Xotin-qizlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish jamiyat barqarorligining muhim omili

Jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bilan chambarchas bog‘liq. Bu borada xotin-qizlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hamda huquqiy tarbiyani kuchaytirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xotin-qizlar orasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning asosiy sabablari orasida huquqiy bilimning yetarli emasligi, ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar, oilaviy muammolar, ishsizlik hamda ayrim hollarda psixologik bosimlar muhim o‘rin tutadi. Shu bois, profilaktika ishlarini olib borishda faqat huquqiy choralar bilan cheklanib qolmasdan, kompleks yondashuvlarni qo‘llash zarur.

Huquqbuzarliklarning oldini olishda huquqiy tarbiya va huquqiy savodxonlikni yuksaltirish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Xotin-qizlar o‘rtasida huquqiy bilimlarni oshirish maqsadida davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, huquqiy seminar va treninglar tashkil etish, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali tushuntirish ishlarini olib borish samarali natija bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari belgilangan. Ushbu qaror asosida xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, gender tenglik kafolatlarini ta’minlash, ilmiy faoliyatga keng jalb qilish kabi vazifalar belgilangan.

Shuningdek, profilaktika inspektorlari, mahalla faollari, xotin-qizlar qo‘mitalari, ta’lim muassasalari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, muammoli oilalardagi xotin-qizlar bilan individual tartibda ish olib borish, ularga psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga xizmat qiladi.

Qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashda xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash ham muhim masaladir. Huquqiy ongi yuksak, o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladigan ayol jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga, yosh avlodni qonuniylik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘sha oladi. Zero, ona tarbiyasi kelajak jamiyat poydevoridir.

Xotin-qizlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, huquqiy savodxonlik hamda huquqiy tarbiyani yuksaltirish uzviy bog‘liq jarayondir. Bu borada davlat organlari, jamoat tashkilotlari va keng jamoatchilikning hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari barqaror, adolatli va huquqiy jamiyatni barpo etishning muhim kafolatidir.

 

Fayyoza Qambarova, Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va sud-huquq tizimida kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan Qonun

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy-huquqiy voqea bo‘lib, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash yo‘lida yangi bosqichni boshlab berdi. Konstitutsiyada belgilab berilgan yangi normalar va tamoyillarni hayotga to‘liq tadbiq etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyati hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 9-iyunda imzolangan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi OʻRQ-1067-sonli Qonun ushbu o‘zgarishlarning mustahkam poydevori bo‘ldi.

Mazkur qonun yangi tahrirdagi Konstitutsiya ruhiga tayangan holda sud hokimiyatini mustahkamlash bilan birga, har bir fuqaroning daxlsiz huquqlarini ro‘yobga chiqarib, sud himoyasini kuchaytirdi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan eng muhim o‘zgarishlardan biri – aybdorlikka oid har qanday shubha yuzaga kelsa, uni bartaraf etish imkoniyati tugagan bo‘lsa, u shubha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi shart. Qolaversa, Qonunni qo‘llashda paydo bo‘lgan shubhalar ham shaxs foydasiga yechiladi.

Dastlabki tergov bosqichidan to sudgacha bo‘lgan har qadamda fuqaroning pozitsiyasi kuchaytirildi. Aybsizlikni isbotlash majburiyati bekor qilindi, shaxs o‘z aybsizligini isbotlashi shart emas. U istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Eng og‘ir holatlarda ham, agar shaxsning aybini tan olgani yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi mumkin emas.
Qonun nafaqat shaxsning o‘zini, balki uning yaqinlarini ham himoyaga oladi. Endi hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatuv berishga majbur emas. Shu bilan birga biror shaxsning sudlanganligi uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas.

Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan butunlay mustaqil holda ish yuritadi. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ko‘rinib turibdiki, kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar avvalo, sudlarning mustaqilligi va xolisligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Sudyalarning faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, ularning qaror qabul qilishda faqat qonunga va ichki ishonchga tayanishini ta’minlash bo‘yicha huquqiy mexanizmlar kuchaytirildi. Bu esa sud qarorlarining adolatli, asosli va shaffof bo‘lishini kafolatlaydi.

Shuningdek, Qonun fuqarolarning sudga murojaat qilish, o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan normalarni o‘z ichiga oladi. Sud muhokamasida taraflarning tengligi, tortishuv tamoyili, dalillarni taqdim etish va baholashda ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha qoidalar yanada aniq va ravshan ifodalandi. Bu esa inson huquqlarini ta’minlashda sudning hal qiluvchi rolini yanada mustahkamlaydi.

Xulosa qilganda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganidan keyin qabul qilingan mazkur Qonun sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, qonuniylik va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu qonun sudlarning haqiqiy mustaqil faoliyat yuritishi va fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

Usmon Latipov, Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi raisi o‘rinbosari

Boshqaruv tizimini isloh qilish yo‘lida muhim qadam

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolat va mas’uliyatini oshirish, aholining davlat hokimiyati organlari faoliyatidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonning mantiqiy davomi sifatida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish munosabati bilan  2025-yil 30-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1109-sonli Qonuni qabul qilindi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini aniq belgilashga qaratilgan ushbu Qonunning qabul qilinishi mahalliy darajada samarali, ochiq va hisobdor boshqaruvni yo‘lga qo‘yib, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.

