Tabiatga ziyon yetkazganlar jazolandi
Bugungi kunda ekologik barqarorlik va tabiatni asrash har bir davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlaridan biridir. Oʼrmonlar tabiatning bebaho boyligi va bioxilma-xillikni saqlash, inson hayoti uchun sogʼlom muhit yaratishda beqiyos ahamiyatga ega. Shu bois mamlakatimizda oʼrmonlarni muhofaza qilish, ularni koʼpaytirish va tiklash masalasi qatʼiy nazoratga olingan.
Shu bilan birga ayrim fuqarolarning shaxsiy manfaati yoki beeʼtiborligi sababli daraxtlarning noqonuniy kesilishi, oʼrmon maydonlariga zarar yetkazish holatlari hali-hamon uchrab turibdi. Bunday hollar nafaqat ekologik muvozanatga putur yetkazadi, balki qonunchiligimizga zid hisoblanadi.
Jinoyat ishlari boʼyicha Yakkabogʼ tuman sudida shu kabi jinoyat ishi koʼrib chiqildi. Ish hujjatlariga koʼra sudlanuvchi E.D Yakkabogʼ ixtisoslashgan Davlat oʼrmon xoʼjaligiga qarashli “Langar” oʼrmonchilik boʼlimining uchastkasi oʼrmonchi vazifasida ishlab kelib, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 9-sentyabrdagi 203-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Oʼrmon qoʼriqchiligi toʼgʼrisida”gi Nizomning 2-boʼlimi 4-bandiga koʼra, unga oʼrmon daraxtlarini oʼzboshimchalik bilan kesishdan, oʼgʼirlash, yoʼq qilish va oʼrmon toʼgʼrisidagi qonun hujjatlarining boshqa buzilishlaridan muhofaza qilish hamda oʼrmon daraxtlarini oʼzboshimchalik bilan kesish bilan bogʼliq noqonuniy xatti-harakatlarni toʼxtatish chora-tadbirlarini koʼrish vazifalari yuklatilgan boʼlsada, oʼziga yuklatilgan vazifalarini vijdonsiz bajargan.
Shuningdek, sudlanuvchi U.Gʼ Yakkabogʼ ixtisoslashgan Davlat oʼrmon xoʼjaligiga qarashli “Langar” oʼrmonchilik boʼlimining oʼrinbosari (oʼrmon ustasi) vazifasida ishlab kelib, mansabga sovuqqonlik bilan qarashi natijasida “Oʼrmon qoʼriqchiligi toʼgʼrisida”gi Nizomning 12-bandiga koʼra, unga oʼrmon boʼlimidagi oʼrmonlarni qoʼriqlash, muhofaza qilish, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʼpaytirish sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi hujjatlar va bayonnomalar tuzilishining toʼgʼriligini tekshirish, oʼzboshimchalik bilan kesilgan yoki shikastlangan oʼrmonni moddiy-pul jihatidan baholash, oʼrmon ustalari, oʼrmonchilar va vaqtinchalik yongʼin qorovullariga yoʼl-yoʼriq berish va ularga yuklatilgan majburiyatlarning oʼz vaqtida va aniq bajarilishini nazorat qilish, oʼrmon boʼlimida daraxtlarni kesish qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish, qoidabuzilishlari aniqlangan taqdirda tegishli bayonnomalar tuzish, oʼrmon aylanmalari va uchastkalarni taftish qilish majburiyatlari yuklatilgan boʼlsa-da, oʼz vazifasini lozim darajada bajarmay loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda boʼlgan.
Oqibatda tergov jarayonida aniqlashning imkoni boʼlmagan shaxslar tomonidan 1-sarxad “Qoʼngʼizli”, “Qorakamar” va “Sarixalqa” uchastkalaridan 209 tup har xil diametrdagi tabiiy holda oʼsgan Zarafshon archasi va Uchqat daraxtlari tag qismidan kesilganligi, 664 tup Zarafshon archasi va Uchqat daraxtlari oʼsishdan toʼxtamaydigan darajada shikastlanishi oqibatida 236.278.000 soʼmlik juda koʼp miqdordagi tabiiy holda oʼsgan Uchqat va Zarafshon archalarini kesib ketilib, nobud qilinishiga sababchi boʼlgan.
Koʼrib chiqilgan jinoyat ishi doirasida ushbu shaxslar tomonidan belgilangan oʼrmon maydonida koʼplab daraxtlarning noqonuniy kesilgani, tabiatga katta miqdorda zarar yetkazilgani aniqlandi.
Jinoyat ishlari boʼyicha Yakkabogʼ tuman sudining hukmi bilan E.D Oʼzbekiston Respublikasi JK 172-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Oʼzbekiston Respublikasi JK 172-moddasi bilan JK 45-moddasi qoʼllanib, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda moddiy javobgarlik vazifasida ishlash huquqidan 1 yilga mahrum qilib, ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchi U.Gʼ Oʼzbekiston Respublikasi JK 207-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga JK 45-moddasi qoʼllanib, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifasida ishlash huquqidan 1 yilga mahrum qilib, ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Koʼrib chiqilgan jinoyat ishi shuni koʼrsatadiki, qonun talablarini buzishning har qanday koʼrinishi oʼz jazosisiz qolmaydi. Shu bilan birga, bunday holatlarning oldini olishda aholining ekologik ongini yuksaltirish, oʼrmonlarni muhofaza qilishga qaratilgan keng koʼlamli ishlarni davom ettirish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, tabiat umumiy uyimiz. Uni asrash esa har birimizning burchimizdir.
Nurbek Аbdullaev, jinoyat ishlari boʼyicha Yakkabogʼ tuman sudi raisi






