“TO‘LOVGA QOBILIYATSIZLIK TO‘G‘RISIDA”GI QONUNNING MOHIYATI VA AHAMIYATI
O‘zbekiston Respublikasida yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning to‘lovga qobiliyatsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 12 aprel kuni “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan.
Mazkur Qonunning 5-moddasiga ko‘ra to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari quyidagilardan iborat:
vaqtincha to‘lovga qobiliyatsizlik – majburiyatni 3 oyda bajara olmaslik;
doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik – sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlarini uning aktivlari qiymatidan oshib ketishi.
To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Qarzdor pul majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning o‘zi va kreditor ega. Qarzdor va kreditor to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizada qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklashga yoxud tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillarini qo‘llash zarurligini ko‘rsatishi mumkin.
Qarzdor soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning o‘zi, davlat soliq xizmati organlari, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan va (yoki) pul majburiyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi oldida qarzi bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari ega bo‘ladi.
Qonuning 30-moddasiga ko‘ra, qarzdor yuridik shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda quyidagi tartib-taomillar qo‘llaniladi: kuzatuv;; tashqi boshqaruv; tugatishga doir ish yuritish.
Qarzdor jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda quyidagi tartib-taomillar qo‘llaniladi: qarzni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish; bankrotlikni tan olish va mol-mulkni sotish.
Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda tugatishga doir ish yuritish tartib-taomili qo‘llaniladi.
Ushbu Qonun bilan jismoniy shaxslarni ham bankrot deb topish mumkinligi belgilandi. O‘zbekiston Resublikasida “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunda bunday tartib taomillar nazarda tutilmagan.
Jumladan “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonuning 14-bobiga ko‘ra qarzdor jismoniy shaxsning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘liq hajmda bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va (yoki) to‘lov majburiyatlari yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy ichida qarzdor jismoniy shaxs tomonidan bajarilmagan hamda qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan talablar bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz barobarini tashkil etsa, qarzdor jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi alomatlari hisoblanadi.
Qarzdor jismoniy shaxs, kreditor, shuningdek davlat soliq xizmati va boshqa vakolatli organlar jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Jismoniy shaxsga nisbatan to‘lov qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida sudga ariza bergan arizachi tomonidan moliyaviy boshqaruvchiga haq to‘lash uchun sudning depozit hisobvarag‘iga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yetti baravari miqdorida oldindan pul mablag‘lari o‘tkaziladi.
To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish sud majlisida qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqilishi kerak. To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish alohida hollarda bir oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud hujjatlari darhol ijro etilishi lozim.
Дилшод Шарипов, Косон туманларо иқтисодий
судининг раиси