Mazkur hujjat bilan ayrim Qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalarini aniqlashtirishni nazarda tutadi.

Jumladan, “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari shahar yo‘lovchilar transporti sohasida bir qator yangi vakolatlarga ega bo‘ldi. Ular bekatlar, to‘xtab o‘tish va dispetcherlik manzillarini hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, qurish va obodonlashtirish masalalarini hal qiladi.

Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari aholiga transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha shahar yo‘lovchilar transportini boshqarish organlari bilan shartnomalar tuzadi, transport harakatini tashkil etish rejalarini ishlab chiqadi hamda yo‘lovchilar tashish xizmatlari sifati ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Qonun bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga avtomobil transportini rivojlantirish bo‘yicha kompleks mintaqaviy dasturlarni tasdiqlash va ularning ijrosini nazorat qilish vakolati ham berildi.

Bundan tashqari mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari mahalliy budjetlarning yong‘in xavfsizligi, shu jumladan, yong‘indan saqlash xizmati ta’minoti xarajatlariga oid qismini tasdiqlashi belgilandi.

Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan, hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini to‘liq amalga oshirishga, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirishga, mahalliy davlat hokimiyatini yangicha sharoitlarda yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Shuningdek, mahalliy boshqaruvda “xalq manfaatiga xizmat qilish” tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarish, fuqarolarning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, hududlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Ushbu qonun mahalliy hokimiyat organlarining samaradorligini oshirish, ularning javobgarligini kuchaytirish hamda fuqarolar manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishga xizmat qiladi.

 

Laziz Abdullayev, Qashqadaryo viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘icha sudyasi

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish kelajak avlod taqdiri uchun mas’uliyat

Jamiyat taraqqiyoti sog‘lom va ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalash bilan bevosita bog‘liq. Shu bois voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni qonuniylik, axloq va mas’uliyat ruhida tarbiyalash davlat va jamiyat oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda globallashuv, axborot oqimining keskin ortishi, internet va ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri ostida o‘sib kelayotgan yoshlar turli g‘oyaviy, ma’naviy va huquqiy tahdidlarga duch kelmoqda. Ayrim hollarda esa yetarli nazorat va to‘g‘ri tarbiyaning yo‘qligi voyaga yetmaganlarning jinoyat yo‘liga kirib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarning asosiy sabablari qatoriga oilaviy muhitdagi muammolar, ota-ona nazoratining susayishi, ta’lim-tarbiyadagi bo‘shliqlar, farzandlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etmaslik, huquqiy savodxonlikning pastligi hamda salbiy muhit ta’sirini qo‘shish mumkin. Shuning uchun ham profilaktika ishlarini tizimli va kompleks tarzda olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

2025-yil 6-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ayni maqsadlarga xizmat qiluvchi Qonun imzolandi.

“Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi O‘RQ-1024-sonli Qonuni voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi yanada takomillashtirilishida muhim hujjat bo‘ldi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, Milliy gvardiyaning Bolalar bilan ishlash boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari harbiy xizmatchilari va xodimlarining ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga doir vakolatlari belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilishi belgilab berildi.

Jinoyatchilikning oldini olishda oilaning o‘rni beqiyos. Oila bolaning ilk tarbiya maktabi bo‘lib, unda qonunga hurmat, mehnatsevarlik, insoniylik va mas’uliyat kabi fazilatlar shakllanadi. Ota-onalar farzandlarining xulqi, qiziqishlari va bo‘sh vaqtiga befarq bo‘lmasdan, ular bilan doimiy muloqotda bo‘lishi lozim.

Shuningdek, ta’lim muassasalarida huquqiy tarbiyaga alohida e’tibor qaratish zarur. Ta’lim muassasalarida huquqiy bilimlarni oshirishga qaratilgan darslar, davra suhbatlari, uchrashuvlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘quvchilarda qonunbuzarlikka nisbatan salbiy munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi. Pedagoglar, psixologlar va profilaktika inspektorlarining hamkorlikdagi faoliyati bu borada samarali natijalar bermoqda.

Mahalla institutining ishtiroki ham jinoyatchilikning barvaqt oldini olishda muhim o‘rin tutadi. Mahalla faollari, yoshlar yetakchilari va jamoatchilik vakillari voyaga yetmaganlar bilan individual ish olib borishi, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlab, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etishi jinoyatchilikka olib keluvchi omillarni kamaytiradi.

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishda sport, madaniyat va ma’naviy tarbiya ham muhim ahamiyatga ega. Yoshlarni sport to‘garaklari, ijodiy va foydali mashg‘ulotlarga jalb etish ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etib, salbiy ta’sirlardan asraydi.

Xulosa o‘rnida aytganda, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishda oila, maktab, mahalla va butun jamiyat o‘ziga belgilangan umumiy vazifasi sifatida qaramog‘i lozim. Zero, faqatgina hamjihatlik, mas’uliyat va doimiy tarbiya orqali qonunga hurmatli, ma’naviy barkamol va Vatan ravnaqiga hissa qo‘sha oladigan avlodni tarbiyalash mumkin.

 

Shohrux Fayziyev, jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining sudyasi

Skip to content