Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish – sud-huquq islohotlari doirasida

So‘nggi yillarda mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotini keng ko‘lamli isloh qilish, shuningdek, amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari doirasida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish sohasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, dunyoning ilg‘or demokratik davlatlarida sud hujjatlarini ijro etish sohasida shakllangan tajriba va amaliyot tahlili sohada uzoq muddatli tizimli islohotlar amalga oshirish ehtiyoji mavjudligini, majburiy ijro byurosining tuzilma va vazifalari majburiy ijro tizimi rivojlanishining zamonaviy talablariga javob bermasligini ko‘rsatdi.

Sud hujjatlarini ijro etishdan har qanday bo‘yin tovlashning oldini olishga, shuningdek, fuqarolarning minimal turmush darajasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘lari daxlsizligini kafolatlashga qaratilgan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish zarurati yuzaga keldi.

Shunga muvofiq qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 3 yanvardagi “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-1-sonli Farmonga asosan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, fuqarolar, jamiyat va davlatning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish orqali sudlov samaradorligini ta’minlash maqsadida 2024 yil 1 maydan boshlab, sud hujjatlarini elektron shaklda berish tartibi joriy etilib, bunda iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud hujjatlari asosida ijro hujjatlarini faqat elektron shaklda berish tartibi joriy etilishi, shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan sud hujjatlari asosida berilgan ijro hujjatlari va ijro ishi yuritishi doirasida qabul qilingan qarorlar va boshqa hujjatlar ularning soliq to‘lovchi shaxsiy kabineti orqali olinishi va taqdim etilishi belgilandi.

Shuningdek, fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad belgilanishini, daromadlarning kafolatlangan eng kam miqdori  fuqarolarning qarzdorliklari bo‘yicha pul mablag‘larini undirishda qo‘llaniladi va belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmiga mos kelishi, fuqaroning bank hisob varaqlaridan, jumladan, bank kartalaridan ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorlik bo‘yicha pul mablag‘larini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmidagi mablag‘lar hisobidan ushlab qolish taqiqlanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2024 yil 1 dekabrdan boshlab, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlovchi “Majburiyatlar reyestri” instituti joriy etilishi, ushbu reyestr Majburiy ijro byurosi tomonidan yuritilishi, reyestrda qarzdor haqida ma’lumotlar kiritib borilishi, unga nisbatan ijro ishi doirasida qo‘llanilgan barcha cheklovlar saqlanib qolinishi, reyestrga kiritilgan qarzdorning mol-mulki va pul mablag‘lari aniqlanganda majburiy ijro harakatlari davom ettirilishi, qarzdor ijro hujjati bo‘yicha majburiyatini bajarganda, u vafot etganda, ijro hujjatini berishga asos bo‘lgan sud hujjati yoki boshqa organning hujjati bekor qilinganda yoki ijro hujjati bo‘lgan hujjat bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda, qarzdorning 10 yil davomida mol-mulki yoki pul mablag‘lari haqida ma’lumot aniqlanmaganda yoki qarzdor bankrot deb topilganda, undiruvchining arizasiga ko‘ra, u haqidagi ma’lumotlar reyestrdan chiqarilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari 2024 yil 1 apreldan boshlab sud hujjatlari majburiy ijrosi doirasida mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish faqatgina mol-mulkni qabul qilishdan uni sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish elektron tizimini joriy qilgan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi ham belgilandi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, davlat va jamiyatni tubdan modernizatsiya qilishda eng avvalo, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud mustaqilligini ta’minlash, odil sudlovga erishish, qonuniylikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Orif Qurbonov, Qashqadaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi

Qashqadaryo viloyati sudlari mutasaddilari tomonidan Kasbi tumanida sud-huquq masalalari bo‘yicha sayyor qabul o‘tkazildi

Jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholining huquqiy mavzudagi murojaatlariga yechim izlashga qaratilgan ishlarni jonlantirish maqsadidagi Qashqadaryo viloyat sudlari raislari va o‘rinbosarlari tomonidan Kasbi tumanida sayyor qabul tashkil etildi.

Sayyor qabul davomida turli masalalarda huquqiy maslahat va ko‘mak so‘rab kelgan 31 nafar fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Barcha fuqarolarning murojaatlari sud mas’ullari tomonidan atroflicha o‘rganildi. Ko‘mak so‘rab kelgan fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.

Bo‘lib o‘tgan sayyor qabul davomida fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida Qashqadaryo viloyat sudi raisi Abduqayum Mahkamov tomonidan bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohasidagi islohotlar xususida, shuningdek, qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgartirish va qo‘shimchalar xususida tushuntirishlar berildi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Qashqadaryo viloyat sudida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda buyuk sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Buyuk ajdodlarimiz tavallud kuni munosabi bilan tashkil etilgan tadbir “Mangulikka daxldor mutafakkirlar” deb nomlandi. Unda Qashqadaryo viloyat sudlari sudyalari, xodimlari, adabiyotshunoslar va san’at vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda buyuk siymolarimiz Navoiy va Boburning ijodiy, ma’naviy merosi xalqimizning qalb qo‘ridan mustahkam joy olganligi, yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi, ularni yanada kengroq targ‘ib etish, o‘qib-o‘rganish zarurligi, ikki buyuk shaxsning nafaqat o‘zbek adabiy tili, adabiyoti, balki o‘zbek davlatchiligi, xalqimiz ma’naviyatini yuksalishidagi xizmatlari beqiyos ekanligi ta’kidlandi.

Tadbirda so‘z olganlar va taklif etilgan adabiyotshunoslar Navoiy va Bobur ijodining o‘ziga xos qirralari xususida so‘z yuritishdi, ularning ijodidan namunalar o‘qishdi. Allomalarimiz g‘azallariga bastalangan mumtoz qo‘shiqlarning ijro etilishi tadbir ishtirokchilariga bir olam quvonch bag‘ishladi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Dehqonobod tumanida sayyor sud majlisi o‘tkazildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudi tomonidan tuman hokimligi binosida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Unda jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etishdi.

Sayyor sud majlisi davomida 13 ta ma’muriy huqubuzarlikka oid ishlar va 1 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudning hukmi bilan 4 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi,  1 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, shu joyning o‘zida qamoqqa olindi.

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Skip to content