O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga ko‘ra har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanishi belgilangan.
Shu ma’noda, iqtisodiy sudlar tomonidan iqtisodiy sud ishlarini yuritishning eng muhim vazifalaridan biri ham korxona, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdir.
Bugun tadbirkorlarning qonuniy manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, ularning erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun har tomonlama imkoniyat yaratish, qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklarga chek qo‘yish, sud idoralari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining eng asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Boshqacha aytganda, iqtisodiy sudlar tomonidan ham tadbirkorlar bilan davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqishda tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipiga alohida e’tibor qaratilayotganligi natijasi o‘laroq ayrim davlat organlari tomonidan tadbirkorlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘linayotganligi ham bor gap.
Xususan, sud Qashqadaryo viloyat Bojxona boshqarmasi va “CKD-Xamkor” xususiy korxonasi o‘rtasida 69 509 780 so‘m miqdorida bojxona to‘lovini undirish bilan bog‘liq nizoli holatlar bo‘yicha ham ana shunday xulosalarga kelib, pirovardida tadbirkorlik subyekti huquqining ustuvorligi ta’minlandi.
Kezi kelganda shuni ham aytish joizki, bojxona idoralari va tadbirkorlar o‘rtasidagi da’volar shunchaki oddiy nizo bo‘lib qolmasdan ishni ko‘ruvchi har bir sudyadan sohaga oid birgina Kodeks yoki Qonunni emas, balki ko‘plab Qonun va qonunosti hujjatlarini erinmasdan ko‘rib chiqishni, taraflarning vajlarini obdon o‘rganib chiqishni va ish hujjatlarini sinchiklab tekshirishni taqozo etadi.
Gap shundaki, birinchi instansiya sudining 2024 yil 27-fevraldagi hal qiluv qarori bilan da’vogar viloyat Bojxona boshqarmasining da’vo talabi qanoatlantirilib, javobgardan 69 509 780 so‘m so‘m bojxona to‘lovi undirilgan.
Bundan norozi bo‘lib berilgan apellyatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar dalillar asosida sudlov hay’atida atroflicha o‘rganib chiqilib, oxir-oqibatda tadbirkorning haqli ekanligi, bojxona to‘lovi asossiz hisoblanganligi va undirilganligi aniqlandi.
Xo‘sh, buning sabab va omillari nimada edi, kelgusida bunday toifadagi ishlarni ko‘rishda shunday xato va kamchiliklarga takroran yo‘l qo‘ymaslik uchun nimalarga jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim bo‘ladi?
Sud muhokamasi davomida aniqlangan holatlarga ko‘ra “SKD-Xamkor” xususiy korxonasi nomiga Turkmaniston davlatining “Kamil Topar” korxonasi tomonidan yuk hujjatlari asosida og‘irligi 161 250 kg.ga teng bo‘lgan “Bitum neftyanoy dorojniy vyazkiy marki MBK-G-55” tovari yuborilgan bo‘lib, “SKD-Xamkor” xususiy korxonasi tomonidan taqdim qilingan yuk hujjatlari ya’ni Birlashgan Arab Amirligining “Kartech Trade Fze” tashkiloti tomonidan berilgan invoyis asosida tovarning faktura qiymati har bir tonnasi uchun 420 AQSH dollarida 10007/26.09.2022/0002668 va 10007/12.10.2022/0002806-tartib raqamli bojxona yuk deklaratsiyalari (keyingi o‘rinlarda BYUD) bilan “Erkin muomalaga chiqarish” (Im-40) bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan.
Viloyat bojxona boshqarmasi tovarlar “Erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilganidan so‘ng 2023 yil 13-fevral kuni “tovarlar chiqarib yuborilganidan keyingi bojxona nazoratini o‘tkazish haqida” qaror qabul qilinib, ushbu qaror asosida 10007/26.09.2022/0002668 va 10007/12.10.2022/0002806-tartib raqamli BYUDlarni rasmiylashtirish jarayonida taqdim etilgan yuk kuzatuv hujjatlari va ma’lumotlar qayta o‘rganib chiqilib, tovarning qiymatiga aniqlik kiritish maqsadida Turkmaniston Respublikasining Bojxona xizmatiga xalqaro so‘rovnoma yuborish uchun Bojxona qo‘mitasiga 2023 yil 25-fevraldagi 4/04-23-0629-sonli xat yuborilgan.
Turkmaniston Respublikasi Bojxona xizmatining 2023 yil 15-maydagi 03/1653-sonli javob xati va unga ilova qilingan hujjatlar (invoys, eksport BYUD)da “Kamil Topar” korxonasi tomonidan yuborilgan tovarlarning qiymati har bir tonnasi uchun 2366 Turkman manati (676,9 AQSH dollari)da ekanligi ma’lum qilingan.
Shunga ko‘ra, bojxona organi tomonidan 2023 yil 07-iyunda komissiyaviy xulosa tayyorlanib, xususiy korxona tomonidan taqdim qilingan 10007/26.09.2022/0002668 va 10007/12.10.2022/0002806-tartib raqamli BYUDlar bo‘yicha 69 509 780 so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblangan, o‘z navbatida sud esa da’voni qanoatlantirish to‘g‘risida barvaqt xulosaga kelgan.
Chunki O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 302-moddasiga ko‘ra olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlash usullari keltirilgan bo‘lib, ular quyidagi usullarni qo‘llash orqali amalga oshiriladi:
olib kiriladigan tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha;
aynan bir xil tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha;
o‘xshash tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha;
qiymatlarni chegirib tashlash asosida;
qiymatlarni qo‘shish asosida;
zaxira usul.
“SKD-Xamkor” xususiy korxonasi va “CARTECH TRADE FZE” kompaniyasi o‘rtasida 2022 yil 3-yanvarda tuzilgan 22-F003-sonli neft mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha import shartnomasiga asosan 605.0 tonna, umumiy qiymati 241 000 AQSH dollari miqdorida bitum mahsuloti yetkazib berilgan bo‘lib, 2022 yil 26-sentabrdagi 10007/26.09.2022/0002668-sonli bojxona yuk deklaratsiyasi bo‘yicha 38.500 kg bo‘lgan bitum mahsuloti, “CARTECH TRADE FZE” kompaniyasining 2022 yil 14-sentabrdagi 22-F003/06-sonli invoysiga asosan har bir tonnasi uchun 420,0 AQSH dollari miqdorida 16.170 AQSH dollari miqdorida, 2022 yil 12-oktabrdagi 10007/12.10.2022/0002806 sonli bojxona yuk deklaratsiyasi bo‘yicha 122.750 kg bitum mahsuloti uchun “Kartech Trade Fze” kompaniyasining 2022 yil 14-sentabrdagi 22-F003/07-sonli invoysiga asosan har bir tonnasi uchun 420,0 AQSH dollari miqdorida 51.555 AQSH dollari miqdorida to‘lovlar amalga oshirilgan.
Tadbirkorlik subyekti va “CARTECH TRADE FZE” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan ushbu shartnomaning 2.4-bandida shartnomaning umumiy qiymati 735 000 AQSH dollarini tashkil etishi ko‘rsatilgan.
Xususiy korxonasi tomonidan taqdim etilgan shartnoma, yuk hujjatlari, deklaratsiya va invoyslar asosida da’vogar Bojxona kodeksning 302-moddasi talabi bo‘yicha birinchi usulni qo‘llagan holda olib kiritilgan tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha dastlab bojxona qiymatini aniqlagan va bojxona to‘lovini hisoblagan. Javobgar esa ushbu to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab bergan.
Mazkur holatda olib kiriladigan tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha aniqlash usuli olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlashning asosiy usuli hisoblanib, da’vogar tovarga nisbatan ushbu usulni qo‘llagan.
Bojxona kodeksining 306-moddasida tovarning bojxona qiymatini aniqlashda deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan foydalanilgan ma’lumotlar hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lmasa, tovarning bojxona qiymatini aniqlashda 1-usuldan foydalanmaslik belgilangan.
Holbuki, da’vogar tomonidan olib kiritilgan tovarga nisbatan 1-usul asosida bojxona qiymati deklarant taqdim etgan bitim, bojxona deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar bilan aniqlangan.
Bundan tashqari sud da’vogar vakillarining olib kirilgan tovarlarning har bir tonnasi uchun bojxona qiymati 2366 Turkman manatida (676.9 AQSH dollari) hisoblanishi lozimligi haqidagi vajlarini asossiz deb hisobladi.
Chunki, bojxona qiymatini hisoblashga asos bo‘lgan shartnoma Turkmaniston hududida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyekti bilan emas, balki Birlashgan Arab Amirligida joylashgan “CARTECH TRADE FZE” kompaniyasi bilan tuzilgan.
Tadbirkor nomiga kelgan tovarlar bojxona deklaratsiyasida ham tovarlar BAA davlatidan kelganligi va tovar sertifikatida ushbu tovarlar BAA davlatida ishlab chiqarilganligi qayd etilgan.
Mazkur kompaniya tomonidan 2022 yil 18 oktabrda berilgan xatda taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnoma bo‘yicha tovarning mulkdori “CARTECH TRADE FZE” kompaniyasi hisoblanishi, yetkazib beruvchi esa “Kamil Topar” korxonasi ekanligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, bank ma’lumotiga ko‘ra shartnomaga asosan xususiy korxona tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar uchun to‘lovlar aynan “CARTECH TRADE FZE”
kompaniyasiga o‘tkazib berilgan.
Albatta, har qanday holatda ham ish holatlaridan kelib chiqib, sud o‘zining adolatli va xolis xulosasini beradi.
Zero, odil sudlovni amalga oshirishda tadbirkorlik faoliyati subyektlarining davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar bilan o‘zaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipiga qat’iy amal qilinadi, adolat va qonuniylik ta’minlanadi.
Muhiddin BOZOROV, Husan TURSUNOV, Qashqadaryo viloyat sudi sudyalari