KONSTITUTSIYANING BEVOSITA AMAL QILISHI sudlar faoliyatida qanday ahamiyatga ega?

Darhaqiqat, Konstitutsiya o‘z yuridik maqomi va mazmun-mohiyatiga ko‘ra, oliy darajadagi qonun bo‘lib, o‘zida har bir davlatning o‘ziga xos qiyofasi hamda tarixiy-huquqiy an’analarini, uning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tuzumini, taraqqiyot yo‘lini, buguni va ertasini, fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari hamda burchlarini ifoda etadi.

Boshqacha aytganda, har qanday davlatning kelajagi va xalqining taqdiri ko‘p jihatdan Konstitutsiyaning qanday bo‘lishiga bog‘liq.

Shu ma’noda, “Konstitutsiyaning bevosita amal qilishi” tamoyili asosida tubdan yangilanayotgan Bosh qonunimizga kiritilayotgan muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalardan ko‘zlangan pirovard maqsadlardan biri ham, avvalombor, inson va fuqarolarning tabiiy, ajralmas hamda xalqaro huquq bilan kafolatlangan huquq va erkinliklarini oliy qonun darajasida yanada mustahkamlash, mamlakatda konstitutsiyaviy tartibot va qonuniylikni, uning davlat idoralari faoliyatida, har bir fuqaro hayotida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlashdan iboratdir.

Xo‘sh, Konstitutsiyaning bevosita amal qilishi sudlar faoliyatida huquqiy jihatdan qanday ahamiyat kasb etadi, bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasining o‘ziga xos jihatlari nimada, nima uchun sud hujjatlarini kodekslar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan asoslaymizda, Konstitutsiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llamaymiz?

Avvalombor, bu borada jahon davlatlarining konstitutsiyashunoslik amaliyotiga nazar tashlasak, Konstitutsiyaning davlat ichida amal qilishi (qo‘llanilishi) yuzasidan ikki xil nazariy yondashuv mavjudligini qayd etish lozim. Ya’ni, birinchi yondashuv Bosh qonunning huquqni qo‘llash amaliyotida bevosita amal qilishi bo‘lsa, ikkinchi yondashuv uning bilvosita qo‘llanilishidir. Albatta, har ikkala yondashuv ham Konstitutsiyaning ustunligini, boshqa hech qanday normativ-huquqiy hujjatlar unga zid kelishi mumkin emasligini e’tirof etadi.

Shuni qayd etish joizki, ko‘plab xorijiy mamlakatlar sudlarining odil sudlov sohasida huquqni qo‘llash amaliyotida Konstitutsiyaning bevosita amal qilishi, sud qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishi alohida e’tiborga molikdir.

Shu nuqtai-nazardan qaraganda bugun Bosh qonunimizga kiritilayotgan tub demokratik o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham o‘zining mazmuni va ahamiyatiga ko‘ra odil sudlovni amalga oshirishda, huquqni qo‘llash amaliyotida soha vakillari zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi barobarida jamiyat hayotida Konstitutsiyaning bevosita amal qilishini, uning  ustuvorligini ta’minlashdek ustuvor vazifani ham yuklaydi. Nega deganda, hanuzgacha milliy sud amaliyotida Konstitutsiyani qo‘llash, sud hujjatlarini (hal qiluv qarori, hukm, qaror) nafaqat joriy qonunlar, balki konstitutsiyaviy normalar bilan ham asoslash sud statistikasida deyarli uchramaydi.

E’tiborli va muhim tomoni shundaki, Konstitutsiyaning 15-moddasi quyidagi mazmundagi, ya’ni “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi” degan ikkinchi qism to‘ldirilganligi ham bejizga emas. Sababi, ushbu norma Bosh qonunimizning barcha davlat idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida bevosita amal qilishi va qo‘llanilishi lozimligini nazarda tutmoqda.

Holbuki, sud davlat hokimiyatining alohida va mustaqil tarmog‘i sifatida sud hujjatlarida Konstitutsiyani bevosita qo‘llash orqali uni harakatga keltiruvchi, konstitutsiyaviy huquq tartibotni mustahkamlovchi yagona va oliy organdir.

Shunday ekan, sud hujjatlarida Bosh qonunimizda kafolatlangan inson huquqlariga oid normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilishi, sud qarorlarini Konstitutsiya bilan asoslash amaliyotiga o‘tish fuqarolarning huquqiy ongi va tafakkurini yuksaltirishi bilan bir qatorda jamiyatda Konstitutsiya va qonunlarga hurmatda bo‘lish mas’uliyatini ham birdek oshirishi shak-shubhasizdir.

Zero, sud qarorini yozgan sudya tomonidan Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishi jamiyatda qonuniylik va adolatni o‘rnatish vazifasini bajarishi bilan birga konstitutsiyaviy huquqiy savodxonlikni oshirishga ham xizmat qiladi.

 

Muhiddin Bazarov, Qashqadaryo viloyat sudining sudyasi