Halol rizq – barakali turmush va xotirjam hayotning kafolatidir!
Otamning so‘zlariga ko‘ra, yigit kishi bir kun voyaga yetib, qo‘lidan ish kelib, rizq talabida ostonasidan chiqadi. Shunda oldida ikki yo‘l paydo bo‘ladi: o‘zi va oilasi uchun sabr bilan halol rizq xaridori bo‘lishi yoki ko‘proq daromad ilinjida harom yo‘lni tanlab, birovlarning haqiga tajovuz qilish.
Ilm o‘rganish, hunar o‘rganish, biror kasbni egallashdan maqsad, avvalo, rizqdir. O‘z kasb-koriga halollik bilan yondashish kishining el-yurt orasida hurmatini ziyoda qilib, yosh-qarining duosini olishiga, ularning mehrini qozonishiga sababchi bo‘ladi. Biroq, kimki nopoklikni va harom yo‘l bilan rizq topishni odat qilsa, aniqki, halovatini yo‘qotib, xalqning nafratiga duchor bo‘ladi.
Jamiyatda har kimning o‘z huquqlari bilan birga, burchi va mas’uliyati ham bor. Shifokor bemorning salomatligi uchun, o‘qituvchi talabaning sabog‘i uchun, dehqon ziroati uchun mas’ul bo‘lsa, sudlar adolat uchun mas’uldir. Mas’uliyat turli ko‘rinishda bo‘lsa ham mazmun-mohiyati bir xil: hammaning maqsadi o‘z el-yurtiga fidokorona va sadoqatli xizmat qilish, vatanining siyosiy va iqtisodiy barqarorligi yo‘lida sa’y-harakat qilishi lozim.
Jumladan sud xodimlari ham Vatanimiz oldidagi o‘z majburiyatlarimizni bajarish yo‘lida xalqimizning sudlarga bo‘lgan ishonchini oshirish, mamlakatimizda qonun ustuvorligini taminlash uchun bor kuch-g‘ayratimizni yo‘naltirishimiz, yurtimiz ozod va obod holda ravnaq topishi uchun munosib hissamizni qo‘shmog‘imiz shart.
Bu sharafli yo‘lda sadoqatimizni, o‘z kasbimizga bo‘lgan muhabbatimizni, buyuk xalqimizning yuksak ishonchini qozonishga bo‘lgan ishtiyoqimizni ko‘rsata olishimiz lozim.
Shuningdek, har birimiz uchun halollik, o‘z kasbiga vijdonan yondashish, zimmamizga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarish ustuvor vazifa bo‘lishi kerak. Zero, halol mehnat sohiblarining doimo topganida baraka bo‘lib, xotirjamlikda hayot kechiradi.
Adham Abdiyev, Jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tuman sudining sudya yordamchisi