Ma’lumki, odam savdosi – qullikning zamonaviy usuli, qul savdosining yangi turidir. Jinoyatchilar birinchi navbatda ayollar va bolalarni majburiy mehnat va jinsiy qullik qopqoniga aldab tushiradi.
Odam savdosi insonlarni huquq va erkinliklardan mahrum qiladi, butun dunyoda uyushgan jinoyatchilikning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Shu jumladan, bu jinoyat shaxslarga xavf tug‘dirish yo‘li bilan qo‘rqitish, jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazish, nomusga tegish, hujjatlarni o‘g‘irlash orqali amalga oshiriladi. Jabrlanuvchilar mehnat ekspluatatsiyasi va jinsiy ekspluatatsiyaga majbur qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasida odam savdosining oldini olish, unga chek qo‘yish borasida turli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Konstitutsiyaning 26-moddasiga ko‘ra hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Odam savdosiga qarshi kurashishning qonuniy tartibga solinishi shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilishda samarali vosita hisoblanadi.
Odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa idoralar bilan hamkorlikda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun 2008 yil 17 aprelda qabul qilindi va rasman e’lon qilindi.
Qonunning maqsadi odam savdosiga qarshi kurashish bilan bog‘liq masalalarni hal etishdan iborat. Shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarining vakolatlari qonunda aniq ko‘rsatilgan. Odam savdosiga qarshi kurashish faoliyatining idoralararo xarakterga ega ekani inobatga olinib, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasini tashkil etish belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasida odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, insonning sha’ni va qadr-qimmati hurmat va e’zozga loyiq.
Insoniy qadriyatlarni toptashga uringan har qanday shaxsga qonun oldida javobgarlik muqarrardir.
Fozil Yusupov, jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudining raisi