Adolatli qarorlar qabul qilish orqali odamlarning sudga ishonchini mustahkamlaymiz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatida mamlakatimizni izchil rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirish va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan aniq ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. Murojaatda ilgari surilgan islohotlar jamiyat hayotining barcha sohalarida ochiqlik, mas’uliyat va natijadorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz sud-huquq tizimi faoliyatini inson manfaatlariga xizmat qildirish, fuqarolarning adolatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash ustuvor vazifa ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Murojaatda sud jarayonlarining ochiq-oshkoraligini ta’minlash,aholining sudlarga murojaat qilishini yengillashtirish, sudyalarning mustaqilligi va mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi. Bu esa oddiy fuqaro o‘z muammosi bilan sudga borganda adolatli qaror chiqishiga ishonch bilan qarashi uchun mustahkam zamin yaratadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan sud tizimida “Xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda o‘ta og‘ir va jamiyatda shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi  sud hukmining yanada adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi. Barcha davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham tobora avj olayotgan narkojinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylantirilib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratiladi. Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni oldini olishda keng jamoatchilikni safarbar qilgan holda samarali ishlaydigan tizim yaratish belgilandi. Davlatimiz rahbari sa’y-harakatlari bilan bu yil korrupsiyaga qarshi “favqulodda holat” e’lon qilinadi.

Yurtimizda tergov sudyalari ish boshlagani halqaro tan olingan Xabeas korpus” institutini qo‘llashning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi. 2026-yildan boshlab tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari berilishini aytib o‘tdilar, bu bilan tergov sudyalari tomonidan qabul qilingan majburlov chorlari tergovchilar tomonidan bekor qilinishining oldi olinadi.

Shu o‘rinda yana bir muhim yangilikni Prezidentimiz alohida eslatib o‘tdi. Barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu rahbarlar tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, budjet mablag‘i talon-toroj bo‘lishi va mansabni suiiste’mol qilishni oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatadi va Prezident oldida hisobot beradi.

Bundan tashqari Prezidentimiz o‘z murojaatida sud qarorlari ijrosini so‘zsiz ta’minlamay turib, fuqaro va tadbirkorlar huquqining  ishonchli tiklanishiga erishib bo‘lmaydi degan g‘oyani ilgari surdi, shu bois majburiy ijro jarayoniga samarali muqobil mexanizmlarni  ham kiritishni, natijada sohaga sun’iy intellekt joriy etilib, kelgusi ikki yilda ijro harakatlarining 30 foizi inson omilisiz amalga oshirilishini bildirdi.

2026-yildan boshlab elektron hukumat platformasi tubdan yangilanib, raqamli platformaga birlashtiriladi. Murojaatlarni qabul qilish, ijrochilarga taqsimlash  va ko‘rib chiqish muddatlari sun’iy intelekt orqali nazorat qilinadi. Bu esa ochiqlik va samaradorlikni yanada oshiradi. Shu bilan birga sud-huquq tizimida raqamli sud konsepsiyasi joriy etish orqali odil sudlovni ta’minlash va inson huquqlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Natijada inson omillari kamayib, qarorlar yanada xolis qabul qilinadi.

Umuman, odil sudlovni xalqqa yaqinlashtirish – bu faqat tizimiy o‘zgarish emas, balki jamiyatda adolat, qonuniylik va inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan muhim qadamdir. Prezidentimiz  murojaatida ilgari surilgan ushbu g‘oyalar Yangi O‘zbekistonda sud tizimini haqiqiy xalq dargohiga aylantirishga xizmat qiladi.

 

Muzaffar Raupov, Qashqadaryo viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi