Ayollar va bolalar huquqlari – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi

So‘nggi yillarda inson huquqlarini ta’minlash va jamiyatda adolat tamoyillarini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish masalasi bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan muhim ijtimoiy vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Chunki har qanday davlatning kelajagi, avvalo, sog‘lom oila muhitiga, farzandlarning to‘g‘ri tarbiyasiga va jamiyatda ayollarning munosib o‘rniga bog‘liq hisoblanadi.

Shu sababli mamlakatimizda ayollar va bolalarning huquqiy, ijtimoiy hamda ma’naviy jihatdan himoyasini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2026-yil 3-mart kuni qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Prezident Farmoni alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

Mazkur Farmon ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini yanada takomillashtirish, mavjud muammolarga zamonaviy va samarali yechim topish hamda jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan muhim huquqiy hujjat hisoblanadi.

Farmonning qabul qilinishiga sabab bo‘lgan omillar orasida jamiyatda uchrab turadigan oilaviy nizolar, maishiy zo‘ravonlik holatlari, ayrim hududlarda kuzatiladigan erta nikoh muammosi hamda ayollar va bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish zarurati kabi masalalarni ko‘rsatish mumkin.

Ushbu hujjatda ayollar va bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning yangi mexanizmlari, profilaktik chora-tadbirlar, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash usullari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirishga doir qator vazifalar belgilangan. Bu Farmonning ahamiyati shundaki, u faqat muammolarni bartaraf etishga emas, balki ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf qilishga ham qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutadi. Ya’ni mazkur hujjatda huquqiy, ijtimoiy, ta’limiy va ma’naviy omillarni birlashtirgan holda muammoga keng qamrovli yondashuv ko‘zda tutilgan.

Farmonda alohida e’tibor qaratilgan masalalardan biri – erta nikoh holatlarining oldini olishdir. Erta nikoh ko‘p hollarda yoshlarning ta’lim olish imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi, ularning ijtimoiy faolligini kamaytiradi va ba’zan salomatlik bilan bog‘liq jiddiy muammolarga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli davlat siyosatida bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilib, yoshlarni oila qurishga mas’uliyat bilan yondashishga undashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, nikohdan oldin yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, ularga oilaviy munosabatlar, o‘zaro hurmat va mas’uliyat haqida tushuncha berish kabi tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali nafaqat erta nikoh holatlarining oldi olinadi, balki kelajakda barqaror va mustahkam oilalarni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy va ma’naviy asos yaratiladi. Shuningdek, 21 yoshdan keyin oila qurgan yoshlarga muayyan imtiyozlar berish kabi choralar ham yoshlarni avvalo ta’lim olish, kasb-hunar egallash va iqtisodiy mustaqillikka erishishga rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Farmonda ta’lim sohasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ayrim holatlarda turli ijtimoiy sabablar tufayli ayollar ta’limni to‘liq davom ettira olmasligi mumkin. Masalan, homiladorlik, farzand tarbiyasi yoki oilaviy sharoit tufayli o‘qishdan vaqtincha uzilish holatlari uchraydi. Mazkur Farmon ana shunday vaziyatlarga tushib qolgan talabalarga “ikkinchi imkoniyat” berish g‘oyasini ilgari suradi. Ya’ni, homilador talaba-qizlar yoki kichik yoshdagi farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan talabalarga ta’limni davom ettirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratiladi. Ularga masofaviy ta’lim shaklidan foydalanish, o‘qishni qayta tiklash yoki fanlar farqini o‘zlashtirgan holda ta’limni davom ettirish imkoniyatlari berilishi nazarda tutilgan. Bu kabi tashabbuslar ayollarning bilim olish huquqini ta’minlashga, ularning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishiga va kelajakda mustaqil shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Chunki bilimli va mustaqil fikrlay oladigan ayollar jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.

Farmonda maishiy va oilaviy zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratilgan. Jamiyatda ba’zan uchrab turadigan bunday holatlar nafaqat ayollar va bolalarning huquqlarini poymol qiladi, balki butun oila muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli mazkur hujjatda zo‘ravonlikka qarshi kurashishning yangi mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilgan. Xususan, jabrlangan shaxslarni himoya qilish tizimini kuchaytirish, ularga tezkor yordam ko‘rsatish va huquqiy himoyani ta’minlash masalalariga alohida e’tibor berilgan. Masalan, himoya orderi berilgan ayollarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida maxsus raqamli xizmatlardan foydalanish, zarur holatlarda tezkor yordam chaqirish imkoniyatlarini yaratish kabi tashabbuslar amalga oshirilishi mumkin. Bunday mexanizmlar zo‘ravonlik qurbonlarini himoya qilish bilan birga, bunday jinoyatlarning takrorlanish ehtimolini ham kamaytiradi. Shu bilan birga zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning ruhiy holatini o‘rganish, ularga nisbatan tegishli profilaktik choralar ko‘rish ham nazarda tutilgan.

Farmonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish masalasi ham muhim o‘rin tutadi. Ayollar va bolalarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar bilan ishlashda yuqori darajadagi kasbiy tayyorgarlik va ehtiyotkorlik talab etiladi. Shu sababli bunday ishlar bilan shug‘ullanuvchi tergovchilar, prokurorlar va sudyalar uchun maxsus tayyorgarlik tizimini takomillashtirish, ularning malakasini oshirish kabi vazifalar belgilangan. Bu orqali jabrlangan shaxslar bilan ishlash jarayonida insonparvarlik va adolat tamoyillarini ta’minlash maqsad qilingan. Shuningdek, jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlar, mahallalarda va ta’lim muassasalarida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish ham mazkur farmonda ko‘zda tutilgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, u jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishni ham nazarda tutadi. Chunki faqat huquqiy choralar bilan muammoni to‘liq hal qilish qiyin. Buning uchun jamiyatda inson huquqlarini hurmat qilish, oilaviy munosabatlarda o‘zaro hurmat va mas’uliyat madaniyatini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida keng tushuntirish ishlarini olib borish, oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish, zo‘ravonlikning huquqiy va ijtimoiy oqibatlari haqida aholining huquqiy ongini oshirish kabi chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu tashabbuslar jamiyatda inson qadrini ulug‘lash va o‘zaro hurmatga asoslangan ijtimoiy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda PF–33-sonli Prezident Farmoni ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim huquqiy hujjat hisoblanadi. Unda nazarda tutilgan chora-tadbirlar nafaqat zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga, balki barqaror va sog‘lom oila muhitini shakllantirishga ham xizmat qiladi. Eng muhimi, mazkur Farmon jamiyatda inson huquqlariga hurmat ruhini mustahkamlash, ayollar va bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda mamlakatda adolat va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida muhim qadam sifatida ahamiyat kasb etadi.

 

Ahror G‘opporov, Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

Ayollar va bolalar huquqlari qonun himoyasida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Farmoni mamlakatimizda ayollar va bolalar huquqlarini himoyaqilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishga qaratilgan muhim normativ-huquqiy hujjatlardan biri bo‘ldi.

Ushbu Farmon inson huquqlarini ta’minlash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish borasida olib borilayotgan davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlarida ayollar va bolalar huquqlarini himoya  qilish, oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Jamiyat taraqqiyoti ko‘p jihatdan oiladagi sog‘lom muhitga bog‘liqdir. Agar oilada tinchlik, hurmat va hamjihatlik bo‘lsa, bu jamiyatda ham barqarorlikni ta’minlaydi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ayollar va bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda gender tengligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur Farmon ham aynan shu jarayonlarning mantiqiy davomi sifatida qabul qilindi. Farmon qabul qilinishining asosiy sabablaridan biri jamiyatda ayrim hollarda uchrab turadigan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, ayollar va bolalarning huquqlarini yanada samarali himoya qilish zarurati bilan bog‘liqdir.

Farmonda ayollar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq holatlarining oldini olish, ularni ijtimoiy himoya qilish, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Shuningdek, Farmonda ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash va iqtisodiy mustaqilligini kuchaytirish bo‘yicha ham qator chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Ayollar jamiyatning muhim qismi bo‘lib, ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois Farmonda ayollarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilangan.

Mazkur Farmon bolalar huquqlarini himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratadi. Bolalar jamiyatning kelajagi hisoblanadi. Shu sababli ularning sog‘lom, xavfsiz va barqaror muhitda voyaga yetishi muhim ahamiyatga ega.Farmonga muvofiq bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, tazyiq yoki beparvolik holatlarining oldini olish, ularning huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bolalarni himoya qilish bo‘yicha davlat organlari, ta’lim muassasalari va jamoatchilik tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish ham Farmonning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Farmonda yoshlar o‘rtasida erta nikohlarning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Erta nikohlar ko‘pincha yoshlarning ta’lim olishi va kasb-hunar egallashiga to‘sqinlik qiladi hamda ularning sog‘ligii va kelajakdagi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois voyaga yetmagan shaxslarni turmushga undash yoki majbur qilish kabi holatlarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Bu esa yoshlarning huquqlarini himoya qilish hamda ularning kelajakdagi hayotini barqaror tashkil etishga xizmat qiladi.

Farmonda ta’lim olayotgan talaba xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish ham muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Homilador yoki yosh farzandi bor talaba qizlarga o‘qishni davom ettirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish nazarda tutilgan. Bu esa ayollarning ta’lim olish huquqini ta’minlash hamda ularning jamiyatdagi ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi. Ta’lim olish imkoniyatining kengayishi esa kelajakda malakali mutaxassislarning ko‘payishiga yordam beradi.

Ushbu Farmon mamlakatimizda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda jamiyatda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy hujjat hisoblanadi va u orqali ayollar va bolalarning manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinadi, yosh oilalarga davlat tomonidan keng ko‘lamli yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Kelgusida mazkur Farmon asosida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar jamiyatimizning yanada rivojlanishiga, fuqarolarning farovon turmush kechirishiga hamda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Alisher O’ralov, jinoyat ishlari bo’yicha Qamashi tuman sudi raisi

Ayollar va bolalar huquqlari himoyasining yangi bosqichi

So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar mamlakat taraqqiyotining barcha yo‘nalishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, xalqimizning turmush sifati va farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, inson manfaatlari ustuvorligi, fuqarolarning kafolatlangan huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar jamiyatning har bir qatlami hayotida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi.

Bugungi kunda xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zo‘ravonlik holatlariga qat’iy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda. Har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlikni inkor etadigan, unga toqat qila olmaydigan muhit yaratish bugungi kunning dolzalb masalasi xisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstiutsiyasida alohida XIV bob Oila, bolalar va yoshlar masalalariga bag‘ishlanishi ham Respublikamizda oila bolalarning huquqlari ustuvor ekanligidan dalolat beradi.

Ayollar va bolalar huquqlari qonuniy himoyasini ta’minlash borasida bir qancha qonunlar qabul qilinib, amaldagi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib kelinmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil
3 martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Farmonining qabul qilinishi xotin-qizlar hamda bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yish borasida yanada mustahkam huquqiy poydevor yaratilishiga xizmat qiladi.

Ushbu Farmon bilan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarining (erta nikoh) oldini olishga erishish, ota-onalarning o‘z voyaga yetmagan farzandlari uchun mas’uliyatini yanada oshirish, moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni rag‘batlantirish, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish orqali ularning sonini keskin qisqartirish, shuningdek, bunday holatga uchragan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish kabi aniq maqsadalar belgilab berilgan.

Bundan tashqari, Farmon bilan erta turmush qurish holatlarining oldini olish maqsadida keng jamoatchilikning tashabbusi va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida tayyorlangan nikoh yoshini kamaytirishning aniq (tugal) asoslarini belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullangan va yoshlarning o‘z hayot yo‘lini ongli ravishda belgilashiga ko‘maklashish, shuningdek, nikoh shartnomasi tuzilishini rag‘batlantirish maqsadida
2027-yildan boshlab har ikkala taraf kamida 21 yoshga to‘lganda birinchi marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etilishi, ushbu oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taqdirda, oilalar a’zolariga ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, daromadlarini oshirish yoki murakkab vaziyatdan chiqarish uchun taqdim etiladigan moliyaviy ko‘maklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirilgan holda berilishi, nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilarni nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etish tartibi qo‘llanishi belgilab berildi.

Oliy ta’lim muassaslarida tahsil olayotgan xotin-qizlarimizga ham bir qator imtiyozlar ko‘zda tutilgan.

Jumladan, homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratish, talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat berish va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etish kabi imtiyozlar berilgan.

O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida BMTning bir qator muhim hujjatlariga, jumladan, “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konvensiya (CEDAW) va “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shilgan.

Davlatimiz rahbarining Farmoni mazkur xalqaro hujjatlarda belgilangan “gender tenglik”va “inson sha’nini himoya qilish” tamoyillarini milliy qonunchiligimizda yanada mustahkamladi.

Inson sha’ni, qadri va erkinligini ta’minlashda xalqaro standartlarga mos huquqiy mexanizmlarning joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan, har bir fuqaro uchun munosib hayot kechirish huquqining kafolatini yaratib beradi.

 

Xurshid Muxtorov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudining raisi

Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtiruvchi islohotlar

Hammamizga ma’lum, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini xalqimiz katta ishtiyoq va olqishlar bilan kutib olishdi. Chunki, bu mamlakat taqdiri, xalq kelajagi va taraqqiyot yo‘li belgilab beriladigan tarixiy voqea bo‘ldi.

Murojaatnomaning asosiy qismi 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat bo‘ldi.

Unda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar ham belgilab berildi. Sudlarning mustaqilligi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligi alohida ta’kidlandi va sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi xususida aytib o‘tildi.

Ya’ni,

tergovni raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytirish, bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilishi va inson omili qisqartirilishi,

2026-yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlarini ham berish,

jamiyatda shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi maqsadida “xalq vakillari hay’ati” institutini bosqichma-bosqich joriy etish,

majburiy ijro jarayoniga samarali muqobil mexanizmlari sifatida sohaga sun’iy intellektni joriy etish,

narkojinoyatlarga qarshi kurashishni umummilliy harakatga aylantirib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratish,

uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi keskin kurashish,

ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish,

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” e’lon qilinishi, Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati bu tizimni 1 yanvardan boshlab barcha davlat idoralari va tashkilotlarida ishga tushirib, mansabidan qat’iy nazar, poraxo‘rlik va suiiste’molchilik bo‘yicha har bir holat yuzasidan Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati shaxsan Prezidentga axborot kiritib borishi belgilab berildi.

Sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish ustuvor vazifa etib belgilandi. Adolatli sud fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlovchi eng asosiy omil ekanligi Murojaatnomada yana bir bor ta’kidlandi.

Shu tariqa, Murojaatnomada belgilangan mazkur tashabbus sud-huquq tizimini yanada insonparvar, shaffof va samarali qilishga qaratilgan bo‘lib, fuqarolarning sudga va qonunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini shakllantirishga qaratilgan mazkur ustuvor yo‘nalish Yangi O‘zbekistonni barpo etish, inson qadrini ulug‘lash va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi islohotlarning mustahkam poydevori hisoblanadi.

 

Dilfuza Shamsiyeva, Qashqadaryo viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi

Skip to content