Xususiy ajrimlar muhim sud hujjatlaridir
O‘zbekiston Respublikasi JPKning 298-moddasiga ko‘ra jinoyat ishini ko‘rish jarayonida jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar aniqlanganidan keyin sud xususiy ajrim chiqarib, unda tegishli davlat organlaridan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, jamoat birlashmalaridan, jamoalardan yoki mansabdor shaxslardan ana shu sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishni talab qiladi.
JPK 299-moddasiga ko‘ra jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to‘g‘risidagi taqdimnoma yoki xususiy ajrim yuborilgan davlat organi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, jamoat birlashmasi, jamoa yoki mansabdor shaxs zarur choralarni ko‘rishi va ko‘rilgan choralarning natijalari to‘g‘risida kechi bilan bir oylik muddat ichida tegishlicha surishtiruvchini, tergovchini, prokurorni yoki sudni xabardor qilishi shart.
Taqdimnoma yoki xususiy ajrim bajarilmagan yoki vijdonan bajarilmagan taqdirda korxona, muassasa yoki tashkilotning rahbari qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi.
JPK 300-moddasiga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror taqdimnoma, sud esa, xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan tegishli korxona, muassasa va tashkilot rahbarini va jamoasini jinoyatning oldini olish yoki uni fosh etishda fuqaro yuksak onglilik, jasorat ko‘rsatgani, ijtimoiy burchini namunali bajarganligi to‘g‘risida xabardor qilishi mumkin.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra 2025-yilning 11 oyi davomida Qashqadaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlari tomonidan jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, jami 2.582ta xususiy ajrimlar chiqarilgan.
Mazkur statistik ko‘rsatkichlarga ko‘ra chiqarilgan xususiy ajrimlar jami ko‘rilgan jinoyat ishlarining 69,56 foizini tashkil qiladi.
Jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan 2.043 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan bo‘lib, shundan:
1.846ta xususiy ajrimlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga;
73ta xususiy ajrimlar jinoyat sodir etilgan yoki uning kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan ish yoki o‘qish joylariga;
124ta xususiy ajrimlar korxona, muassasa va tashkilotlarga;
– 441ta xususiy ajrimlar esa ichki ishlar organlari yoki boshqa huquqni muhfoza qiluvchi organlarga chiqarilgan.
Dastlkbi tergov yoki surishtiruv harakatlari olib borish davomida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan 411 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan bo‘lib, shundan:
146 ta xususiy ajrimlar IIOlariga;
60 ta xususiy ajrimlar prokuratura organlariga;
24 ta xususiy ajrimlar esa, boshqa surishtiruv yoki dastlabki tergov organlariga chiqarilgan.
Shuningdek, qayd etilgan davrda tegishli korxona, muassasa va tashkilot rahbarini va jamoasini jinoyatning oldini olish yoki uni fosh etishda fuqaro yuksak onglilik, jasorat ko‘rsatgani, ijtimoiy burchini namunali bajarganligi to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida, jami 3 ta (jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudi tomonidan) xususiy ajrim chiqarilgan.
Xususiy ajrimda aniqlangan kamchilik va xatoliklar mohiyati bayon etiladi, shuningdek, ular bilan sodir etilgan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik o‘rtasidagi bog‘lanish ko‘rsatiladi va ularni bartaraf etish uchun zarur choralar ko‘rish tavsiya etilishi haqida tushuntirishlar berilgan.
Maxfirat Ochilova, Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi






