OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA RAQAMLI DALILLAR BILAN ISHLASH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH: YANGI QONUN HUJJATLARIDAGI OʻZGARISHLAR VA ULARNING AHAMIYATI

Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi huquqiy tizimning ham mos ravishda takomillashtirilishini talab etadi. Oʻzbekiston Respublikasi raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirish maqsadida bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritdi. Ushbu maqolada mazkur oʻzgarishlar, ularning ahamiyati va raqamli dalillar bilan bogʻliq huquqiy jarayonlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar yoritiladi.

2024-yil 21-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan Jinoyat-prosessual kodeksi, Fuqarolik-prosessual kodeksi, Iqtisodiy prosessual kodeks, Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks va Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga raqamli dalillar tushunchasi hamda ular bilan ishlash tartibini belgilovchi normalar kiritildi.

Ushbu qonun bilan raqamli dalillarni toʻplash, taqdim etish, mustahkamlash, koʻzdan kechirish, tekshirish va baholash, saqlash, qaytarish hamda yoʻq qilish tartibi belgilandi. Xususan, jinoyat ishi doirasida guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar elektron ma’lumotlarni elektron jismdan boshqa elektron jismga koʻchirish orqali taqdim etish huquqiga ega boʻldi.

Shuningdek, raqamli dalillarning koʻchirma nusxalarini mas’ul shaxslarga yoki sudga qogʻozda chop etilgan shaklda taqdim etish imkoniyati yaratildi. Biroq, bunday qogʻozdagi shakl yozma dalil deb hisoblanmaydi. Raqamli dalildan koʻchirma nusxa olishga, uning yaxlitligi va aynan oʻxshashligi saqlangan holda yoʻl qoʻyiladi. Bu esa raqamli dalilning asl nusxasining mavjudligini ta’minlaydi.

Raqamli dalillar zamonaviy huquqiy amaliyotda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ular elektron shaklda saqlangan ma’lumotlar boʻlib, sud ishlarida yoki boshqa huquqiy jarayonlarda dalil sifatida qoʻllanilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining yangi qonun hujjatlarida raqamli dalillar quyidagi jihatlar boʻyicha tartibga solindi:

– ularning huquqiy maqomi va ishonchliligi aniqlashtirildi;

– raqamli dalillarni olish, qayta ishlash va sudga taqdim etish tartibi belgilandi;

– dalillarning yaxlitligi va ishonchliligini ta’minlash uchun texnik vositalardan foydalanish qoidalari aniqlandi.

Yangi qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi:

– jinoyat-prosessual kodeksiga raqamli dalillarni sud tomonidan qabul qilish shartlari belgilab berildi;

– fuqarolik-prosessual va Iqtisodiy prosessual kodekslarida elektron ma’lumotlarni dalil sifatida koʻrib chiqish tartibi aniqlandi;

– raqamli dalillar bilan bogʻliq jarayonlarni nazorat qilish va ularning ishonchliligini ta’minlash boʻyicha maxsus ekspertiza tizimi joriy etildi.

Raqamli dalillarning ishonchliligini ta’minlash muhim huquqiy masalalardan biri hisoblanadi. Ushbu maqsadda quyidagi tamoyillar joriy etildi:

– dalillarning haqiqiyligini tasdiqlash uchun kriptografik usullardan foydalanish;

– elektron dalillarni saqlash va uzatish jarayonlarida kiberxavfsizlik choralari koʻrish;

– dalillar bilan ishlashda maxsus mutaxassislarning ishtirokini ta’minlash.

Yangi qonunchilikka muvofiq raqamli dalillar sud tomonidan quyidagi shartlar asosida qabul qilinadi:

– dalillarning manbasi va ularning haqiqiyligi tasdiqlangan boʻlishi kerak;

– elektron ma’lumotlar qogʻoz shaklda yoki rasmiy elektron hujjat sifatida taqdim etilishi mumkin;

– dalillarning oʻzgartirilmaganligi ishonchli texnik vositalar yordamida tekshirilishi lozim.

Kiritilgan oʻzgarishlar raqamli dalillarning ishonchliligini oshirishga yordam beradi, bu esa sud jarayonlarini tezlashtiradi va ishonchli qarorlar qabul qilish imkoniyatini beradi.

Oʻzbekiston Respublikasida raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun hujjatlaridagi oʻzgarishlar huquqiy jarayonlarning zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashuviga xizmat qiladi. Ushbu oʻzgarishlar sud ishlarining yanada adolatli va shaffof boʻlishini ta’minlab, fuqarolar va tashkilotlarning huquqiy manfaatlarini ishonchli himoya qilish imkonini yaratadi. Kelgusida raqamli dalillar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro tajribalarni qoʻllash masalalari dolzarb boʻlib qolmoqda.

 

Ruslan Zayirov, Qashqadaryo viloyat sudining sudyasi

Sog‘liqqa qarshi jinoyatlar

Konstitutsiyamizning 27-moddasiga ko‘ra, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.

Agar boshqa shaxsning shaxsiy daxlsizligi buzilib, uning sog‘ligi va hayotiga xavf soladigan tajovuzlar qilinsa va shikast yetkazilsa, Jinoyat kodeksining 104-111-moddalarida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlik vujudga keladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 109, 105 va 104-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlar qasddan sodir qilinadigan jinoyatlar toifasiga kirib, badanga yetkazilgan tan jarohatining og‘irlik darajasiga ko‘ra bir-biridan farqlanadi.

Sog‘liqning qisqa vaqt, ya’ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga shikast yetkazganlik uchun Jinoyat kodeksi 109-moddasida, sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo‘lmagan va Jinoyat kodeksining 104-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga olib kelmagan, lekin sog‘liqning uzoq vaqt, ya’ni kamida yigirma bir kun, ammo to‘rt oydan ko‘p bo‘lmagan davrda yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining o‘n foizdan o‘ttiz uch foizigacha yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazganlik uchun Jinoyat kodeksi 105-moddasi 1-qismida javobgarlik choralari belgilangan bo‘lib, agar mazkur jinoyatlarni birinchi marta sodir qilgan shaxs yetkazilgan zararlarni qoplasa va jabrlanuvchi yarashish istagini bildirsa jinoyat ishi yarashganlik munosabati bilan tugatilishi mumkin.

Jinoyat kodeksi 104-moddasida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish natijasida ko‘rish, so‘zlash, eshitish qobiliyatining yo‘qolishi, biror bir a’zoning ishdan chiqishi, ruhiy holatning buzilishi, mehnat qobiliyatining salmoqli qismi yo‘qolishi, homilaning tushishi, badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishi kabi og‘ir oqibatlar kelib chiqsa, uch yildan boshlab o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin.

 

Orzimurod Shukurov, Qashqadaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi      

Skip to content