Ayollar va bolalar huquqlari – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi

So‘nggi yillarda inson huquqlarini ta’minlash va jamiyatda adolat tamoyillarini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish masalasi bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan muhim ijtimoiy vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Chunki har qanday davlatning kelajagi, avvalo, sog‘lom oila muhitiga, farzandlarning to‘g‘ri tarbiyasiga va jamiyatda ayollarning munosib o‘rniga bog‘liq hisoblanadi.

Shu sababli mamlakatimizda ayollar va bolalarning huquqiy, ijtimoiy hamda ma’naviy jihatdan himoyasini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2026-yil 3-mart kuni qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Prezident Farmoni alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

Mazkur Farmon ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini yanada takomillashtirish, mavjud muammolarga zamonaviy va samarali yechim topish hamda jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan muhim huquqiy hujjat hisoblanadi.

Farmonning qabul qilinishiga sabab bo‘lgan omillar orasida jamiyatda uchrab turadigan oilaviy nizolar, maishiy zo‘ravonlik holatlari, ayrim hududlarda kuzatiladigan erta nikoh muammosi hamda ayollar va bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish zarurati kabi masalalarni ko‘rsatish mumkin.

Ushbu hujjatda ayollar va bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning yangi mexanizmlari, profilaktik chora-tadbirlar, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash usullari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirishga doir qator vazifalar belgilangan. Bu Farmonning ahamiyati shundaki, u faqat muammolarni bartaraf etishga emas, balki ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf qilishga ham qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutadi. Ya’ni mazkur hujjatda huquqiy, ijtimoiy, ta’limiy va ma’naviy omillarni birlashtirgan holda muammoga keng qamrovli yondashuv ko‘zda tutilgan.

Farmonda alohida e’tibor qaratilgan masalalardan biri – erta nikoh holatlarining oldini olishdir. Erta nikoh ko‘p hollarda yoshlarning ta’lim olish imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi, ularning ijtimoiy faolligini kamaytiradi va ba’zan salomatlik bilan bog‘liq jiddiy muammolarga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli davlat siyosatida bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilib, yoshlarni oila qurishga mas’uliyat bilan yondashishga undashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, nikohdan oldin yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, ularga oilaviy munosabatlar, o‘zaro hurmat va mas’uliyat haqida tushuncha berish kabi tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali nafaqat erta nikoh holatlarining oldi olinadi, balki kelajakda barqaror va mustahkam oilalarni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy va ma’naviy asos yaratiladi. Shuningdek, 21 yoshdan keyin oila qurgan yoshlarga muayyan imtiyozlar berish kabi choralar ham yoshlarni avvalo ta’lim olish, kasb-hunar egallash va iqtisodiy mustaqillikka erishishga rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Farmonda ta’lim sohasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ayrim holatlarda turli ijtimoiy sabablar tufayli ayollar ta’limni to‘liq davom ettira olmasligi mumkin. Masalan, homiladorlik, farzand tarbiyasi yoki oilaviy sharoit tufayli o‘qishdan vaqtincha uzilish holatlari uchraydi. Mazkur Farmon ana shunday vaziyatlarga tushib qolgan talabalarga “ikkinchi imkoniyat” berish g‘oyasini ilgari suradi. Ya’ni, homilador talaba-qizlar yoki kichik yoshdagi farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan talabalarga ta’limni davom ettirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratiladi. Ularga masofaviy ta’lim shaklidan foydalanish, o‘qishni qayta tiklash yoki fanlar farqini o‘zlashtirgan holda ta’limni davom ettirish imkoniyatlari berilishi nazarda tutilgan. Bu kabi tashabbuslar ayollarning bilim olish huquqini ta’minlashga, ularning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishiga va kelajakda mustaqil shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Chunki bilimli va mustaqil fikrlay oladigan ayollar jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.

Farmonda maishiy va oilaviy zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratilgan. Jamiyatda ba’zan uchrab turadigan bunday holatlar nafaqat ayollar va bolalarning huquqlarini poymol qiladi, balki butun oila muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli mazkur hujjatda zo‘ravonlikka qarshi kurashishning yangi mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilgan. Xususan, jabrlangan shaxslarni himoya qilish tizimini kuchaytirish, ularga tezkor yordam ko‘rsatish va huquqiy himoyani ta’minlash masalalariga alohida e’tibor berilgan. Masalan, himoya orderi berilgan ayollarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida maxsus raqamli xizmatlardan foydalanish, zarur holatlarda tezkor yordam chaqirish imkoniyatlarini yaratish kabi tashabbuslar amalga oshirilishi mumkin. Bunday mexanizmlar zo‘ravonlik qurbonlarini himoya qilish bilan birga, bunday jinoyatlarning takrorlanish ehtimolini ham kamaytiradi. Shu bilan birga zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning ruhiy holatini o‘rganish, ularga nisbatan tegishli profilaktik choralar ko‘rish ham nazarda tutilgan.

Farmonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish masalasi ham muhim o‘rin tutadi. Ayollar va bolalarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar bilan ishlashda yuqori darajadagi kasbiy tayyorgarlik va ehtiyotkorlik talab etiladi. Shu sababli bunday ishlar bilan shug‘ullanuvchi tergovchilar, prokurorlar va sudyalar uchun maxsus tayyorgarlik tizimini takomillashtirish, ularning malakasini oshirish kabi vazifalar belgilangan. Bu orqali jabrlangan shaxslar bilan ishlash jarayonida insonparvarlik va adolat tamoyillarini ta’minlash maqsad qilingan. Shuningdek, jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlar, mahallalarda va ta’lim muassasalarida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish ham mazkur farmonda ko‘zda tutilgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, u jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishni ham nazarda tutadi. Chunki faqat huquqiy choralar bilan muammoni to‘liq hal qilish qiyin. Buning uchun jamiyatda inson huquqlarini hurmat qilish, oilaviy munosabatlarda o‘zaro hurmat va mas’uliyat madaniyatini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida keng tushuntirish ishlarini olib borish, oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish, zo‘ravonlikning huquqiy va ijtimoiy oqibatlari haqida aholining huquqiy ongini oshirish kabi chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu tashabbuslar jamiyatda inson qadrini ulug‘lash va o‘zaro hurmatga asoslangan ijtimoiy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda PF–33-sonli Prezident Farmoni ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim huquqiy hujjat hisoblanadi. Unda nazarda tutilgan chora-tadbirlar nafaqat zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga, balki barqaror va sog‘lom oila muhitini shakllantirishga ham xizmat qiladi. Eng muhimi, mazkur Farmon jamiyatda inson huquqlariga hurmat ruhini mustahkamlash, ayollar va bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda mamlakatda adolat va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida muhim qadam sifatida ahamiyat kasb etadi.

 

Ahror G‘opporov, Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

Ayollar va bolalar huquqlari qonun himoyasida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Farmoni mamlakatimizda ayollar va bolalar huquqlarini himoyaqilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishga qaratilgan muhim normativ-huquqiy hujjatlardan biri bo‘ldi.

Ushbu Farmon inson huquqlarini ta’minlash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish borasida olib borilayotgan davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlarida ayollar va bolalar huquqlarini himoya  qilish, oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Jamiyat taraqqiyoti ko‘p jihatdan oiladagi sog‘lom muhitga bog‘liqdir. Agar oilada tinchlik, hurmat va hamjihatlik bo‘lsa, bu jamiyatda ham barqarorlikni ta’minlaydi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ayollar va bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda gender tengligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur Farmon ham aynan shu jarayonlarning mantiqiy davomi sifatida qabul qilindi. Farmon qabul qilinishining asosiy sabablaridan biri jamiyatda ayrim hollarda uchrab turadigan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, ayollar va bolalarning huquqlarini yanada samarali himoya qilish zarurati bilan bog‘liqdir.

Farmonda ayollar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq holatlarining oldini olish, ularni ijtimoiy himoya qilish, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Shuningdek, Farmonda ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash va iqtisodiy mustaqilligini kuchaytirish bo‘yicha ham qator chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Ayollar jamiyatning muhim qismi bo‘lib, ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois Farmonda ayollarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilangan.

Mazkur Farmon bolalar huquqlarini himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratadi. Bolalar jamiyatning kelajagi hisoblanadi. Shu sababli ularning sog‘lom, xavfsiz va barqaror muhitda voyaga yetishi muhim ahamiyatga ega.Farmonga muvofiq bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, tazyiq yoki beparvolik holatlarining oldini olish, ularning huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bolalarni himoya qilish bo‘yicha davlat organlari, ta’lim muassasalari va jamoatchilik tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish ham Farmonning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Farmonda yoshlar o‘rtasida erta nikohlarning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Erta nikohlar ko‘pincha yoshlarning ta’lim olishi va kasb-hunar egallashiga to‘sqinlik qiladi hamda ularning sog‘ligii va kelajakdagi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois voyaga yetmagan shaxslarni turmushga undash yoki majbur qilish kabi holatlarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Bu esa yoshlarning huquqlarini himoya qilish hamda ularning kelajakdagi hayotini barqaror tashkil etishga xizmat qiladi.

Farmonda ta’lim olayotgan talaba xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish ham muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Homilador yoki yosh farzandi bor talaba qizlarga o‘qishni davom ettirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish nazarda tutilgan. Bu esa ayollarning ta’lim olish huquqini ta’minlash hamda ularning jamiyatdagi ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi. Ta’lim olish imkoniyatining kengayishi esa kelajakda malakali mutaxassislarning ko‘payishiga yordam beradi.

Ushbu Farmon mamlakatimizda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda jamiyatda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy hujjat hisoblanadi va u orqali ayollar va bolalarning manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinadi, yosh oilalarga davlat tomonidan keng ko‘lamli yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Kelgusida mazkur Farmon asosida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar jamiyatimizning yanada rivojlanishiga, fuqarolarning farovon turmush kechirishiga hamda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Alisher O’ralov, jinoyat ishlari bo’yicha Qamashi tuman sudi raisi

Ayollar va bolalar huquqlari himoyasining yangi bosqichi

So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar mamlakat taraqqiyotining barcha yo‘nalishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, xalqimizning turmush sifati va farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, inson manfaatlari ustuvorligi, fuqarolarning kafolatlangan huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar jamiyatning har bir qatlami hayotida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi.

Bugungi kunda xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zo‘ravonlik holatlariga qat’iy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda. Har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlikni inkor etadigan, unga toqat qila olmaydigan muhit yaratish bugungi kunning dolzalb masalasi xisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstiutsiyasida alohida XIV bob Oila, bolalar va yoshlar masalalariga bag‘ishlanishi ham Respublikamizda oila bolalarning huquqlari ustuvor ekanligidan dalolat beradi.

Ayollar va bolalar huquqlari qonuniy himoyasini ta’minlash borasida bir qancha qonunlar qabul qilinib, amaldagi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib kelinmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil
3 martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Farmonining qabul qilinishi xotin-qizlar hamda bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yish borasida yanada mustahkam huquqiy poydevor yaratilishiga xizmat qiladi.

Ushbu Farmon bilan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarining (erta nikoh) oldini olishga erishish, ota-onalarning o‘z voyaga yetmagan farzandlari uchun mas’uliyatini yanada oshirish, moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni rag‘batlantirish, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish orqali ularning sonini keskin qisqartirish, shuningdek, bunday holatga uchragan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish kabi aniq maqsadalar belgilab berilgan.

Bundan tashqari, Farmon bilan erta turmush qurish holatlarining oldini olish maqsadida keng jamoatchilikning tashabbusi va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida tayyorlangan nikoh yoshini kamaytirishning aniq (tugal) asoslarini belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullangan va yoshlarning o‘z hayot yo‘lini ongli ravishda belgilashiga ko‘maklashish, shuningdek, nikoh shartnomasi tuzilishini rag‘batlantirish maqsadida
2027-yildan boshlab har ikkala taraf kamida 21 yoshga to‘lganda birinchi marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etilishi, ushbu oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taqdirda, oilalar a’zolariga ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, daromadlarini oshirish yoki murakkab vaziyatdan chiqarish uchun taqdim etiladigan moliyaviy ko‘maklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirilgan holda berilishi, nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilarni nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etish tartibi qo‘llanishi belgilab berildi.

Oliy ta’lim muassaslarida tahsil olayotgan xotin-qizlarimizga ham bir qator imtiyozlar ko‘zda tutilgan.

Jumladan, homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratish, talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat berish va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etish kabi imtiyozlar berilgan.

O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida BMTning bir qator muhim hujjatlariga, jumladan, “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konvensiya (CEDAW) va “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shilgan.

Davlatimiz rahbarining Farmoni mazkur xalqaro hujjatlarda belgilangan “gender tenglik”va “inson sha’nini himoya qilish” tamoyillarini milliy qonunchiligimizda yanada mustahkamladi.

Inson sha’ni, qadri va erkinligini ta’minlashda xalqaro standartlarga mos huquqiy mexanizmlarning joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan, har bir fuqaro uchun munosib hayot kechirish huquqining kafolatini yaratib beradi.

 

Xurshid Muxtorov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudining raisi

Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtiruvchi islohotlar

Hammamizga ma’lum, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini xalqimiz katta ishtiyoq va olqishlar bilan kutib olishdi. Chunki, bu mamlakat taqdiri, xalq kelajagi va taraqqiyot yo‘li belgilab beriladigan tarixiy voqea bo‘ldi.

Murojaatnomaning asosiy qismi 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat bo‘ldi.

Unda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar ham belgilab berildi. Sudlarning mustaqilligi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligi alohida ta’kidlandi va sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi xususida aytib o‘tildi.

Ya’ni,

tergovni raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytirish, bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilishi va inson omili qisqartirilishi,

2026-yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlarini ham berish,

jamiyatda shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi maqsadida “xalq vakillari hay’ati” institutini bosqichma-bosqich joriy etish,

majburiy ijro jarayoniga samarali muqobil mexanizmlari sifatida sohaga sun’iy intellektni joriy etish,

narkojinoyatlarga qarshi kurashishni umummilliy harakatga aylantirib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratish,

uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi keskin kurashish,

ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish,

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” e’lon qilinishi, Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati bu tizimni 1 yanvardan boshlab barcha davlat idoralari va tashkilotlarida ishga tushirib, mansabidan qat’iy nazar, poraxo‘rlik va suiiste’molchilik bo‘yicha har bir holat yuzasidan Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati shaxsan Prezidentga axborot kiritib borishi belgilab berildi.

Sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish ustuvor vazifa etib belgilandi. Adolatli sud fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlovchi eng asosiy omil ekanligi Murojaatnomada yana bir bor ta’kidlandi.

Shu tariqa, Murojaatnomada belgilangan mazkur tashabbus sud-huquq tizimini yanada insonparvar, shaffof va samarali qilishga qaratilgan bo‘lib, fuqarolarning sudga va qonunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini shakllantirishga qaratilgan mazkur ustuvor yo‘nalish Yangi O‘zbekistonni barpo etish, inson qadrini ulug‘lash va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi islohotlarning mustahkam poydevori hisoblanadi.

 

Dilfuza Shamsiyeva, Qashqadaryo viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi

Xorijiy mamlakatlar sud qarorlarining tan olinishi va ijroga qaratilishining huquqiy asoslari

Har kimning, shu jumladan, xalqaro iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining sud orqali himoyalanish huquqi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (15, 24, 55, 139-moddalari), qonunchilik hujjatlari, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va tamoyillari hamda xalqaro shartnomalar bilan tan olinadi va kafolatlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasiga ko‘ra Konstitutsiya mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llaniladi.

Shunga ko‘ra iqtisodiy sudlar tomonidan chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar,  chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirokidagi ishlarni ko‘rishda,  shu jumladan chet el davlat sudi yoki arbitraj qarorini tan olish va ijroga qaratish, shuningdek chet davlat sudining topshirig‘ini bajarish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Nyu-York shahrida 1958-yil 10-iyunda imzolangan “Chet el mamlakatlari hakamlik qarorlarini e’tirof etish va ijro etish to‘g‘risida”gi Konvensiya, Kiyev shahrida 1992-yil 20-martda imzolangan “Xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq nizolarni hal etish tartibi to‘g‘risida”gi Bitim, Minsk shahrida 1993-yil 22-yanvarda imzolangan “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy munosabatlar va huquqiy yordam to‘g‘risida”gi Konvensiya, Kishinev shahrida 2002-yil 7-oktabrda imzolangan “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida”gi Konvensiya, Gaaga shahrida 1954-yil 1-martda imzolangan “Fuqarolik protsessi masalalariga doir” Konvensiya, huquqiy yordam berish haqidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillariga amal qilishlari lozim.

Shu ma’noda sudlar nizoli ishlarni ko‘rishda, avvalambor, Konstitutsiya bilan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarining ustuvorligi tan olinganligiga, O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar milliy qonunchilik normalaridan ustun ekanligidan kelib chiqib, odil sudlovni amalga oshirishlari, unga rioya qilmaslik esa muayyan nizoning nafaqat noto‘g‘ri hal qilinishiga va sud hujjatining o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishiga, ayni paytda, bu davlat tomonidan xalqaro shartnomaviy majburiyatlar bajarilmasligiga ham sabab bo‘lishiga alohida ahamiyat berishi kerak. Chunki, sud qarorining qonuniyligi va asosliligi nafaqat milliy qonunchilik, balki xalqaro huquq normasiga muvofiqligi bilan ham belgilanadi.

Iqtisodiy protsessual kodeksning 248-moddasi birinchi qismiga ko‘ra chet davlatlar sudlarining va arbitrajlarining iqtisodiyot sohasida yuzaga keladigan nizolar hamda boshqa ishlar bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari, agar bunday qarorlarni tan olish va ijroga qaratish O‘zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalari hamda qonunchiligida nazarda tutilgan bo‘lsa, ular O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari tomonidan tan olinadi va ijroga qaratiladi.

“Xo‘jalik faoliyati amalga oshirilishi munosabati bilan yuzaga keluvchi nizolarni hal etish tartibi to‘g‘risida”gi Bitim (Kiyev, 1992-yil 20-mart) 7-moddasining birinchi qismiga muvofiq Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchisi bo‘lgan davlatlar vakolatli sudlarning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlarini o‘zaro tan oladi va ijro etadi.

 

Husan Tursunov, Qashqadaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi

Sug‘urta – xavf-xatarlarning yuridik himoyasi

Sug‘urtaga o‘xshash munosabatlar amaliyoti eramizdan ancha oldin paydo bo‘lgan. Xammurapi kodeksiga ko‘ra (taxminan miloddan avvalgi 1750-yil) Bobilda karvon jo‘natgan savdogarlar talon-toroj qilingan yoki yo‘qolgan yuk uchun umumiy fond hisobidan tovon olishi mumkin bo‘lgan qoidalar mavjud edi. Qadimgi Xitoyda taxminan miloddan avvalgi III asrda daryolar orqali yuk tashiydigan savdogarlar agar qayiqlarning bir qismi cho‘kib ketsa, zararni oldindan teng taqsimlashga kelishib olishgan.

Qadimgi Yunoniston va Finikiyada esa dengizda yuklarni tashishda kema va yuk garovga qo‘yilib, kema xalokatga uchrasa kema kapitani pul berishi shart bo‘lgan. O‘rta asrlarda Yevropada sayyohlar va savdogarlarni himoya qilish uchun umumiy jamg‘armalar tuzilib, quruqlik va dengiz yo‘llaridagi yo‘qotishlarni qoplash uchun umumiy o‘zaro yordam ko‘rsatishgan.

Shunday munosabatlar zamonaviy sug‘urta mexanizmlarini yaratishga turtki bo‘ldi hamda XVII-XVIII asrlarda aynan tadbirkorlar dastlabki  sug‘urtalovchilar bo‘ldilar, ular o‘z mol-mulklarini garovga qo‘yib, zararni qoplash majburiyatini olganlar.

Hozirgi qonunchilikka ko‘ra sug‘urta munosabatlari muayyan voqea (hodisa) yuz berganda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, tovonlar va boshqa to‘lovlar to‘lash uchun maqsadli pul jamg‘armalarini tashkil etish hamda ulardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan, jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini himoya qilishga doir munosabatlardir. Sug‘urta qilish sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalovchi o‘rtasida tuziladigan sug‘urta shartnomasi asosida amalga oshiriladi.

Sug‘urta shartnomasi sug‘urtalovchi va sug‘urta qildiruvchi o‘rtasida yozma yoki elektron shaklda tuzilgan bitim bo‘lib, sug‘urta qildiruvchi unga muvofiq sug‘urta mukofotini (sug‘urta badalini) sug‘urta shartnomasida belgilangan tartibda, muddatlarda va hajmda to‘laydi hamda sug‘urta shartnomasida yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajaradi, sug‘urtalovchi esa sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan muayyan voqea (sug‘urta hodisasi) yuz berganda sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Mohiyatiga ko‘ra sug‘urta jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy va shaxsiy manfaatlarini ko‘zda tutilmagan tavakkalchiliklardan himoya qilishning huquqiy-moliyaviy mexanizmidir. Sug‘urtaga ko‘ra sug‘urtalovchi (kompaniya) sug‘urta hodisasi (avariya, kasallik, yong‘in) yuz berganda mijozlarning badallari (mukofotlari) hisobidan shakllantiriladigan tovon to‘lash majburiyatini oladi.

Sug‘urta shunchaki rasmiyatchilik emas, balki sug‘urtalanuvchi uchun kutilmagan hodisalardan himoyalanishning muhim vositasidir. Unga ko‘ra muayyan xavf-xatar (masalan, baxtsiz hodisa, kasallik, yong‘in) yuzaga kelganda zarar qoplanishi yoki moliyaviy yordam berilishi mumkin. Sug‘urta 2 ta sohaga bo‘linadi.

Hayotni sug‘urta qilish (jismoniy shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i,

mehnat qobiliyati va pul ta’minoti bilan bog‘liq manfaatlarini sug‘urta qilish). Bunda shartnoma bo‘yicha sug‘urtaning eng kam muddati bir yilni tashkil etadi hamda sug‘urta summalarining sug‘urta shartnomasida ko‘rsatib o‘tilgan oshirilgan foizni o‘z ichiga oluvchi bir martalik yoki davriy to‘lovlarini qamrab oladi.

Umumiy sug‘urta (shaxsiy, mulkiy sug‘urta, javobgarlikni sug‘urta qilish hamda hayotni sug‘urta qilish sohasiga taalluqli bo‘lmagan boshqa sug‘urta turlari) turidir.

Sug‘urta tavakkalchiliklarining yoki ular guruhlarining va ular bilan bog‘liq majburiyatlarning umumiy xususiyatlariga muvofiq sug‘urta sohalari sug‘urta turlariga (klasslariga) bo‘linadi. Sug‘urta turlari (klasslari) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

O‘zbekistonda ham sug‘urta bozori faol rivojlanib bormoqda hamda jismoniy shaxslar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham uchun ham foydali yechimlarni taklif etmoqda.  Odamlar har qanday kutilmagan holatlar jiddiy xarajatlarga, ba’zan esa barqarorlikning yo‘qolishiga olib kelishi mumkinligini,  sug‘urta xatarlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rish va ularning oqibatlarini minimallashtirish imkoniyatini berishi bilan ahamiyatli ekanligshini tobora ko‘proq anglab yetmoqdalar.

Sug‘urta munosabatlarida polis va kompensatsiya olish jarayoni bir qarashda ko‘ringanidek murakkab emas. Rivojlangan davlatlarda sug‘urta munosabatlari keng tarqalgan hamda sug‘urta kompaniyalari sug‘urtalanuvchilarning ishonchini qozongan. Asosiysi, kompaniyani tanlash, hujjatlarni rasmiylashtirish va shartnoma shartlariga rioya qilishga diqqat bilan yondashish lozim.

Muvaffaqiyatli sug‘urta tajribasi quyidagi bosqichlardan iborat:

Sug‘urta kompaniyasini to‘g‘ri tanlash;

Shartnomani shartlarini belgilash va to‘g‘ri rasmiylashtirish;

Badallarni to‘lash haqida kelishish;

Sug‘urtaning amal qilishi belgilab olish;

Kompensatsiya to‘lash.

Shuni yodda tutish kerakki, sug‘urta faqat ikkala tomonning vijdonan yondashuvi bilan ishlaydi, shuning uchun sug‘urtalanuvchi ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etishi, faktlarni yashirmasligi, shartnoma shartlarini bajarishi kerak. Sug‘urtalovchi ham o‘z navbatida polisdagi shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarga aniq rioya qilishi shart.

Hozirgi vaqtda sug‘urta munosabatlari rivojlanib, ham iqtisodiyot sohasida ham inson huquqlari sohasida ahamiyati ortib boryotganligi sababli, inson huquqlari buyicha uzoq muddatli strategiyada sug‘urta munosabatlarini tartibga oluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish nazarda tutilgan edi.

Sug‘urta munosabatlari 2022-yilga qadar “Sug‘urta to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solingan bo‘lsa, 2022-yil 25-fevraldan boshlab “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solinadigan bo‘ldi. Mazkur Qonun sug‘urtani rivojlantirishning, sug‘urta bozorini shakllantirishning huquqiy asoslarini, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda sug‘urtaning mavqei va o‘rnini belgilab beradi. Fuqarolar va yuridik shaxslarning sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan talablari to‘liqroq qondirilishini kafolatlaydi, sug‘urta munosabatlari barcha ishtirokchilarining manfaatlari himoya qilinishi va majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlaydi.

Shu bilan birga 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kiritildi. Davlat ijtimoiy sug‘urtasi ham mehnat shartnomalari ham fuqarolik huquqiy shartnomalari asosida xizmat qiluvchi xodimlarni huquqiy himoya qilishda asosiy xujjat hisoblanadi. Davlat ijtimoiy sug‘urtasi quyidagi toifadagi fuqarolar uchun majburiy tartibda amalga oshirilishi belgilandi.

Ular:

mehnat shartnomalari asosida mehnat faoliyati (muayyan ishlarni bajarishga vaqtincha (mavsumiy) jalb qilinadiganlar bundan mustasno), yuridik shaxslar rahbarlari sifatidagi faoliyat;

yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida xizmatlar ko‘rsatish, ishlar bajarish yoki intellektual mulk obyektlarini yaratish bo‘yicha ishlar.

Kasallik tufayli vaqtincha mehnatga layoqatsizlik;

homiladorlik va tug‘ruq;

ish yoki daromadni yo‘qotish hodisalari yuz bergan taqdirda sug‘urtalangan shaxslarga yoki ularning oila a’zolariga tegishli nafaqalar, shu jumladan, ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanishi kafolatlanadi.

O‘zbekistonda iqtisodiyotning rivojlanib boryotganligi, iste’mol faolligining oshayotganligi, tadbirkorlikning kengayayotganligi va yangi kompaniyalar paydo bo‘lyotganligi sug‘urta munosabatlariga talabning oshishiga olib keladi. Bularning barchasi xavf darajasini oshiradi, sug‘urta esa moliyaviy himoya, xarajatlardan qochish, tavakkalchiliklardan qo‘rqmaslik, ehtimoliy yo‘qotishlarning oldini olish va umuman ko‘zda tutilmagan xavf-xatarlarda  yuridik himoyaga ega bo‘lishning muhim shartidir.

 

Risolat Abdullayeva, fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudining sudyasi

Korrupsiyaga qarshi kurash jamiyat taraqqiyotining muhim omili

Korrupsiya har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotiga jiddiy toʻsiq boʻluvchi xavfli illat hisoblanadi. U qonuniylikka putur yetkazadi, fuqarolarning davlatga boʻlgan ishonchini susaytiradi, ijtimoiy adolat prinsiplarini buzadi hamda iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’sir koʻrsatadi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurash bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borishda qonuniylikni ta’minlash va davlat boshqaruvida shaffoflikni oshirish muhim ahamiyatga ega. Davlat organlari faoliyatining ochiqligi, qarorlar qabul qilish jarayonining jamoatchilik uchun tushunarli boʻlishi korrupsiya xavfini kamaytiradi.

Oʻzbеkiston Rеspublikasi Prеzidеnti Shavkat Mirziyoеv 2025-yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kеngashi yigʻilishida ishtirok etdi va yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish boʻyicha qilingan ishlarga toʻxatilib, kеlgusi vazifalar bеlgilandi.

Mazkur yigʻilishda bеlgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdеk, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yangi tizimni joriy etib, ushbu masalaga jamoatchilik, parlamеnt va fuqarolik jamiyati institutlarini kеng safarbar etish maqsadida Oʻzbеkiston Rеspublikasi Prеzidеntining 2025-yil 21-aprеldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha bеlgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-71-sonli Farmoni qabul qilindi.

Ushbu Farmon orqali Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kеngashning 2025-yil 5-martda oʻtkazilgan kеngaytirilgan yigʻilishida bеlgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash boʻyicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati va amaliy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida jamiyat va har bir fuqaroning faol ishtiroki zarur. Har bir inson qonunlarga rioya qilishi, pora bеrish va olishga murosasiz munosabatda boʻlishi, korrupsiyaviy holatlarga duch kеlganda tеgishli idoralarga murojaat qilishi lozim.

Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqiy choralar bilan bir qatorda ma’naviy tarbiya ham muhim ahamiyatga ega. Yosh avlodni halollik, adolat, qonunga hurmat ruhida tarbiyalash orqali jamiyatda korrupsiyaga qarshi “ma’naviy immunitеt”ni shakllantirish mumkin.

Oila, ta’lim muassasalari va jamoatchilik bu borada oʻzaro hamkorlikda ish olib borishi zarur.

Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash uzluksiz va barchani qamrab oluvchi jarayondir. Qonuniylik, shaffoflik, jamoatchilik nazorati va yuksak huquqiy madaniyat orqali korrupsiyaning oldini olish mumkin. Halollik va adolatni hayot qoidasiga aylantirgan jamiyatgina barqaror taraqqiyotga erisha oladi.

 

Adolat Muqumova, Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi

Xotin-qizlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish jamiyat barqarorligining muhim omili

Jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bilan chambarchas bog‘liq. Bu borada xotin-qizlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hamda huquqiy tarbiyani kuchaytirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xotin-qizlar orasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning asosiy sabablari orasida huquqiy bilimning yetarli emasligi, ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar, oilaviy muammolar, ishsizlik hamda ayrim hollarda psixologik bosimlar muhim o‘rin tutadi. Shu bois, profilaktika ishlarini olib borishda faqat huquqiy choralar bilan cheklanib qolmasdan, kompleks yondashuvlarni qo‘llash zarur.

Huquqbuzarliklarning oldini olishda huquqiy tarbiya va huquqiy savodxonlikni yuksaltirish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Xotin-qizlar o‘rtasida huquqiy bilimlarni oshirish maqsadida davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, huquqiy seminar va treninglar tashkil etish, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali tushuntirish ishlarini olib borish samarali natija bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari belgilangan. Ushbu qaror asosida xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, gender tenglik kafolatlarini ta’minlash, ilmiy faoliyatga keng jalb qilish kabi vazifalar belgilangan.

Shuningdek, profilaktika inspektorlari, mahalla faollari, xotin-qizlar qo‘mitalari, ta’lim muassasalari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, muammoli oilalardagi xotin-qizlar bilan individual tartibda ish olib borish, ularga psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga xizmat qiladi.

Qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashda xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash ham muhim masaladir. Huquqiy ongi yuksak, o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladigan ayol jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga, yosh avlodni qonuniylik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘sha oladi. Zero, ona tarbiyasi kelajak jamiyat poydevoridir.

Xotin-qizlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, huquqiy savodxonlik hamda huquqiy tarbiyani yuksaltirish uzviy bog‘liq jarayondir. Bu borada davlat organlari, jamoat tashkilotlari va keng jamoatchilikning hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari barqaror, adolatli va huquqiy jamiyatni barpo etishning muhim kafolatidir.

