Keyingi yillarda mamlakatimizda insonning qonuniy huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashga, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirishga hamda ularning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan malakali yuridik yordam olish huquqidan to‘liq foydalanish imkoniyati yaratildi.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiqlashtirish zarurati borligi sir emasdi.
O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 27 fevraldagi Qonuni bilan davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga bunday yordam ko‘rsatish uchun jinoyat, fuqarolik ishlari va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda advokatning ishtirok etishini ta’minlash tartibini belgilashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
E’tiborli jihati endilikda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqayotgan vakolatli mansabdor shaxs yoki sud ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning iltimosiga ko‘ra “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatning ishda ishtirok etishini ta’minlash choralarini ko‘rishi shart. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatni jalb qilishda advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan e’tiboran unga ishga kirishish uchun kamida to‘rt soat vaqt berilishi kerak.
Shuningdek, Jinoyat-ijroiya kodeksi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga ham aynan shu mazmundagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Bu esa fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga hamda davlat hisobidan malakali yuridik yordam olish huquqini ta’minlashga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining to‘sqinliksiz amalga oshirilishini ta’minlashga, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga tadbirkorlik subyektlari huquqlarining sud orqali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha mavjud cheklovlarni olib tashlash hamda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishdagi ayrim majburiy talablarni qisqartirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 20 fevraldagi Qonuni bilan Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlari ustidan tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilishiga doir cheklovlarni bekor qilindi hamda sudga shikoyat qilish imkoniyatlari kengaytirildi.
Ma’lumki, aholi va tadbirkorlik subyektlariga banklar hamda boshqa kredit tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy xizmatlarni yanada kengaytirishga va ularning sifatini yaxshilashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘z navbatida kredit tashkilotlaridan kredit olgan aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan ayrim obyektiv sabablarga ko‘ra kredit to‘lovlarini to‘lash kechiktirilgan yoki ular qisman to‘langan hollarda kredit qarzdorligini uzishning amaldagi tartibini takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgarishtirishlarga ko‘ra, endlikda amalga oshirilgan to‘lov summasi qarz oluvchi jismoniy shaxsga yoki qarz oluvchi tadbirkorlik subyektiga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, birinchi navbatda asosiy qarzning uzilishini, shuningdek ajratilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, foizlar va neustoykani hisoblash to‘xtatiladi.
Mamlakatimizda barcha sohalarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Biroq ayrim shaxslar tomonidan zamonaviy raqamli texnologiyalar yutuqlaridan qonunga xilof ravishda hamda g‘arazli maqsadlarda foydalanilishi natijasida fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilmoqda hamda davlatga zarar yetkazilmoqda. Bu raqamli texnologiyalardan foydalangan holda sodir etilayotgan yangi turdagi jinoyatlar uchun javobgarlik belgilanishini taqozo etmoqda.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 19 yanvardagi Qonuni bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Jinoyat va Jinoyat-protsessul kodekslariga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, MJtKga mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga xilof ravishda o‘zgartirganlik, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik va mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi;
Jinoyat kodeksiga jabrlanuvchining axborot resurslarini yo‘q qilish, o‘zgartirish, egallab olish yoki to‘sib qo‘yish yo‘li bilan tovlamachilik qilganlik, shuningdek kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik va mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi;
Jinoyat-protsessual kodeksiga dastlabki tergovni va surishtiruvni amalga oshiruvchi organ aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritildi.
YA’ni, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish, mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirish kabi harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi.
Darhaqiqat, bugun yurtimizda olib borilayotgan barcha yo‘nalishdagi islohatlarning markazida inson omili turibdi. Bu hayotiy haqiqatni Przidentimiz Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasidagi “Inson manfaatlari va yana bir bor inson manfaati islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish bundan buyon ham faoliyatimizning bosh mezoni bo‘lib qoladi”-deb, bildirgan so‘zlari ham isbotlab turibdi.
Islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu muqaddas zaminda istiqomat qilayotgan har bir insoning orzularini ro‘yobga chiqarish hamda uning uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishdan iborat.
Qonunlarga kiritilgan yangi o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham, aholi va tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, jinoyat va huquqbuzarliklar soni kamayishiga, odamlarda huquqiy madaniyat oshishiga, bevosita xalq manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, uning turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shahzod Baxtiyorov, Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi