QONUN USTUVOR – JAZO MUQARRAR (qo‘shimcha jazo qo‘llash amaliyoti)
Ma’lumki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizm va tartiblari joriy etilib, davlat organlarining jamoatchilik tuzilmalari bilan o‘zaro maqsadli hamkorligi yo‘lga qo‘yildi.
Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, ichki ishlar organlarining eng quyi bo‘g‘inidan respublika darajasigacha samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish va zamonaviy ish uslublarini joriy etish orqali mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlash, aholining tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash maqsadida 2021 yil 26 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Keyinchalik, ushbu farmonga muvofiq, shuningdek mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada rivojlantirish hamda ushbu sohadagi davlat siyosatining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash maqsadida 2021 yil 29 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib, jamoat xavfsizligini ta’minlashdagi ilg‘or xorijiy va milliy tajribalar asosida ishlab chiqilgan hamda aholini har qanday tahdidlardan kafolatli himoya qilishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 16-maqsadi ham, aynan jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratishdan iboratdir.
«O‘zbekiston — 2030» strategiyasida ham adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash asosiy g‘oyalardan biri deb e’tirof qilingan.
Zero, fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Biroq, so‘nggi vaqtlarda sodir etilayotgan jinoyatlar, ayniqsa o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan mansab mavqeini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlar ortib borayotganligi barchamizni sergak tortishga undaydi.
Ma’lumki, qo‘shimcha jazo choralarining yangi jinoyatlar sodir etilishi oldini olishda katta ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, sudlarga hukm chiqarish paytida asosiy jazo bilan birga tegishli qo‘shimcha jazo qo‘llash masalasini ham muhokama qilish tavsiya qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi JKning 45-moddasida ko‘rsatilgan muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi bu – sud tayinlagan muddat davomida aybdorning korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarda u yoki bu mansabni egallashini yoxud u yoki bu faoliyat bilan shug‘ullanishini taqiqlashdan iboratdir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning o‘tgan 11 oyi davomida birgina Qashqadaryo viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan jazo tayinlab hukm chiqarilgan 4721 shaxsning 1095 nafari yoki 23,2 foizisha asosiy jazo bilan birga qo‘shimcha jazolar ham tayinlangan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi bilan sudlangan 264 nafar, 168-moddasi bilan sudlangan 84 nafar, 209-moddasi bilan sudlangan 163 nafar, 228-moddasi bilan sudlangan 171 nafar, 266-moddasi bilan sudlangan 211 nafar shaxslarga nisbatan asosiy jazolar bilan birgalikda, moddiy javobgarlik va mansabdorlik vazifalarida ishlamaslik hamda barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish kabi qo‘shimcha jazolar tayinlangan.
Jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga to‘sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida qo‘llanilishi e’tiborga olinsa, qo‘shimcha jazo choralarini tayinlash ham bu boradagi maqsadga erishish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi murakkab zamonning o‘zi voqelikka ochiq ko‘z bilan, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, hushyor qarashni, jahonda va yon-atrofimizda tobora kuchayib borayotgan ma’naviy tahdid va xatarlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli saboqlar chiqarib yashashni talab etmoqda.
Tinch va osoyishta hayot xalqlarning eng ezgu orzusi. Yaratgandan so‘ragan eng kerakli tilagidir. Lekin bir narsani unutmaslik kerak: ko‘rib turibmiz, dunyoning hamma yeriga ham bu ulug‘ ne’mat birdek nasib etmagan. Demak, bu ne’matning shukrini qilishimiz, qadriga yetishimiz zarur.
Aynan tinchlik-osoyishtalik hukm surgan joyda, yuksalish va taraqqiyot bo‘ladi, yurt gullab-yashnaydi, fuqarolarning turmushi farovonlashadi. Shu sababli har birimiz tinchlik-osoyishtalikka o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmasligini to‘g‘ri anglashimiz, bu yutuqlar o‘z-o‘zidan yaratilmagani, xalqimiz sabr-bardosh, ishonch, hamjihat-hamfikrlikda yashash, tinchlik-osoyishtalikni asrash, bag‘rikenglik, mehr-oqibat ko‘rsatish orqali erishilganini yosh avlodga tushuntirishmiz lozim.
Bu esa, jinoyat va huquqbuzarliklar soni kamayishiga, odamlarda huquqiy ong, huquqiy madaniyat oshishiga, bevosita xalq manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, uning turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bunga majburiyat deb emas, aksincha kundalik faoliyat va hayot tarzi sifatida qarash talab qilinadi.
Shahzod Baxtiyorov, Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi