Sudyalar odob-axloq kodeksi
O‘zbekiston Respublikasi
Sudyalar oliy kengashining
2018 yil 29 yanvardagi
SOKQ-490-III-son Qarori bilan
tasdiqlangan
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini, shuningdek qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli himoya qilishga odil sudlovning mustaqilligini, beg‘arazligini va layoqatliligini taʼminlash orqali erishiladi. Bu har bir sudyaning konstitutsiyaviy normalarga va qonunlarga, «Sudyalarning odob-axloq kodeksi» (bundan buyon matnda Kodeks deb yuritiladi) qoidalariga rioya qilishini, o‘z faoliyatini adolat va xolislik prinsiplariga asoslanib amalga oshirishini nazarda tutadi.
Sudyalarning mustaqilligi, daxlsizligi, ular faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligining davlat tomonidan kafolatlanishi, moddiy va ijtimoiy taʼminot darajalarining yuqori ekanligi odil sudlovga erishish – qonuniy, asoslangan va adolatli sud qarorlari chiqarilishining omillaridir.
Sudyaning Kodeks qoidalariga so‘zsiz rioya qilishi, o‘z xizmat vazifalarini halol va vijdonan bajarishi sudyaning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini hamda umuman sudning nufuzini saqlashda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu Kodeks O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, «Sudlar to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, shuningdek sudyalar odob-axloqini tartibga solib turuvchi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplariga muvofiq ishlab chiqilgan.
I bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Kodeksning predmeti va amal qilish doirasi
Kodeks har bir sudya uchun odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq kasbiy faoliyatida va xizmatdan tashqari vaqtda majburiy bo‘lgan, yuksak odob-axloq talablariga, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari qoidalariga, odil sudlov va sudyalar odob-axloqi sohasidagi xalqaro standartlarga asoslangan xulq-atvor qoidalarini belgilaydi.
Sudyalik maqomi, sudga murojaat qilgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va burchlariga doir masalalar yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qilishga doir sudyalik vakolati muayyan shaxsga berilganligining o‘zi ushbu Kodeksga rioya etish zarurligini taqozo etadi.
O‘zbekiston Respublikasining sudyalari o‘zlari uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalarida belgilangan barcha huquqlarga egadir.
Ushbu Kodeks sudyaning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan huquq va erkinliklarini cheklamaydi.
Sudyaning maqomiga monand tarzda unga nisbatan yuksak odob-axloq talablarini belgilovchi ushbu Kodeksning qoidalari sudyaning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan fuqarolarning huquq va erkinliklarini cheklanishi deb talqin etilmasligi kerak.
Ushbu Kodeks bilan tartibga solinmagan masalalar yuzaga kelgan taqdirda, sudyalar jamiyatda tarkib topgan odob-axloq qoidalariga, shuningdek sudyalar odob-axloqini tartibga soluvchi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplariga amal qiladilar.
2-modda. Sudyaning ushbu Kodeksga rioya etishga doir majburiyati
Sudya odob va axloqning yuqori standartlariga amal qilishi, ushbu Kodeks normalariga so‘zsiz rioya etishi, har qanday vaziyatda haqqoniy bo‘lishi, sud hokimiyatining nufuzini tushiradigan va sudyaning obro‘-eʼtiboriga putur yetkazadigan yoki uning xolisligi, mustaqilligi va beg‘arazligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi shart.
Ushbu Kodeksga rioya etish sudyaning qalb amri, hayotining qoidasi bo‘lishi, jamiyatning sud tizimiga, odil sudlov malakali, mustaqil, xolis va adolatli tarzda amalga oshirilayotganligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga ko‘maklashishi kerak.
Sudya o‘z qasamyodiga sodiq qolishi, shuningdek fahm-farosatlilik, xushmuomalalik, halollik, matonatlilik, ilmga chanqoqlik xislatlariga ega bo‘lib, jamiyatda yuksak sudyalik maqomiga munosib bo‘lishi shart.
Sudya yuksak maʼnaviy-axloqiy saviyaga va malakaga ega bo‘lmasdan sudyalik vakolatlarini amalga oshirishga haqli emasligini doimo yodda tutishi shart.
Sudya fikr erkinligi huquqini amalga oshirishda odil sudlovning obro‘siga putur yetkazmasligi kerak.
Sudya jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishida adolatlilik va xolislikni ko‘rsatib, sansolarlikka yo‘l qo‘ymasligi lozim.
Sudya O‘zbekiston Respublikasida sud O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida, inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda eʼlon qilingan fuqarolarning huquq va erkinliklarini, shuningdek korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud tomonidan himoya qilinishi lozimligini, shuningdek sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini taʼminlashga qaratilganligini doimo yodda tutishi kerak.
3-modda. Sudyaning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati doirasi
Sud ishlarini amalga oshirish sud faoliyatining boshqa turlariga nisbatan ustuvor xususiyatga ega.
Sudya senator, deputat bo‘lishi, siyosiy partiyalarga aʼzo bo‘lishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa biron-bir turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
Sudya sudyalar jamoat birlashmalarida haq to‘lanmaydigan lavozimlarni egallashi mumkin.
Sudya sud ishlari, arizalar, iltimosnomalar va shikoyatlarni ko‘rib chiqish, shuningdek sud amaliyotini o‘rganish va umumlashtirish ishlarida ishtirok etadi.
4-modda. Sudyaning odob-axloqiga doir umumiy talablar
Sudya odil sudlovni amalga oshirishda inson huquq va erkinliklarining sud tomonidan himoya qilinishi sud hokimiyati organlari faoliyatining mazmuni va mohiyati ekanligini unutmasligi lozim.
Sudya har qanday vaziyatda o‘z shaʼni va qadr-qimmatini saqlashi, odob-axloq normalariga rioya etishi, kamtar, xushmuomala bo‘lishi hamda qo‘pollikka yo‘l qo‘ymasligi shart.
Sudyaning faoliyatiga xalqning o‘zi baho berishini sudya doimo yodda tutishi lozim.
Sudya o‘zi, qarindoshlari va boshqa shaxslar uchun biron-bir manfaat, xizmatlar, tijoratga oid yoki boshqa foyda olish maqsadida o‘z maqomidan foydalanmasligi, shaxsiy masalalar yuzasidan turli davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga murojaat qilishda o‘z xizmat mavqeidan foydalanmasligi kerak.
Sudya o‘z vakolatlarini amalga oshirishida unga taʼsir o‘tkazilganligi to‘g‘risida xulosa chiqarishga yo‘l qo‘yadigan hamda sudyaning mustaqilligi va xolisligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan biron-bir harakatlarni sodir etmasligi yoki boshqa shaxslarga shunday harakatlarni sodir etishi uchun imkon yaratib bermasligi zarur.
Sudya sud devoni xodimlari va sud protsessi ishtirokchilari tomonidan qonun hujjatlarining talablari hamda odob-axloq normalari buzilgan hollarda ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rishi shart.
Sudya o‘ziga nisbatan xizmat mavqeini suiisteʼmol qilganligi, ko‘rilayotgan ishning yakunidan g‘arazli yoki o‘zgacha tarzda manfaatdor ekanligi haqidagi oshkora ayblovlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rishi lozim.
Sudya do‘st tanlash va tanish orttirishda ehtiyotkor bo‘lishi, o‘zining shaʼni va sudning obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan aloqalardan o‘zini tiyishi kerak.
II bob. Sudyaning o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishida odob-axloq prinsiplari va qoidalari
5-modda. Sudyaning mustaqilligi
Sudyaning mustaqilligi davlat tomonidan uning faqat qonunga bo‘ysunishi, lavozimga tayinlanish (saylanish) tartibi, uning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bunday aralashuv uchun javobgarlikka tortish orqali kafolatlanadi.
Sudya o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va boshqa qonunlarga so‘zsiz rioya etishi, har qanday tashqi taʼsirlarning oldini olishi, tahdidlar, bosim va g‘ayriqonuniy taʼsir o‘tkazishga, sud jarayoniga bevosita yoki bilvosita aralashishga qarshilik ko‘rsatishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shaʼni, qadr-qimmati va mulkiy manfaatlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashi shart.
Sudya odil sudlovni amalga oshirayotganda sud protsessi barcha ishtirokchilarining protsessual huquqlarini hurmat qilgan holda, har qanday bevosita yoki bilvosita tashqi taʼsirlar, niyatlar, bosim yoki aralashishlardan qatʼi nazar mustaqil harakat qilishi, faqat faktlarni baholashdan kelib chiqishi va ichki ishonchiga asoslanib, qonunga va huquqiy ongiga amal qilishi shart.
Sudya faoliyatining ommaviy muhokama qilinishi, uning nomiga bildirilayotgan tanqidiy fikrlar u chiqaradigan qarorning qonuniyligi va asosliligiga taʼsir etmasligi kerak.
6-modda. Sudyaning xolisligi va beg‘arazligi prinsiplari
Sudyaning xolisligi va beg‘arazligi odil sudlovni tegishli tarzda amalga oshirishning majburiy shartlaridir. Sudyaning sud muhokamasidagi hamda xizmatdan tashqari vaqtdagi xulq-atvori jamiyat va protsess ishtirokchilarining sudyaning va sud hokimiyati organlarining xolisligi va beg‘arazligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga imkon yaratishi zarur.
Sudya ishni xolis ko‘rish maqsadida o‘zining kasbiy majburiyatlarini bajarayotganda har qanday afzalliklar, asossiz ishonch va taxminlardan holi bo‘lishi, o‘zining xolisligiga har qanday shubhalarni bartaraf etishga harakat qilishi lozim.
Sudyaning qonunda nazarda tutilgan asoslarda o‘zini o‘zi rad etishi uning xolisligi va beg‘arazligini taʼminlovchi muhim omildir.
7-modda. Tenglik prinsipi
Adolatli sud muhokamasi va barcha shaxslarga nisbatan teng munosabatda bo‘lish odil sudlovni xolis va beg‘araz amalga oshirishning asosiy shartidir.
Sudya o‘z majburiyatlarini xolislikni namoyon etib, sud protsessining barcha ishtirokchilariga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, bir xil munosabatda bo‘lgan holda bajarishi shart.
Sudya o‘z majburiyatlarini bajarish chog‘ida tenglik prinsipiga amal qilishi, taraflarning har biriga teng imkoniyatlar yaratgan holda xolislik va beg‘arazlikni namoyon etib, ular o‘rtasida muvozanatni saqlab turishi, sud ishlarini yuritishda qatnashayotgan barcha ishtirokchilarga bir xil eʼtibor qaratishi lozim.
Odil sudlovni amalga oshirishda sudya fuqarolar bilan munosabatda xushmuomalalikni namoyon etishi, xalqlarning maʼnaviy urf-odatlari va anʼanalariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, turli xil etnik va ijtimoiy guruhlar hamda dinlarning madaniy va boshqa hususiyatlarini inobatga olishi, millatlararo va dinlararo totuvlikka imkon yaratishi, o‘zining shaʼni yoki sud hokimiyatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan nizoli vaziyatlarga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Sudya taraflarga o‘z protsessual majburiyatlarini bajarishi va o‘zlariga berilgan huquqlarni amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib, ishning oqilona muddatda ko‘rib chiqilishini taʼminlab, o‘z kasbiy majburiyatlarini bajarishda biron-bir tarafni afzal deb qaramasligi, ularni kamsitmasligi, taraflarni eshitmasdan oldindan fikrga ega bo‘lishga yoki sirtdan shunday fikrda turishga yo‘l qo‘ymasligi shart.
8-modda. Sudyaning adolatliligi
Sudya o‘z majburiyatlarini adolatli, tezkor, vijdonan va yuqori professional darajada bajarishi kerak.
Sudya sud majlislarini tashkil etish va o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rishi, sud protsessi ishtirokchilariga o‘z fikr-mulohazalarini erkin ifodalashi uchun teng imkoniyatlar berishi, ishlarni qonunda belgilangan protsessual muddatlarda ko‘rib chiqishi, ishni ko‘rib chiqishni asossiz va surunkali qoldirilishiga yo‘l qo‘ymasligi, qonuniy va adolatli qarorlar chiqarishi hamda ularni manfaatdor shaxslarga o‘z vaqtida yuborilishini taʼminlashi shart.
Sudya adolatli bo‘lishi uchun xalq bilan muloqot qilishi, ularning dardu-tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilishi zarur.
9-modda. Sudyaning halolligi
Halollik sudya o‘z vazifalarini tegishli tarzda bajarishining zarur shartidir.
Sudyaning halolligi o‘z vazifalarini vijdonan bajarishida, rostgo‘yligida, nomaqbul harakatlardan o‘zini tiyishida va benuqson obro‘-eʼtiborga ega bo‘lishida namoyon bo‘ladi.
Sudya o‘z nufuziga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan ommaviy tadbirlar va boshqa jamoat joylarida bo‘lishdan o‘zini tiyishi lozim.
Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga o‘tkazilgan bosim va aralashuvlar to‘g‘risida, shuningdek muayyan harakatlarni bajarganlik yoki bajarmaganlik uchun mukofot taklif qilinganligi haqida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining Sudyalar oliy kengashiga va (yoki) sudyalar malaka hayʼatiga xabar qilishi lozim.
10-modda. Sudyaning layoqatliligi
Sudya o‘z majburiyatlarini vijdonan, yuqori professional darajada bajarishi, ish o‘z vaqtida va malakali ko‘rib chiqilishi uchun barcha choralarni ko‘rishi, shuningdek taraflarni yarashtirishga, nizoni tinch yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashishi lozim.
Sudya o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarishi uchun o‘z malakasi va kasbiy bilimlarini muntazam oshirib borishi, amaliy ko‘nikmalarini va shaxsiy fazilatlarini takomillashtirib borishi shart. Shu maqsadlarda sudya mustaqil taʼlim olish imkoniyatlaridan foydalanishi va muntazam ravishda davlat malaka oshirish tizimida qayta tayyorgarlikdan o‘tishi kerak.
Tajribali sudyalar “ustoz-shogird” anʼanalariga tayangan holda o‘z tajriba va bilimlarini ilk bor tayinlangan sudyalarga o‘rgatishlari shart.
11-modda. Hamkasblar va qo‘l ostidagi xodimlar bilan o‘zaro munosabatlar
Sudya hamkasblari va sudning boshqa xodimlariga nisbatan xushmuomala va vazmin bo‘lishi, tanqidga toqatli bo‘lishi, o‘zi to‘g‘risidagi tanqidiy fikrlar uchun bevosita yoki bilvosita taʼqib qilishga yo‘l qo‘ymasligi, boshqa sudyaning ish yurituvidagi ishlarni ko‘rib chiqilishiga aralashmasligi lozim.
Sudya sud yordamchisidan va sud apparatining boshqa xodimlaridan mansab yo‘riqnomalari qoidalariga rioya etishni, yuqori professional darajada bo‘lishini, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli taqiqlar va cheklovlarga rioya etishini, majburiyatlar bajarilishini talab qilishi shart.
Sud raislari birinchi navbatda sud rahbarlarining fidoyiligi, vatanparvarligi, sadoqati, kasbiy mahorati, mehnatsevarligi va yuqori darajadagi masʼuliyati sudning samarali faoliyati garovi ekanligini esda tutishlari zarur.
Sud raisi (hayʼat raisi) tashkiliy-maʼmuriy vakolatlarini amalga oshirishda sudyalarning mustaqilligini cheklovchi xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yishga, ularga bosim o‘tkazishga, shuningdek sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga taʼsir ko‘rsatish maqsadida maʼmuriy taʼsirning boshqa usullaridan foydalanishga haqli emas.
Sudlarning raislari boshqa sudyalar o‘z majburiyatlarini samarali bajarishlarini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishlari, sud xodimlarini lavozimlarga shaffof tanlov asosida tayinlashlari, bunda urug‘-aymoqchilik, mahalliychilik va rahnamolikdan o‘zlarini tiyishlari shart.
Sud raislari sudyalar va sud apparati xodimlarining ishga bo‘lgan munosabatini doimiy ravishda tahlil qilib borishlari hamda ular egallab turgan lavozimiga munosib bo‘lmagan taqdirda tegishli choralar ko‘rishlari shart.Sud raislari sudyalar va sud apparati xodimlari o‘rtasida vazifalarni adolatli taqsimlanishini belgilangan tartibda taʼminlashlari shart.
Rahnamolikka (asossiz rag‘batlantirish va lavozimini oshirishga), shuningdek beparvolikka (faoliyatdagi kamchiliklari uchun chora ko‘rmaslikka, noqonuniy harakatlariga eʼtibor bermaslikka) yo‘l qo‘yilishi mumkin emas.Sud raisi, sudya sudyalik lavozimlariga nomzodlarga fikrnoma, tavsifnoma (tavsiyanoma) tuzishga masʼuliyat bilan yondashishi, xolis va beg‘araz bo‘lishi, sudyalik lavozimiga nomzodda bo‘lmagan shaxsiy, kasbiy, maʼnaviy va boshqa fazilatlarini tavsifnomada qayd etgan holda Sudyalar oliy kengashiga va malaka hayʼatiga taqdim etmasligi shart.
Sudya o‘z fikrini erkin ifoda etish va ommaviy munozaralarda, shu jumladan sud faoliyati samaradorligi masalalariga oid munozaralarda ishtirok etish, o‘zi yoki hamkasblari tomonidan qabul qilingan sud qarorlarining huquqiy asoslarini tushuntirish huquqiga ega. Bunda sudya o‘z tushuntirishlarida vazmin va ehtiyotkor bo‘lishi, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga nisbatan xolis bo‘lishi va sud hokimiyatiga sadoqatini saqlashi lozim.
III bob. Sudyaning xizmatdan tashqari vaqtdagi odob-axloq qoidalari
12-modda. Faoliyatni xizmatdan tashqari vaqtda amalga oshirish bilan bog‘liq cheklovlar
Sudya xizmatdan tashqari vaqtda qonunda belgilangan cheklovlar doirasidan chetga chiqadigan hamda sudning obro‘siga, shuningdek sudyaning xolisligi, mustaqilligi va beg‘arazligiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanmasligi lozim.
Sudya zo‘ravonlik, shafqatsizlik, millatchilik ruhidagi, shuningdek siyosiy va diniy mazmunga ega mitinglar, yig‘ilishlar, namoyishlar shaklidagi ommaviy tadbirlarda ishtirok etmasligi kerak.
Oila aʼzolari, yaqin qarindoshlari tomonidan jinoyat sodir etilganligi fakti to‘g‘risida sudya darhol belgilangan tartibda Sudyalar oliy kengashining Sudyalar daxlsizligini taʼminlash bo‘yicha sud inspeksiyasi (bundan buyon matnda Sud inspeksiyasi deb yuritiladi)ga to‘g‘ri axborot taqdim etishi lozim.
Sudya o‘zining voyaga yetmagan farzandlarini boqish, tarbiya qilish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi, ota-onasiga va boshqa mehnatga layoqatsiz oila aʼzolariga g‘amxo‘rlik qilishi lozim.
Sudya sud resurslaridan shaxsiy maqsadda foydalanmasligi va xodimlarga shaxsiy ishlari bo‘yicha topshiriqlar bermasligi kerak.Muayyan ish hal qilinayotganda sudya biron-bir kishiga maslahat berishga va o‘z fikrini bildirishga haqli emas.
13-modda. Xo‘jalik faoliyatida ishtirok etish
Sudya shaxsan o‘zi yoki ishonchli shaxslar orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, shu jumladan tijorat tashkilotini boshqarishda ishtirok etish huquqiga ega emas.
Tijorat tashkilotlarining ustav fondlaridagi ulush, shuningdek tijorat tashkilotlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini beradigan qimmatli qog‘ozlar hadya qilingan yoki meros bo‘yicha olingan hollarda, sudya bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga xabar berishi va ularni boshqarishni darhol boshqalarga topshirish bo‘yicha choralar ko‘rishi zarur.
Sudya o‘zi, turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlari olayotgan daromadlari hamda ularning manbalari to‘g‘risidagi, mulk huquqi va ashyoviy huquq asosida egaligida bo‘lgan mol-mulki, shuningdek mulkiy xususiyatga ega majburiyatlari haqidagi axborotdan xabardor bo‘lishi hamda bu haqdagi axborotni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga belgilangan tartibda taqdim etishi shart.
Sudya har qanday tashkilot foydasiga mablag‘lar yig‘ishda ishtirok etmasligi, biron-bir shaxsni mablag‘lar yig‘ishda ishtirok etishga daʼvat qilmasligi, shuningdek mazkur maqsadlar uchun sudyalik obro‘sidan foydalanmasligi yoki boshqa shaxslar va oila aʼzolarining foydalanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
14-modda. Ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro munosabatlar
Sud faoliyatining samaradorligi jamiyatning unga bo‘lgan ishonchiga va sud tomonidan qabul qilingan qarorlarning huquqiy asoslarini to‘g‘ri tushunishiga bog‘liq.
Jamiyatni sud faoliyati to‘g‘risida xolis, ishonchli va tezkor xabardor qilish maqsadida sudya ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlik qilishi hamda sud ishlarini ommaviy axborot vositalarida professional darajada yoritishga ko‘mak berishi zarur, chunki bu nafaqat fuqarolarning huquqiy ongini shakllantirishga va sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, odil sudlov nufuzini oshirishga, balki ommaviy axborot vositalariga ham muhim ijtimoiy vazifaning bajarilishiga, yaʼni fuqarolarni barcha ijtimoiy jihatdan ahamiyatli voqealardan xabardor etishga xizmat qiladi.
Sudning ish yurituvida bo‘lgan ishlar bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari qonuniy kuchga kirgunga qadar sudya ular yuzasidan ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga haqli emas.
Agar ommaviy axborot vositalarida sudyaning faoliyati to‘g‘risidagi maʼlumotlar tarqalishi natijasida sudlar va sudyalar faoliyati haqida noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarining bunday chiqishlariga nisbatan sudya qonun hujjatlarida nazarda tutilgan usullarda munosabat bildirish huquqiga ega.
Himoyalanishning boshqacha usullari bo‘lmagan taqdirda, sudya o‘z shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki tanqidga omma oldida javob berish uchun ommaviy axborot vositalariga murojaat qilishga haqli.
Sudya ommaviy tanqidga javob berayotganida vazmin va ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Basharti, agar ommaviy axborot vositalarida sudya faoliyatining asossiz tanqid qilinishi oqibatida odil sudlovning obro‘siga va xolisligiga putur yetishi mumkin bo‘lsa, bunday tanqidga javoban Sudyalar oliy kengashiga murojaat etish maqsadga muvofiqdir.
Sudya ijtimoiy tarmoqlarda, internet-forumlarda va internet tarmog‘idagi boshqa shakldagi muloqotlarda ishtirok etishi mumkin, biroq u sud hokimiyatining, davlat organlarining nufuziga, boshqa shaxslarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan axborotni tarqatmasligi lozim.
15-modda. Davlat hokimiyati, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik
Sudya o‘z faoliyatida qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek boshqa jamoat tashkilotlari bilan huquq, qonunchilik, sud tizimi, sud amaliyoti masalalari bo‘yicha o‘z ixtisosligi sohasidagi shaxsiy tajribasi va bilimlariga asoslangan o‘z nuqtai-nazarini bildirish orqali hamkorlik qiladi. Bunda u mansabdor shaxslar tomonidan unga biron-bir taʼsir ko‘rsatilishiga, shuningdek uning xolisligi, mustaqilligi va beg‘arazligiga shubhalar tug‘ilishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.Sudya davlat organlari faoliyatini omma oldida tanqid qilish, fikr-mulohaza bildirish va baholashdan o‘zini tiyishi zarur.
Agar davlat organlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tuzilgan qo‘mita va komissiyalar ishidagi ishtiroki sudyaning kasbiy majburiyatlarini bajarishga to‘sqinlik qilsa, jamiyatning sud hokimiyati obro‘siga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazsa yoki odil sudlovning xolisligi, mustaqilligi va beg‘arazligiga shubha tug‘dirsa, sudya ular faoliyatida ishtirok etmasligi lozim.
16-modda. Sud protsessi ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatlar
Sud protsessi ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatlarda sudya uning xolisligi, mustaqilligi va beg‘arazligini shubha ostiga qo‘yishi, shuningdek biron-bir tarafni afzal deb qarashi, taraflarni eshitmasdan oldindan fikrga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaziyatlardan qochishi lozim.
Sudya protsessual bo‘lmagan aloqalarni, yaʼni muayyan sud ishi bo‘yicha ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ularning vakillari, prokuror, advokat, boshqa manfaatdor shaxslar bilan protsessual va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan har qanday muloqotni, agar ushbu harakatlar sudyaning xolisligi va beg‘arazligiga asosli ravishda shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lsa, istisno etishi lozim.
Sudya o‘z majburiyatlarini bajarishi chog‘ida olingan axborotni oshkor etishga haqli emas. Sudya o‘z xizmat mavqei munosabati bilan o‘ziga maʼlum bo‘lib qolgan sir tutiladigan axborotdan sudyalik majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadda foydalanishi va (yoki) uni biror kishiga oshkor qilishi mumkin emas.
17-modda. Turmushda odob-axloq meʼyorlariga rioya etish
Turmushda odob-axloq meʼyorlariga rioya etish sudya odob-axloqining ajralmas qismidir.
Sudya o‘z majburiyatlarini bajarish chog‘ida o‘z diniy eʼtiqodlari va mansubligini namoyish qilishdan o‘zini tiyishi lozim.
Vijdon erkinligi huquqini amalga oshirishda sudning obro‘siga putur yetmasligi uchun sudya barcha hollarda vazmin va bosiq bo‘lishi kerak.
Sudya o‘zining tashqi ko‘rinishi, kamtarligi va sipoligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim.
Sudya eʼtiborni haddan tashqari jalb etadigan darajada kiyinmasligi, taqinchoqlar va boshqa bezaklar taqmasligi kerak.
Sudya o‘z oila aʼzolarining sudyalar odob-axloq normalariga rioya etishini nazorat qilishi, biron-bir shaxsga nisbatan sudyaning obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan qo‘pol muomalada bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.
Sudya o‘z oila aʼzolari, qarindoshlari va boshqa shaxslar tomonidan uning odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlariga, shuningdek sud hujjatlarini qabul qilishiga taʼsir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Sudya advokatlik va boshqa huquqiy amaliyot bilan shug‘ullanishga, yuridik xizmatlar ko‘rsatishga haqli emas.
18-modda. Ilmiy, pedagogik va boshqa faoliyatni amalga oshirish xususiyatlari
Sudya, agar bu O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid bo‘lmasa va odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmasa, ilmiy, pedagogik, ijodiy va ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin.
IV bob. Yakuniy qoidalar
19-modda. Ushbu Kodeksga rioya etilishi ustidan nazorat qilish
Sud inspeksiyasi va tegishli sudyalar malaka hayʼatlari ushbu Kodeks qoidalari buzilishining oldini olish yuzasidan choralar ko‘radi va ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Sud inspeksiyasi ushbu Kodeksning buzilishiga yo‘l qo‘ygan sudyaga nisbatan tegishli choralar qo‘llash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga takliflar kiritadi.
20-modda. Ushbu Kodeks qoidalari buzilganligi haqida xabar berish
O‘z hamkasbining ushbu Kodeks qoidalarini buzganligidan xabar topgan har bir sudya unga Kodeks qoidalarini eslatib qo‘yishi va bunday xulq-atvorga chek qo‘yishi haqida ogohlantirishi kerak. Zarur bo‘lganda ushbu Kodeks qoidalarining buzilganligi fakti yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga yoki tegishli sudyalar malaka hayʼatiga murojaat qilishi lozim.
21-modda. Ushbu Kodeks qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Ushbu Kodeks qoidalarining buzilishi sud hokimiyati obro‘siga putur yetkazgan va (yoki) sudya nomiga dog‘ tushirgan bo‘lsa, bu holat sudyani belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Барча ҳуқуқлар ҳимояланган 2024 | Qashqadaryo viloyat sudi