Muborak tumanida sud-huquq masalalari bo‘yicha sayyor qabul tashkil etildi

Qashqadaryo viloyat sudlari raislari va o‘rinbosarlari ishtirokida Muborak tumani “Amir Temur” mahalla fuqarolar yig‘inida aholining huquqiy mavzudagi murojaatlariga yechim izlashga qaratilgan sayyor qabul tashkil etildi. Unda turli masalalarda huquqiy maslahat va ko‘mak so‘rab kelgan  16 nafar fuqarolarning murojaatlari tinglandi.

Qabul jarayonida jinoyat ishlari bo‘yicha Muborak tuman sudining sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudning ajrimi bilan 8 nafar mahkumning jazosi yengiliga almashtirildi. 1 nafar  mahkum esa muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

Fuqaro Madad Eshimov sayyor qabulga o‘ziga nisbatan Koson tumani elektr ta’minoti korxonasi tomonidan chiqarilgan 532 mln so‘m noreal qarzdorlikni bekor qilishni so‘rab murojaat qildi. Uning murojaati Qashqadaryo viloyat sudi raisi Abduqayum Mahkamov tomonidan atroflicha o‘rganildi.

Madad Eshimovning da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudining sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilib, javobgar Koson elektr ta’minoti korxonasiga 519 mln noreal hisoblangan qarzdorlikni bekor qilish majburiyati yuklatildi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

 

Qashqadaryo viloyat sudi tomonidan Navro‘z bayrami hamda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning tavallud kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi

Tadbirda sudyalar va sud xodimlari, faxriylar, talaba yoshlar, professorlar hamda ijodkorlar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar ishtirokchilarni xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan Navro‘z bayrami bilan qutlar ekan, ushbu sanada tavallud topgan suyukli shoirimizning betakror ijodi, dilbar she’riyati ruhiyatimizga bahoriy iliqlik, musaffolik baxsh etishi, insoniylik va ezgulik tuyg‘ularini singdirishi xususida to‘xtalib o‘tishdi.

Tadbirda Abdulla Oripov ijodidan namunalar keltirildi, uning betakror she’rlariga bastalangan hamda bahorni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

 

Sudgacha majlis o‘tkazish tartibi qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 5 fevraldagi Qarori asosida sudgacha majlis o‘tkazish joriy etilishi belgilangan va mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilgan 1631-moddasida o‘z aksini topdi.

Jumladan, sudgacha majlis o‘tkazish chog‘ida sudya:

1) da’vogarni o‘zi arz qilgan talablarning mohiyati bo‘yicha so‘roq qiladi, undan javobgar bildirishi mumkin bo‘lgan e’tirozlarni aniqlaydi va agar bu zarur bo‘lsa, da’vogarga qo‘shimcha dalillar taqdim etishni taklif qiladi, shuningdek arz qilingan talablaridan voz kechish huquqini hamda voz kechishning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;

2) ishning holatlari bo‘yicha javobgarni so‘roq qiladi, da’vogarning talablariga qarshi uning qanday e’tirozlari borligini va bu e’tirozlar qanday dalillar bilan tasdiqlanishi mumkinligini aniqlaydi, shuningdek javobgarga da’vogarning talablarini tan olish yoxud qarshi talablar qo‘zg‘atish huquqini tushuntiradi, javobgarga ish yuzasidan yozma tushuntirishlar taqdim etishni taklif qiladi. Javobgarning yozma tushuntirishlarni va dalillarni taqdim etmaganligi, shuningdek, sud majlisiga kelmaganligi ishni ishdagi mavjud dalillar bo‘yicha ko‘rish uchun to‘sqinlik qilmaydi;

3) taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal qilishning muqobil usullari ehtimolini aniqlaydi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;

4) ishning murakkabligini hisobga olgan holda sud muhokamasining prognoz qilinayotgan, shu jumladan, nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan iltimosnomalar va hujjatlarni sudga topshirish, guvohlar mavjud bo‘lganda ularning ro‘yxatlarini almashish muddatlarini nazarda tutuvchi jadvalini aniqlaydi;

5) sud majlisida hozir bo‘lgan taraflar va boshqa manfaatdor shaxslardan ular o‘rtasida ushbu ishning sudga taalluqliligi masalasi bo‘yicha kelishuv, ushbu Kodeksning 163-moddasida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish zaruriyati mavjudligini aniqlaydi.

Sudgacha majlisning vaqti va joyi to‘g‘risida taraflar va boshqa manfaatdor shaxslar xabardor qilinganlik faktini qayd etishni ta’minlaydigan sud chaqiruv qog‘ozlari, buyurtma xatlar, telefonogrammalar, telegrammalar va boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.

Sudgacha majlis o‘tkazilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, unda quyidagilar ko‘rsatiladi: sudgacha majlis o‘tkazilgan yil, oy, sana va joy; ishni yuritayotgan sudning nomi; sudyaning va majlis kotibining (sudya yordamchisining yoki katta yordamchisining) familiyasi hamda ismi-sharifining bosh harflari; taraflar, boshqa manfaatdor shaxslar haqidagi va ularga protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar; taraflar tomonidan berilgan tushuntirishlar.

Taraflar kelmagan taqdirda, sudya ushbu Kodeks 163-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan harakatlarni amalga oshiradi. Bunday holda sudgacha majlis bayonnomasi tuzilmaydi.

Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, sudgacha majlisda ish yuritish to‘xtatib turilishi yoki tugatilishi, da’vo arizasi ko‘rmasdan qoldirilishi mumkin.

 

Dilshod Sharipov, Koson tumanlararo iqtisodiy sudning raisi

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish yo‘lida

Keyingi yillarda mamlakatimizda insonning qonuniy huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashga, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirishga hamda ularning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan malakali yuridik yordam olish huquqidan to‘liq foydalanish imkoniyati yaratildi.

Biroq, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiqlashtirish zarurati borligi sir emasdi.

O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 27 fevraldagi Qonuni bilan davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga bunday yordam ko‘rsatish uchun jinoyat, fuqarolik ishlari va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda advokatning ishtirok etishini ta’minlash tartibini belgilashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

E’tiborli jihati endilikda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqayotgan vakolatli mansabdor shaxs yoki sud ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning iltimosiga ko‘ra “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatning ishda ishtirok etishini ta’minlash choralarini ko‘rishi shart. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatni jalb qilishda advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan e’tiboran unga ishga kirishish uchun kamida to‘rt soat vaqt berilishi kerak.

Shuningdek, Jinoyat-ijroiya kodeksi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga ham aynan shu mazmundagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bu esa fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga hamda davlat hisobidan malakali yuridik yordam olish huquqini ta’minlashga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining to‘sqinliksiz amalga oshirilishini ta’minlashga, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga tadbirkorlik subyektlari huquqlarining sud orqali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha mavjud cheklovlarni olib tashlash hamda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishdagi ayrim majburiy talablarni qisqartirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 20 fevraldagi Qonuni bilan Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlari ustidan tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilishiga doir cheklovlarni bekor qilindi hamda sudga shikoyat qilish imkoniyatlari kengaytirildi.

Ma’lumki, aholi va tadbirkorlik subyektlariga banklar hamda boshqa kredit tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy xizmatlarni yanada kengaytirishga va ularning sifatini yaxshilashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘z navbatida kredit tashkilotlaridan kredit olgan aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan ayrim obyektiv sabablarga ko‘ra kredit to‘lovlarini to‘lash kechiktirilgan yoki ular qisman to‘langan hollarda kredit qarzdorligini uzishning amaldagi tartibini takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgarishtirishlarga ko‘ra, endlikda amalga oshirilgan to‘lov summasi qarz oluvchi jismoniy shaxsga yoki qarz oluvchi tadbirkorlik subyektiga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, birinchi navbatda asosiy qarzning uzilishini, shuningdek ajratilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, foizlar va neustoykani hisoblash to‘xtatiladi.

Mamlakatimizda barcha sohalarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Biroq ayrim shaxslar tomonidan zamonaviy raqamli texnologiyalar yutuqlaridan qonunga xilof ravishda hamda g‘arazli maqsadlarda foydalanilishi natijasida fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilmoqda hamda davlatga zarar yetkazilmoqda. Bu raqamli texnologiyalardan foydalangan holda sodir etilayotgan yangi turdagi jinoyatlar uchun javobgarlik belgilanishini taqozo etmoqda.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 19 yanvardagi Qonuni bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Jinoyat va Jinoyat-protsessul kodekslariga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.

Jumladan, MJtKga mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga xilof ravishda o‘zgartirganlik, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik va mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi;

Jinoyat kodeksiga jabrlanuvchining axborot resurslarini yo‘q qilish, o‘zgartirish, egallab olish yoki to‘sib qo‘yish yo‘li bilan tovlamachilik qilganlik, shuningdek kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik va mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi;

Jinoyat-protsessual kodeksiga dastlabki tergovni va surishtiruvni amalga oshiruvchi organ aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritildi.

YA’ni, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish, mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirish kabi harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi.

Darhaqiqat, bugun yurtimizda olib borilayotgan barcha yo‘nalishdagi islohatlarning markazida inson omili turibdi. Bu hayotiy haqiqatni Przidentimiz Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasidagi “Inson manfaatlari va yana bir bor inson manfaati islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish bundan buyon ham faoliyatimizning bosh mezoni bo‘lib qoladi”-deb, bildirgan so‘zlari ham isbotlab turibdi.

Islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu muqaddas zaminda istiqomat qilayotgan har bir insoning orzularini ro‘yobga chiqarish hamda uning uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishdan iborat.

Qonunlarga kiritilgan yangi o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham, aholi va tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, jinoyat va huquqbuzarliklar soni kamayishiga, odamlarda huquqiy madaniyat oshishiga, bevosita xalq manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, uning turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

Shahzod Baxtiyorov, Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

Skip to content