Qashqadaryo viloyat sudlari mutasaddilari ishtirokida Muborak tumanida sud-huquq masalalari bo‘yicha sayyor qabul tashkil etildi

Qashqadaryo viloyat sudlari mutasaddilari tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar, nikohdan ajratish, tadbirkorlik subyektlari ishtirokidagi nizolar hamda fuqarolarning murojaatlari ko‘paygan hududlarda profilaktika ishlarini jonlashtirishga qaratilgan sayyor qabullar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Sud-huquq masalalari bo‘yicha o‘tkazib kelinayotgan ana shunday sayyor qabullarning navbatdagisi Muborak tumani “Qarliq” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etildi.

Mazkur sayyor qabulda turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda huquqiy maslahat va ko‘mak so‘rab kelgan 29 nafar fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Har bir murojaat sud mas’ullari tomonidan atroflicha o‘rganilib, ko‘mak so‘rab kelgan fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

 

G‘uzor tumanida sudyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan ma’rifiy-huquqiy tadbirlar o‘tkazilmoqda

G‘uzor tumani “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tumani sudi raisi Laziza Rasulova, G‘uzor tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Nodir Xo‘jaqulovlar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar sudyalar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi hamda Referendum: uning tashkiliy-huquqiy asoslari va bosqichlari xususida o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi.

Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar olishdi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo’limi

Qashqadaryo viloyat sudi mas’ullari ishtirokida Yakkabog‘ tumanida sayyor qabul tashkil etildi

Jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholining huquqiy mavzudagi murojaatlariga yechim izlashga qaratilgan ishlarni jonlantirish maqsadidagi Qashqadaryo viloyat sudlari raislari va o‘rinbosarlari tomonidan olis qishloq, mahalla va ovullarda o‘tkzib kelinayotgan sayyor qabullarning navbatdagisi Yakkabog‘ tumani “Ishkent” MFY da o‘tkazildi.

Tashkil etilgan sayyor qabulda turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda huquqiy maslahat va ko‘mak so‘rab kelgan 29 nafar fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Har bir murojaat sud mas’ullari tomonidan atroflicha o‘rganildi. Murojaatlar nazoratga olinib, ko‘mak so‘rab kelgan fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.

Sayyor qabul doirasida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida Yakkabog‘ tuman IIB Probatsiya guruhi nazoratida turgan 10 nafar mahkumlarning o‘talmay qolgan jazosini muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish haqidagi taqdimnoma ko‘rib chiqildi va mazkur fuqarolar jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ sudi tomonidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Qashqadaryo viloyat ma’muriy sudida davra suhbati tashkil etildi

Qashqadaryo viloyat ma’muriy sudida Qashqadaryo viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2023 yil 14 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qarori yuzasidan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirni Qashqadaryo viloyat ma’muriy sudi raisi vazifasini bajaruvchi B.Qilichov ochib berdi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2023 yil 16 mart kunidagi 11-107-23-sonli xati yuzasidan ma’ruza qilib, mazkur topshiriq xati ijrosini munosib ta’minlash lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng, Qashqadaryo viloyat Adliya boshqarmasi xodimi R.Raxmonov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining loyihasi yuzasidan ma’ruza qildi.

Davra suhbati ishtirokchilari mavzu yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo’limi

Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish bo‘yicha yig‘ilish tashkil etildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi tomonidan “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat kadastrini yuritish tizimini takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risi”gi Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Qamashi tumani prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi Qamashi tuman bo‘limi, Kadastr agentligi Qamashi tuman bo‘limi xodimlari ishtirok etishdi.

Dastlab jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi raisi O.Mustafayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi ikkinchi-to‘rtinchi qismlari, 60/1, 68, 68/1, 69-moddalariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida batafsil tushuntirish berdi.

Yig‘ilish davomida Kadastr agentligi tomonidan jismoniy hamda yuridik shaxslarga nisbatan yer qonunchiligi buzilishi holatlari yuzasidan chiqarilayotgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida qarorlarga nisbatan fuqarolar tomonidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushayotganligi, kadastr agentligi xodimlari tomonidan ushbu qarorlarni qabul qilishda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilatganligi ta’kidlandi. Jumladan yer uchastkasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaganlik holatlari bo‘yicha ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgarishlardan oldin mulk huquqi e’tirof etilgan shaxslarga nisbatan ham ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida qarorlar qabul qilinayotganlik holatlari mavjudligi, bu esa o‘z navbatida fuqarolarning e’tiroziga sabab bo‘layotganligi, bundan tashqari ko‘plab fuqarolarda mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kerakligi haqida tushuncha yo‘qligi, kadastr agentligi xodimlari tomonidan ularni tushuntirish bermasdan turib ham ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi holatlari ko‘plab mavjudligi va bu ham fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘latganligi aytib o‘tildi. Bu esa o‘z navbatida sudga kelib tushayotgan ariza va shikoyatlarning ortib ketayotganligiga sabab bo‘layotganligi, ba’zi holatlarda esa fuqarolarning yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinganlik harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lsada, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi uchrayotganligi sababli ham ushbu kabi muammolarning oldini olish maqsadida fuqarolar o‘rtasida ko‘proq tushuntirish ishlari olib borish lozimligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng so‘z olgan tuman prokurori yordamchisi A.Hasanov o‘z nutqida kadastr agentligi xodimlarining soni kamligi sababli tumanda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari yoki noqonuniy qurilishlarni to‘liq aniqlash ko‘p vaqt talab qilishi, shu bois agentlik xodimlari bilan tumandagi mahalla raislari va hokim yordamchilari hamkorlikda ishlashlari lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi ikkinchi-to‘rtinchi qismlari, 60/1, 68, 68/1, 69-moddalari bilan tuzilayotgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasdan hamda qonuniy qaror qabul qilishlari lozimligi, aks holda ushbu qarorlar prokuratura yoki sud tomonidan bekor qilinishi mumkinligi haqida tushuntirib o‘tdi.

Uchrashuv yakunida jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi raisi O.Mustafayev fuqarolarga qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlar, yer qonunchiligi bo‘yicha bo‘layotgan o‘zgarishlar xususida to‘liq tushuntirishlar berib, o‘tdi va yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga javob berdi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

DIQQAT, TANLOV!

Qashqadaryo viloyat, tuman, shahar va tumanlararo sudlarining quyidagi bo‘sh ish o‘rinlariga tanlov e’lon qilinadi:

– Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining sudya yordamchisi vazifasiga 1 nafar;

– G‘uzor tumanlararo iqtisodiy sudining devonxona mudiri vazifasiga 1 nafar.

Tanlovda oliy yuridik ma’lumotli, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan shaxslar qatnashishi mumkin.

Nomzodlar ochiqlik, shaffoflik, tenglik prinsiplari asosida Komissiya tomonidan belgilangan tartibda suhbatdan o‘tkaziladi.

Arizalar 2023-yil 20-yanvar soat 17:00 ga qadar qabul qilinadi.

Murojaat uchun tel: (75) 221-05-58.

Elektron pochta manzili: qash.kadr@sud.uz

Manzil:  Qashqadaryo viloyat sudi (180108, Qarshi shahri Bunyodkorlik ko‘chasi 10 a uy)

DIQQAT, TANLOV!

Qashqadaryo viloyat, tuman, shahar va tumanlararo sudlarining quyidagi bo‘sh ish o‘rinlariga tanlov e’lon qilinadi:

– Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining sudya yordamchisi vazifasiga 1 nafar;

– G‘uzor tumanlararo iqtisodiy sudining devonxona mudiri vazifasiga 1 nafar.

Tanlovda oliy yuridik ma’lumotli, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan shaxslar qatnashishi mumkin.

Nomzodlar ochiqlik, shaffoflik, tenglik prinsiplari asosida Komissiya tomonidan belgilangan tartibda suhbatdan o‘tkaziladi.

 

Arizalar 2023yil 20-yanvar soat 17:00 ga qadar qabul qilinadi.

Murojaat uchun tel: (75) 221-05-58.

Elektron pochta manzili: qash.kadr@sud.uz 

Manzil:  Qashqadaryo viloyat sudi (180108, Qarshi shahri Bunyodkorlik ko‘chasi 10 a uy)

IBRATLI SUDYA

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan joriy etilgan sudyalarning reyting ko‘rsatkichlarida yuqori natijalarga erishgan sudyalarni “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlash belgilangan.

Sudyalar oliy kengashi qarori bilan odil sudlovga erishishdagi ko‘rsatkichlari barobarida o‘zining yuksak bilimi va ma’naviy fazilatlari bilan barchaga namuna bo‘layotgan 20 nafar sudya mazkur mukofotga munosib ko‘rildi.

Shu munosabat bilan Sudyalar oliy kengashi tomonidan mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda onlayn topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur marosimda Qashqadaryo viloyat sudi raisi va o‘rinbosarlari, sudyalar hamda sud xodimlari ham ishtirok etishdi.

E’tiborlisi mazkur taqdirlanganlar orasida Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Shahzod Baxtiyorov ham bor.

Sud tizimida 21 yillik faoliyati davomida Shahzod Baxtiyorov o‘zining namunali fazilati, bilimi, malakasi, halolligi va o‘z ustida tinimsiz ishlash kabi xususiyatlari bilan hamkasblar o‘rtasida hurmat qozonib kelgan.

Shahzod Baxtiyorovni «Ibratli sudya» mukofoti bilan samimiy tabriklaymiz. Jamiyatda adolat barqarorligini ta’minlashdagi sharafli va mas’uliyatli faoliyatida ulkan zafarlar tilab qolamiz!

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

 

Qarshi tumanlararo Iqtisodiy sudi sudyalari tomonidan tadbirkorlar manfaatida kiritilayotgan da’vo arizalari muhokamasiga oid seminar yig’ilishi bo’lib o’tdi

Qarshi tumanlararo Iqtisodiy sudi sudyalari tomonidan 2021 yil 30 aprel kuni Savdo-sanoat palatasi binosida tadbirkorlar va tashkilotlar yuristlari ishtirokida “Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlar manfaatida kiritilayotgan da’vo arizalari muhokamasi”ga bag’ishlangan seminar o’tkazildi . Seminarda Palata tomonidan 2019-2020 yillarda kiritilgan da’vo ishlari , bu borada yo’l qo’yilgan xato va kamchilkklar birma-bir muhokama qilindi. Seminarda tadbirkorlar o’zlarini qiziqtirgan savolllariga javob olishdi.

Qashqadaryo viloyat sudi

Qashqadaryo viloyat sudida «Apellyatsiya tartibida ish ko‘rish amaliyoti» mavzusida seminar bo’lib o’tdi

Qashqadaryo viloyati sudi binosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2021 yil 20 apreldagi “Sudlar tomonidan jinoyat, fuqarolik, ma’muriy hamda iqtisodiy ishlarni apellyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi Plenumi qarorlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar avvalida viloyat sudining raisi A.Mahkamov so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda sud-huquq tizimida qat’iyat bilan olib borilayotgan islohotlarning navbatdagi bosqichida inson huquqlarining ishonchli himoyasini to‘la-to‘kis ta’minlash maqsadida sud qarorlarini qayta ko‘rish institutlari yanada takomillashtirilganligi xususida so‘z yuritdi.

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi beshta qonun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotining mantiqiy davomi bo‘ldi.

Ushbu qonunlar, YAngi O‘zbekistonda sud tizimini tubdan yangilashning navbatdagi muhim va yuksak bosqichiga qadam qo‘yilganidan dalolatdir.

Mazkur qonunlarda fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellyasiya va kassatsiya instansiyalarini isloh qilish, nazorat tartibida ish yuritish institutini bekor qilish, prokurorning ayblovdan voz kechishining huquqiy asoslari va protsessual tartibini belgilash nazarda tutildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Bir sud – bir instansiya” tamoyili ilgari surilganligi birinchidan, sud qarorlarini qayta ko‘rish tizimida yillar davomida to‘planib qolgan muammolarning hal qilinishiga kuchli turtki bergan bo‘lsa, ikkinchidan, ushbu tizimning tubdan qayta ko‘rib chiqilishiga asos yaratdi.

“Bir sud – bir instansiya” tamoyiliga ko‘ra, endilikda, birinchidan, xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratildi. YA’ni:

birinchi instansiya – tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar bo‘yicha – viloyat sudlari;

apellyatsiya instansiyasi – viloyat sudlari, birinchi instansiyada viloyat sudlari tomonidan ko‘rilgan murakkab toifadagi ishlar bo‘yicha – Oliy sud;

kassatsiya instansiyasi – Oliy suddan iborat bo‘ldi.

Ikkinchidan, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan nazorat instansiyasi to‘liq bekor qilindi.

Viloyat sudi tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan sud ishlari yuzasidan berilgan shikoyatlarni shu sudning o‘zi tomonidan yuqori instansiya sudi sifatida ko‘rilishi amaliyotiga barham berildi. Natijada ushbu jarayondagi korrupsiyaviy omillar bartaraf etilib, shikoyat qilish institutining samaradorligi oshdi – deya fikr bildirdi Qashqadaryo viloyati sudining raisi A.Mahkamov.

SHuningdek seminar davomida, sudlar tomonidan jinoyat fuqarolik ishlari va ma’muriy ishlarning apellyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risidagi ma’ruzalari tinglandi.

Seminar savol-javob tarzida davom etdi.

Qashqadaryo viloyat sudi

Skip to content