Sud tizimidagi islohotlar
Davlatimiz rahbari “Sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozim. Yangi O‘zbekistonda har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak. Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanadi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, sud tizimidagi islohotlarimizni albatta davom ettiramiz”, deb ta’kidlagan.
Darhaqiqat, mustaqil sud tizimi adolatli jamiyatning asosiy ustuni hisoblanadi. Iqtisodiyotning rivojlanishi, ayniqsa, unga kiritiladigan investitsiyalar sud tizimiga bevosita bog‘liq. Sud odil sudlovning oliy nuqtasi, shu sababli uning rolini oshirish esa huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi qonuniy jarayon hisoblanadi, aynan shunday yondashuv tufayli sud-huquq tizimida so‘nggi yillar mobaynida amalga oshirilgan islohotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ushbu davrni hech ikkilanmasdan sud-huquq tizimini isloh etishning yangi davri deb atash mumkin, boisi ushbu davrda sud-huquq tizimini liberallashtirish, sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish, sud himoyasini ta’minlashda ortiqcha byurokratik to‘siqlar va tizimda mavjud bir qator kamchiliklarni bartaraf etish, sohani isloh etish, ma’muriy qonunchiligida insonparvarlik tamoyillarini kuchaytirishga yo‘naltirilgan ishlarning ko‘lami va miqyosi nihoyatda kengayib, yangi bosqichlarga ko‘tarilib, dadil qadamlar tashlandi.
Xususan, islohotlar samarasi o‘laroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4966-sonli Farmoni asosida ma’muriy sudlar tashkil etilib, ular zimmasiga davlat organlari va mansabdor shaxslarning qarorlari va xatti-harakatlariga huquqiy baho berishdek g‘oyatda muhim hamda mas’uliyatli vazifa yuklangandi.
Keyinchalik ma’muriy sudlar faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-sonli Farmoni bilan takomillashtirilib, tuman (shahar) ma’muriy sudlari negizida ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etildi. Bunda asosiy e’tibor nafaqat sudlarga bo‘lgan tashqi ta’sir va aralashuvlarni bartaraf etish, balki mazkur toifadagi ishlarning hajmidan kelib chiqib butun respublika bo‘yicha sudyalar o‘rtasida adolatli ish hajmini taqsimlashga ham qaratildi.
Bundan tashqari jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida Prezidentimizning 2022-yil
28-yanvar kungi PF-60-sonli Farmonlari bilan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi.
Mazkur Farmonda qayd etilganidek, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish, milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish, mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish nazarda tutildi. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bu kabi islohotlar kelgusida inson, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari muhofazasini kuchaytirish, ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Zohid Eshmirzayev, Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudi raisi