Xorijiy mamlakatlar sud qarorlarining tan olinishi va ijroga qaratilishining huquqiy asoslari
Har kimning, shu jumladan, xalqaro iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining sud orqali himoyalanish huquqi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (15, 24, 55, 139-moddalari), qonunchilik hujjatlari, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va tamoyillari hamda xalqaro shartnomalar bilan tan olinadi va kafolatlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasiga ko‘ra Konstitutsiya mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llaniladi.
Shunga ko‘ra iqtisodiy sudlar tomonidan chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirokidagi ishlarni ko‘rishda, shu jumladan chet el davlat sudi yoki arbitraj qarorini tan olish va ijroga qaratish, shuningdek chet davlat sudining topshirig‘ini bajarish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Nyu-York shahrida 1958-yil 10-iyunda imzolangan “Chet el mamlakatlari hakamlik qarorlarini e’tirof etish va ijro etish to‘g‘risida”gi Konvensiya, Kiyev shahrida 1992-yil 20-martda imzolangan “Xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq nizolarni hal etish tartibi to‘g‘risida”gi Bitim, Minsk shahrida 1993-yil 22-yanvarda imzolangan “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy munosabatlar va huquqiy yordam to‘g‘risida”gi Konvensiya, Kishinev shahrida 2002-yil 7-oktabrda imzolangan “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida”gi Konvensiya, Gaaga shahrida 1954-yil 1-martda imzolangan “Fuqarolik protsessi masalalariga doir” Konvensiya, huquqiy yordam berish haqidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillariga amal qilishlari lozim.
Shu ma’noda sudlar nizoli ishlarni ko‘rishda, avvalambor, Konstitutsiya bilan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarining ustuvorligi tan olinganligiga, O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar milliy qonunchilik normalaridan ustun ekanligidan kelib chiqib, odil sudlovni amalga oshirishlari, unga rioya qilmaslik esa muayyan nizoning nafaqat noto‘g‘ri hal qilinishiga va sud hujjatining o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishiga, ayni paytda, bu davlat tomonidan xalqaro shartnomaviy majburiyatlar bajarilmasligiga ham sabab bo‘lishiga alohida ahamiyat berishi kerak. Chunki, sud qarorining qonuniyligi va asosliligi nafaqat milliy qonunchilik, balki xalqaro huquq normasiga muvofiqligi bilan ham belgilanadi.
Iqtisodiy protsessual kodeksning 248-moddasi birinchi qismiga ko‘ra chet davlatlar sudlarining va arbitrajlarining iqtisodiyot sohasida yuzaga keladigan nizolar hamda boshqa ishlar bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari, agar bunday qarorlarni tan olish va ijroga qaratish O‘zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalari hamda qonunchiligida nazarda tutilgan bo‘lsa, ular O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari tomonidan tan olinadi va ijroga qaratiladi.
“Xo‘jalik faoliyati amalga oshirilishi munosabati bilan yuzaga keluvchi nizolarni hal etish tartibi to‘g‘risida”gi Bitim (Kiyev, 1992-yil 20-mart) 7-moddasining birinchi qismiga muvofiq Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchisi bo‘lgan davlatlar vakolatli sudlarning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlarini o‘zaro tan oladi va ijro etadi.
Husan Tursunov, Qashqadaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi












