Tabiatga katta miqdorda ziyon yetkazgani uchun fuqaro 318 mln. 750 ming so‘m to‘laydigan bo‘ldi

Mamlakatimizda tabiatni muhofaza qilish, jumladan, suv havzalari boyliklarini asrash, noqonuniy ov ishlarining oldini olish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, shunday holatlar ham uchraydiki, ayrim fuqarolar qonun talablarini qasddan buzib, tabiatga katta miqdorda zarar yetkazmoqda.

Sudlanuvchi Zafar To‘xtayev MCHJ rahbari vazifasida ishlab kelib, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muxofaza  qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining 2025-yilda yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ajratilgan kvotani tasdliqlashga doir buyrug‘i va qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat Ekologiya, atrof muhitni muxofaza  qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Mirishkor tumani bo‘limi boshlig‘ining ogohlantirish xati bilan “Sechanko‘l” tabiiy suv havzasida sanoat usulida baliq ovlashga ruxsatnoma (kvota) ajratilmaganligi sababli baliq ovlash qonunchilik qoidalariga zid ekanligi to‘g‘risida ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, MCHJning 3 nafar ishchi-xodimlarini baliq ovlamasliklari to‘g‘risida ogohlantirmasdan “Sechankul” tabiiy suv havzasida taqiqlangan qurollardan foydalangan holda, to‘r vositasida 850 dona “Orol chavoq” balig‘ini ovlab, ularni nobud qilib, baliq ovlash qoidalarini buzib, hayvonot dunyosiga jami 318.750.000 so‘mlik juda ko‘p mikdorda zarar yetkazgan.

Sud Zafar To‘xtayevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqib, sudlanuvchi, fuqaroviy da’vogar va guvohlarning ko‘rsatuvlarini, taraflarning muzokara nutqlari hamda sudlanuvchining oxirgi so‘zini tinglab, ish bo‘yicha to‘plangan dalillarni tekshirib, huquqiy baho berdi.

Sudlanuvchi Zafar To‘xtayev O‘zbekiston Respublikasi JKning 202-moddasi 3-qismi “b,g,ye” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 2 yil ov qilish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilinib, ishlash vaqtidan, shuningdek, ish joyigacha borishi va uy-joyga qaytib kelishi uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda o‘z uyidan chiqishini cheklagan holda, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, 6 oy ichida o‘zi yetkazgan 318.750.000 so‘m zararni qoplash majburiyati ham yuklandi.

Sud qonunda nazarda tutilgan tartibda to‘plangan, tekshirilgan va baholangan dalillarga baho berib, sudlanuvchi Zafar To‘xtayevning xizmat mavqeidan foydalanib, taqiqlangan qurollardan va usullardan foydalanib, baliq ovlash qoidalarini buzib, juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganlik harakatlari uchun qonuniy jazo qo‘lladi.

Mazkur sud ishi tabiatni asrashdagi mas’uliyat har bir fuqaro zimmasiga yuklatilganligini yana bir bor eslatsa ajab emas. Zero, tabiatni asrash, uni ne’matlaridan oqilona foydalangan holda kelajak avlodga yetkazishimiz barchamizning burchimizdir.

 

Shahzod Baxtiyorov, jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudi raisi