Qashqadaryo viloyat sudida “Jamiyatda ayol yuristlarning roli va sud tizimida ishga joylashtirish imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Birlashgan millatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari yuzasidan tavsiyalarini amalga oshirish, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023 yil 10 iyundagi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l xaritasining 15-bandida jamiyatda ayol yuristlarning roli haqida va sud tizimida ishga joylashtirish imkoniyatlari to‘g‘risida ayollarning xabardorligini oshirish bo‘yicha axborot kampaniyalarini o‘tkazish nazarda tutilgan.

Shu maqsadda Qashqadaryo viloyat sudida “Jamiyatda ayol yuristlarning roli va sud tizimida ishga joylashtirish imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirga viloyatimizdagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda faoliyat olib boruvchi huquqshunos xotin-qizlar va bo‘lajak huquqshunos talabalar taklif etildi.

Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligiga alohida e’tibor qaratilishi natijasida sud tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar soni ham salmoqli darajada ko‘paydi.

Birgina Qashqadaryo viloyat sudlarida bugungi kunda 60 dan oshiq  xotin-qizlar faoliyat yuritib kelishmoqda. Ularning o‘z ishiga mas’uliyati, berilgan topshiriq va vazifalarni o‘z vaqtida sifatli bajarishi tizim nufuzining oshishiga va odil sudlovga erishish borasidagi islohotlarda muhim omil bo‘lmoqda.

Tadbir davomida sud tizimiga ishga kirish, huquqshunos nomzodlarning sudyalik lavozimiga tayinlanish tartibi va imkoniyatlari tushuntirib o‘tildi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Qashqadaryo viloyat sudida sudyalar, prokuratura va ichki ishlar organlarining tergov xizmati xodimlari ishtirokida seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi

Qashqadaryo viloyat sudida “Dastlabki tergov va surishtiruv organlari tomonidan jinoyat ishlarini yuritishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik va mavjudlarini bartaraf etish” mavzusida seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari, prokuratura va ichki ishlar organlarining tergov xizmati xodimlari hamda shahar va tumanlardagi xodimlari esa onlayn tarzda ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar jinoyat protsessida inson huquq va erkinliklarini to‘la ta’minlash, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiy muhitni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan himoyalash, jinoyatlarni tez va to‘liq ochish, jinoyat sodir etgan har bir shaxsga adolatli jazo berilishi hamda aybi bo‘lmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etishdi.

Shuningdek qonunni amaliyotga to‘g‘ri tadbiq etishda dastlabki tergov va surishtiruv organlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l quymaslik chora-tadbirlarini belgilab olish va sudlar tomonidan tergov hamda surishtiruv organlariga nisbatan chiqarilgan xususiy ajrimlar,  dalillar maqbulligi hamda oqlov hukmi chiqarilgan ishlar muhokama qilindi.

Seminar mashg‘uloti yakunida yuqorida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli manzilli chora-tadbirlar belgilanib, mas’ullar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Skip to content