So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar orasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli.
Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi deb belgilangan.
Adolatli va xolis sudyalar ham inson huquqlarini himoya qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Sudyalar kelib chiqishi va maqomidan qat’iy nazar ishda ishtirok etuvchi barcha tomonlarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlashi shart.
Konstitutsiyamizning 19-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar qonun oldida tengdirlar deb belgilangan.
Sud tizimining mustaqilligi uning boshqa biror-bir organga bo‘ysunmasligi kerakligini anglatadi. Sud tizimi ichki va tashqi barcha bosim va tortishishlardan xoli bo‘lishi kerak. Sud tizimining mustaqilligi barcha demokratik mamlakatlarda odamlarning asosiy huquqlarini himoya qilish uchun muhim hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 136-moddasida sudyalar mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi belgilangan. Shu sababli tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Prezidentimizning 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquqi va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-89-sonli Farmoni ham o‘tgan yillar mobaynida inson huquqlarini himoya qilish borasidan olib borilgan islohotlarning o‘zviy davomi sifatida muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur farmonga asosan eng avvalo, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etiladi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga tergov sudyasi lavozimi kiritiladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, jinoyat ishlari bo‘yicha gumonlanuvchilarga nisbatan ma’lum bir sanksiya berish hozirgi kunda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda. Mazkur Farmonga asosan sanksiya berish masalasi yangi tashkil etilayotgan tergov sudyalariga berilishi shaxsning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarini yana bir bor huquqiy himoyasini ko‘chaytirishning muhim omili xisoblanadi.
Qonunchiligimizga yangi tergov sudyasi atamasi kirib keldi. Tergov sudyasi jinoyat ishlarini yuritishning sudga qadar bo‘lgan bosqichlarida faoliyat olib boruvchi, ayblov va himoya tarafining harakatlarini muvofiqlashtirib va nazorat qilib turuvchi hamda ularning o‘z huquq va vakolatlarini amalga oshirishlari uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratib beruvchi mas’ul mansabdor shaxs hisoblanadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudsi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi tartibi belgilandi.
Tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi va tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.
Farmonga asosan tergov sudyalariga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma;
qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘lik, iltimosnoma;
pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma;
pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;
tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma;
telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;
mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;
- b) quyidagilar bo‘yicha majburlov choralari:
ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;
ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi;
ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
- v) prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomasi.
Farmonga asosan qonunchilikda belgilangan tartibda tergov sudyasiga yuklatilgan vazifalarni adolatli va xolisona bajarish tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi. Bu sudyalar sud jarayonida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ular adolatni ta’minlash va barcha ishtirok etuvchi tomonlarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash uchun javobgardir.
Xulosa qilib aytganda, sud-tergov faoliyati sohasidagi islohotlar Konstitutsiya ustuvorligi, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi muhim qadamdir.
Xurshid Muxtorov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudi raisi