 

Fayyoza Qambarova, Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va sud-huquq tizimida kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan Qonun

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy-huquqiy voqea bo‘lib, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash yo‘lida yangi bosqichni boshlab berdi. Konstitutsiyada belgilab berilgan yangi normalar va tamoyillarni hayotga to‘liq tadbiq etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyati hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 9-iyunda imzolangan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi OʻRQ-1067-sonli Qonun ushbu o‘zgarishlarning mustahkam poydevori bo‘ldi.

Mazkur qonun yangi tahrirdagi Konstitutsiya ruhiga tayangan holda sud hokimiyatini mustahkamlash bilan birga, har bir fuqaroning daxlsiz huquqlarini ro‘yobga chiqarib, sud himoyasini kuchaytirdi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan eng muhim o‘zgarishlardan biri – aybdorlikka oid har qanday shubha yuzaga kelsa, uni bartaraf etish imkoniyati tugagan bo‘lsa, u shubha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi shart. Qolaversa, Qonunni qo‘llashda paydo bo‘lgan shubhalar ham shaxs foydasiga yechiladi.

Dastlabki tergov bosqichidan to sudgacha bo‘lgan har qadamda fuqaroning pozitsiyasi kuchaytirildi. Aybsizlikni isbotlash majburiyati bekor qilindi, shaxs o‘z aybsizligini isbotlashi shart emas. U istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Eng og‘ir holatlarda ham, agar shaxsning aybini tan olgani yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi mumkin emas.
Qonun nafaqat shaxsning o‘zini, balki uning yaqinlarini ham himoyaga oladi. Endi hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatuv berishga majbur emas. Shu bilan birga biror shaxsning sudlanganligi uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas.

Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan butunlay mustaqil holda ish yuritadi. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ko‘rinib turibdiki, kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar avvalo, sudlarning mustaqilligi va xolisligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Sudyalarning faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, ularning qaror qabul qilishda faqat qonunga va ichki ishonchga tayanishini ta’minlash bo‘yicha huquqiy mexanizmlar kuchaytirildi. Bu esa sud qarorlarining adolatli, asosli va shaffof bo‘lishini kafolatlaydi.

Shuningdek, Qonun fuqarolarning sudga murojaat qilish, o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan normalarni o‘z ichiga oladi. Sud muhokamasida taraflarning tengligi, tortishuv tamoyili, dalillarni taqdim etish va baholashda ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha qoidalar yanada aniq va ravshan ifodalandi. Bu esa inson huquqlarini ta’minlashda sudning hal qiluvchi rolini yanada mustahkamlaydi.

Xulosa qilganda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganidan keyin qabul qilingan mazkur Qonun sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, qonuniylik va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu qonun sudlarning haqiqiy mustaqil faoliyat yuritishi va fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

Usmon Latipov, Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi raisi o‘rinbosari

Boshqaruv tizimini isloh qilish yo‘lida muhim qadam

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolat va mas’uliyatini oshirish, aholining davlat hokimiyati organlari faoliyatidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonning mantiqiy davomi sifatida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish munosabati bilan  2025-yil 30-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1109-sonli Qonuni qabul qilindi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini aniq belgilashga qaratilgan ushbu Qonunning qabul qilinishi mahalliy darajada samarali, ochiq va hisobdor boshqaruvni yo‘lga qo‘yib, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.

Mazkur hujjat bilan ayrim Qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalarini aniqlashtirishni nazarda tutadi.

Jumladan, “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari shahar yo‘lovchilar transporti sohasida bir qator yangi vakolatlarga ega bo‘ldi. Ular bekatlar, to‘xtab o‘tish va dispetcherlik manzillarini hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, qurish va obodonlashtirish masalalarini hal qiladi.

Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari aholiga transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha shahar yo‘lovchilar transportini boshqarish organlari bilan shartnomalar tuzadi, transport harakatini tashkil etish rejalarini ishlab chiqadi hamda yo‘lovchilar tashish xizmatlari sifati ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Qonun bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga avtomobil transportini rivojlantirish bo‘yicha kompleks mintaqaviy dasturlarni tasdiqlash va ularning ijrosini nazorat qilish vakolati ham berildi.

Bundan tashqari mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari mahalliy budjetlarning yong‘in xavfsizligi, shu jumladan, yong‘indan saqlash xizmati ta’minoti xarajatlariga oid qismini tasdiqlashi belgilandi.

Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan, hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini to‘liq amalga oshirishga, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirishga, mahalliy davlat hokimiyatini yangicha sharoitlarda yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Shuningdek, mahalliy boshqaruvda “xalq manfaatiga xizmat qilish” tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarish, fuqarolarning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, hududlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Ushbu qonun mahalliy hokimiyat organlarining samaradorligini oshirish, ularning javobgarligini kuchaytirish hamda fuqarolar manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishga xizmat qiladi.

 

Laziz Abdullayev, Qashqadaryo viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘icha sudyasi

Skip to content