davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilish masalasi koʼtarildi. Unga koʼra qonun loyihasi 1 aprelgacha jamoatchilik muhokamasiga qoʼyilishi va parlamentga kiritilishi topshirildi.

Shu bilan birga korruptsiyaning ortiqcha hashamat va dabdaba bilan bogʼliq boʼlishini taʼkidlab, korruptsiyani yengish uchun birinchi navbatda ortiqcha hashamat va dabdaba degan oʼq ildizlarni quritish shartligi aytildi.

Yigʼilishda ayniqsa sudlarga aralashishni qatʼiyan man qilish va sudlar faoliyati doimiy ravishda davlatimiz rahbari nazarida ekani, sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish deb baholanishi, bunday aralashuvlar uchun javobgarlikni kuchaytirish kerakligi taʼkidlab oʼtildi.

Shuningdek, advokatlar oʼrtasidagi faoliyatni toʼsiqsiz amalga oshirish uchun zarur qonunlar ishlab chiqilishi belgilandi.

Prokurorlar va ichki ishlar organlarining sektorlardagi ishtiroki ortiqcha byurokratiyani yaratmasligi lozimligi, har bir hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni roʼyxatga olishda yangi texnologiyalarni joriy etish topshirildi. Bosh prokuratura va ichki ishlar vazirligi oʼz ishlarini yaxshilash va bir-birini nazorat qilish uchun yangi yoʼnalishlarga oʼtishi zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari maʼruzasi soʼngida korruptsiyaga qarshi kurashishda keng jamoatchilikni, sud tizimini va barcha davlat organlarini faol ishtirok etishga chaqirdi.

 

Fozil Yusupov, Qashqadaryo viloyati sudlari sudyalari malaka hay’ati a’zosi

Xizmat koʼrsatish shartnomasining mazmuni va mohiyati hamda shartnomaviy munosabatlardagi qonun talabiga rioya qilishning ahamiyati

Tadbirkorlik faoliyatining asosini shartnoma munosabatlari tashkil qiladi. Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 353-moddasining birinchi qismiga koʼra ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, oʼzgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvi shartnoma deyiladi.

“Xoʼjalik yurituvchi subʼektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respulikasi Qonunining 3-moddasi talabiga koʼra taraflardan biri shartlashilgan muddatda tadbirkorlik faoliyati sohasida tovarlarni berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar koʼrsatish majburiyatini oladigan, ikkinchi taraf esa tovarlarni, ishlarni, xizmatlarni qabul qilib olish va ularning haqini toʼlash majburiyatini oladigan kelishuv xoʼjalik shartnomasi deyiladi.

Odatda shartnomalar maʼlum bir sohada taraflar oʼrtasida vujudga kelgan munosabatlarni tartibga soladi.

Аna shu shartnomalardan biri bu – haq evaziga xizmat koʼrsatish shartnomasi hisoblanadi.

Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 703-moddasiga koʼra haq evaziga xizmat koʼrsatish shartnomasi boʼyicha ijrochi buyurtmachining topshirigʼi bilan ashyoviy shaklda boʼlmagan xizmatni bajarish, buyurtmachi esa bu xizmat uchun haq toʼlash majburiyatini oladi.

Ushbu bobning qoidalari aloqa xizmati, tibbiyot, veterinariya, auditorlik, maslahat, axborot xizmatlari, taʼlim berish, sayyohlik xizmati va boshqa xizmatlar koʼrsatish shartnomalariga tatbiq etiladi. Ushbu Kodeksning 37, 39, 40, 43, 44, 45, 46, 48, 49 va 51-boblarida nazarda tutilgan shartnomalar boʼyicha koʼrsatilgan xizmatlar bundan mustasno.

Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 705-moddasiga koʼra buyurtmachi oʼziga koʼrsatilgan xizmatlar haqini haq evaziga xizmat koʼrsatish shartnomasida koʼrsatilgan muddatlarda va tartibda toʼlashi shart.

Ijrochi oʼzi aybdor boʼlmagani holda xizmatni bajara olmagan taqdirda buyurtmachi ijrochiga uning xarajatlarini toʼlashi shart, bunda ijrochining xizmat (xizmatlar) koʼrsatishdan ozod qilinishi munosabati bilan olgan yoki olishi mumkin boʼlgan foydasi chegirib qolinadi. Buyurtmachining aybi bilan xizmatni bajarish mumkin boʼlmay qolgan taqdirda agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʼlmasa xizmatlar bahosi butunlay toʼlanishi kerak.

Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 706-moddasiga haq evaziga xizmat koʼrsatish shartnomasini buzganlik uchun ijrochining javobgarligi belgilangan boʼlib, unga koʼra ijrochi haq evaziga xizmat koʼrsatish shartnomasini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda u keltirilgan zararni buyurtmachiga batamom toʼlashi shart, lekin bu toʼlov shartnomada nazarda tutilgan xizmatlar bahosining ikki baravaridan ortiq boʼlishi mumkin emas.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish vaqtida ijrochi majburiyatini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda haq evaziga xizmat koʼrsatish shartnomasida ushbu moddaning birinchi qismida koʼrsatilgandan kuchaytirilgan javobgarlik nazarda tutilishi mumkin.

Bundan tashqari Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 707-moddasida haq evaziga xizmat koʼrsatish shartnomasini bekor qilish tartibi belgilangan boʼlib, unga muvofiq buyurtmachi xizmatlarning belgilangan bahosini batamom toʼlash sharti bilan haq evaziga xizmat koʼrsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli, shartnoma ijrochining aybli harakatlari tufayli bekor qilingan hollar bundan mustasno.

Ijrochi shartnoma bekor qilinishi tufayli buyurtmachiga yetkazilgan zararning hammasini toʼlash sharti bilangina haq evaziga xizmat koʼrsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli, shartnoma buyurtmachining aybi bilan bekor qilingan hollar bundan mustasno.

Kundalik hayotda yuridik shaxs, hatto jismoniy shaxslar ham xizmat koʼrsatish shartnomasi tuzish orqali bir-birlari bilan shartnomaviy huquqiy munosabatlarga kirishadilar.

Xususan, bunga tibbiyot, axborot, taʼlim berish, sayyohlik xizmatlari va boshqa shu kabi xizmatlarni misol qilib keltirishimiz mumkin.

Аlbatta, aynan barcha shartnomaviy huquqiy munosatbatlar boʼyicha kelib chiqadigan nizolar sudlar tomonidan mazmunan koʼrib chiqilgan holda hal etiladi.

Xususan, Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 2023 yilda 36 ta, 2024 yilda esa 38 ta xizmat koʼrsatish shartnomasidan kelib chiqqan nizolar bilan bogʼliq ishlar koʼrib chiqilgan.

Bu esa ushbu shartnoma boʼyicha nizolarni soni ortayotganligidan dalolat beradi.

Taʼkidlab oʼtish joizki, koʼpchilik holatlarda shartnoma taraflari shartnomani professional daraja tuzish choralarini koʼrmaydi. Bu esa oʼz-oʼzidan shartnoma taraflari oʼrtasida turli nizolarni kelib chiqishiga sabab boʼladi.

Shu sababli taraflar shartnomalarni imzolashga tayyorlash jarayonida “Xoʼjalik yurituvchi subʼektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʼgʼrisida” Oʼzbekiston Respulikasi Qonunining 21-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda xoʼjalik yurituvchi subʼektlarning yuridik xizmati yoki jalb etilgan advokatlar tomonidan qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan tekshirib koʼrilsa, maqsadga muvofiq boʼladi.

Xulosa qilib aytganda, kundalik hayotda jismoniy va yuridik shaxslar xizmat koʼrsatish yuzasidan shartnomaviy huquqiy munosabatga kirishishi tabiiy. Shartnomalarni professional darajada tuzmaslik, turli nizolarni kelib chiqishiga sabab boʼladi.

Shu sababli shartnoma taraflariga nafaqat haq evaziga xizmat koʼrsatish shartnomasi, balki boshqa shartnomalarni tuzishda ham professional yurist va advokatlar xizmatidan foydalanishi tavsiya etiladi.

 

Zohid Eshmirzaev, Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

Skip to content