Ekologiya va huquq – barqaror kelajak
Insoniyat tarixida tabiat va atrof-muhit har doim hayot manbai hisoblangan. Havo, suv, yer va o‘simlik hamda hayvonot dunyosi inson uchun nafaqat moddiy ehtiyojlarni qondirish vositasi, balki boylik manbai hamdir. Shuning uchun tabiatni asrab-avaylash va uni sof holda keyingi avlodga yetkazish har bir insonning muqaddas burchi hisoblanadi.
Bugungi global taraqqiyot va jadal industriallashuv jarayonida inson hayoti tabiat bilan tobora mustahkam bog‘lanib bormoqda. Atrof-muhitning tozaligi, tabiiy resurslarning asrab-avaylanishi va ekotizim barqarorligi jamiyatning barqaror rivojlanishi va kelajak avlod farovonligining garovidir. Shu bois ekologiya sohasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka yo‘l qo‘ymaslik, ularning oldini olish hamda javobgarlik mexanizmlarini kuchaytirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.
Azaldan inson va jamiyat hayoti tabiat bilan uzviy bog‘liq. Atrof-muhitning sog‘lom va barqaror bo‘lishi nafaqat inson salomatligi, balki iqtisodiy taraqqiyot va kelajak avlodlar hayotining farovonligi uchun ham muhimdir. Shu sababli ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida qonunbuzarliklar hamda jinoyatchilikning oldini olish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 14-bobida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun tayinlanadigan jazo choralari, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 8-bobida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun belgilanadigan ma’muriy javobgarliklar ko‘rsatib o‘tilgan.
Ekologiya sohasidagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar jamiyat va tabiat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Shu sabab ekologiya sohasidagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni kamaytirish va oldini olish uchun qonunchilikni yanada takomillashtirish, ekologik qonunbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirish, javobgarlik turlarini aniqlash va ularning samaradorligini ta’minlash, nazorat va monitoring tizimini kuchaytirish, tabiatni muhofaza qiluvchi sohalar faoliyatini kengaytirish va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida atrof-muhitni asrash bo‘yicha monitoring tashkil etish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim bo‘ladi.
Shuningdek, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish, maktab va oliy ta’lim muassasalarida ekologiya fanini keng targ‘ib qilish, fuqarolar va jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarni ekologik nazoratga jalb qilish, ekologik aksiya va tadbirlarni samarali tashkil etish, huquqbuzarlarga nisbatan iqtisodiy choralar qo‘llash, tabiatga jiddiy zarar yetkazuvchi va atrf-muhitni ifloslantiruvchi korxonalarga nisbatan jiddiy choralar qo‘llash tamoyilini joriy qilish orqali ham ekologiyamizning buzilishi va tabiatning ifloslanishining oldini olishga erisha olamiz.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurash faqatgina tegishli davlat organlari emas, balki barcha fuqarolarning vazifasi hisoblanishi darkor. Buni har bir o‘z kelajagi uchun qayg‘uradigan inson his etishi lozim. Bu sohada huquqiy bilimlarni oshirish, javobgarlikni kuchaytirish va jamoatchilikning faol ishtiroki orqali tabiatni asrab-avaylash mumkin.
Xulosa qilib aytganda, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish bugungi kunda oldimizda turgan eng muhim vazifalardandir. Tabiatni asrab-avaylash, qonunlarga rioya qilish va ekologik madaniyatni oshirish orqali jamiyatda barqaror rivojlanishga erishish mumkin. Zero, Ona tabiatga mehr-muhabbat tuyg‘usini oshirish orqali tabiatni asrab-avaylash har bir insonning kundalik hayot tarziga aylansa, jamiyatimizda ekologik muammolarning yechimi ham ancha osonlashadi.
Orzimurod Shukurov, Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi