Qashqadaryo viloyat sudlari mutasaddilari ishtirokida Kasbi tumanida sud-huquq masalalari bo‘yicha sayyor qabul tashkil etildi

Qashqadaryo viloyat sudlari mutasaddilari tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar, nikohdan ajratish, tadbirkorlik subyektlari ishtirokidagi nizolar hamda fuqarolarning murojaatlari ko‘paygan hududlarda profilaktika ishlarini jonlashtirishga qaratilgan sayyor qabullarning navbatdagisi Kasbi tumani “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etildi.

Mazkur sayyor qabulda turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda huquqiy maslahat va ko‘mak so‘rab kelgan 25 nafar fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Har bir murojaat sud mas’ullari tomonidan atroflicha o‘rganilib, ko‘mak so‘rab kelgan fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.

Sayyor qabul doirasida jinoyat ishlari bo‘yicha Kasbi tuman sudining sayyor sud majlisi o‘tkazilib, unda voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq ishlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, sayyor sud majlisi davomida Kasbi tumani ichki ishlar bo‘limi Probatsiya guruhi nazoratida turgan ikki nafar mahkum muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi