Qashqadaryo viloyat sudida videokonferensaloqa tarzida seminar mashg‘uloti tashkil etildi

Ma’lumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan muhim va ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsadida joriy yilning 10-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmonning qabul qilinishi mamlakatimiz sud-tergov amaliyotidagi muhim bosqich bo‘ldi.

Qashqadaryo viloyat sudida mazkur Farmonning mazmun va mohiyatini o‘rganish yuzasidan videokonferensaloqa tarzida seminar mashg‘uloti tashkil etildi. Unda jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas’ullari ishtirok etishdi.

Ushbu Farmon inson huquqlarini himoya qilish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Seminar mashg‘uloti ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan batafsil javoblar olishdi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Farzandga g‘amxo‘rlik – muqaddas burch

Oila qurgan er-xotin oldida turgan eng sharafli va mas’uliyatli vazifalardan biri farzand ko‘rish va unga kelajakda millatiga, ota-onasiga, jamiyatiga manfaat keltiradigan qilib, munosib tarbiya berishdir. Biroq ayrim oilalarda yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklar sabab farzandlar taqdiri izdan chiqib, sarson va sargardon bo‘lmoqda.

2017-yilda qonuniy nikohdan o‘tgan yosh oila tinch ruzg‘or tebratib, ahil turmush kechirishgan. Hamma tushunmovchiliklar 2023-yilning avgust oyida erning horijga ishlash uchun ketganidan so‘ng boshlanadi.

Qaynota va qaynonaning o‘z keliniga nisbatan ishonchsizligi sabab oilada kelib chiqqan nizo tufayli 2023-yil sentabr oyida ayol 2 nafar farzandini olib, uydan chiqib ketadi. Keyinchalik er tomon 1 nafar voyaga yetmagan farzandlarini ko‘rish uchun olib ketib, onasi tarbiyasiga berishdan bosh tortgan.

Nizo yuzasidan da’vogar D.A. (ism-sharif o‘zgartirilgan) javobgar A. K.ga nisbatan bolani olib berish haqida sudga murojaat qilgan.

Uning da’vo talabi fuqarolik ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumanlararo sudining 2024-yil 17-yanvardagi hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilib, javobgar tarbiyasidagi bir nafar voyaga yetmagan farzandi da’vogar, ya’ni onasi tarbiyasi va qaramog‘iga olib berilgan.

Javobgar tomonidan Qashqadaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga berilgan apellyatsiya shikoyatida D.A.ning tarbiyasiga va uning uyida bolaning to‘laqonli barkamol inson qilib voyaga yetkazishiga ishonchi yo‘qligini vaj qilib ko‘rsatgan.

Qashqadaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi ishni ko‘rib chiqib, 2024-yil 13-avgustdagi ajrimi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumanlararo sudining 2024-yil 17-yanvardagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Sud voyaga yetmagan bolani onasi tarbiyasiga olib berish haqida xulosaga keldi. Voyaga yetmagan, norasida farzandning tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘yib, uning kelajagiga befarq va loqayd qarab turib bo‘lmaydi.

Zero yosh avlodning axloq va odobi, ta’lim va tarbiyasi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish muqaddas burchimizdir.

 

Kamol Namazov, Qashqadaryo viloyat sudi raisi o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi

Sudlanganlikning huquqiy ahamiyati

Ma’lumki, sudlanganlik faqat shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm qilinish fakti bilan bog‘laq. YA’ni, shaxsga nisbatan jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs esa, sudlanmagan deb hisoblanadi.

Shaxsni jazodan ozod qilish, hatto jinoiy jazo o‘rniga unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi yoxud, agarda maqkum voyaga yetmagan bo‘lsa, tarbiyaviy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan hollarda ham, uning sudlanganligini keltirib chiqarmaydi.

Sudlanganlik – bu shaxs uchun salbiy, birinchi navbatda, jinoyat-huquqiy xususiyatdagi oqibatlarning kelib chiqarishiga olib kelgan, jazoning muayyan turi va miqdoriga hukm qilinishidan kelib chiqqan shaxsning alohida huquqiy holatidir.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 77-moddasining 3-qismida, sudlanganlik jinoyat qonunida nazarda tutilgan va faqat shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan hollardagina huquqiy ahamiyatga egaligi ko‘rsatilgan.

Shaxsni hukm qilish deganda, shaxsni qilmishida jinoyat tarkibining barcha elementlari mavjud bo‘lgan aniq jinoyatni sodir etishda aybdor deb topish, shuningdek bu shaxsga nisbatan muayyan turdagi va miqdordagi jazoning tayinlanishi tushuniladi. Jazoning turi va miqdori shaxsni sudlangan deb topish va hisoblash uchun ahamiyatga ega emas, lekin, bu sudlanganlikning tugallanishi yoki olib tashlanishiga ta’sir qiladi.

Shaxsni sudlangan deb topishning boshlang‘ich vaqtini hukm kuchga kirgandan keyingi vaqt deb belgilaydi. Jinoyat-protsessual qonunga muvofiq, hukm uning apellyatsiya shikoyati berish yoki protest bildirish muddati o‘tishi bilan qonuniy kuchga kiradi. Apellyatsiya shikoyati berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda hukm, agar u bekor qilinmagan bo‘lsa, ishni yuqori sud ko‘rib chiqqan kuni qonuniy kuchga kiradi.

Sudlanganlikning jinoiy-huquqiy ahamiyati quyidagilardan iborat:

-shaxsda sudlanganlik holatining mavjudligi xavfli va o‘ta xavfli retsidivist deb topilishiga ta’sir etadi (JKning 34 choddasi);

-shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilishga to‘sqinlik qiladi;

-qilmishni kvalifikatsiya qilishga ta’sir ko‘rsatadi (JKning 140-moddasi);

-jazo tayinlashda og‘irlashtiruvchi holat sifatida e’tirof etiladi;

-sudlanganlik ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashda jazoni ijro etish muassasasi turini aniqlashga ta’sir qiladi (JKning 50-moddasi);

-alohida tartibda jazo tayinlanishiga sabab bo‘ladi.

Shu o‘rinda sudlanganlik holati qachon tugallangan deb hisoblanishi haqida to‘xtalsak.

Shaxsning sudlanganlik holati quyidagi paytlarda tugallanadi:

  1. a) shartli hukm qilinganlarga nisbatan — sinov muddati tugagan kundan boshlab;
  2. b) majburiy jamoat ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish tarzidagi jazolarini o‘tab chiqqach;
  3. v) jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari o‘talganidan keyin bir yil o‘tgach;
  4. g) ozodlikni cheklash jazosi o‘talganidan keyin — ikki yil o‘tgach;
  5. d) besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — to‘rt yil o‘tgach;
  6. ye) besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — yetti yil o‘tgach;
  7. j) o‘n yildan ortiq, lekin o‘n besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — o‘n yil o‘tgach.

Sudlanganlik holati tugallanganda esa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi. Sudlanganlik holatining tugallanishi shaxsning yangi jinoyat sodir etishi bilan uziladi. Bunday holda, sudlanganlikning birinchi jinoyat bo‘yicha tugallanish muddati aybdorning oxirgi jinoyat uchun jazoni haqiqiy o‘tab bo‘lganidan so‘ng hisobga olinadi. Sudlanganlik holati tutallanishi bilan uning barcha xuquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi va shaxs yangi jinoyat sodir etgan taqdirda, uning jinoiy javobgarligini og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblanmaydi.

Ma’lumki, sobiq tuzum davrida, ayniqsa, o‘tgan asrning 30-yillarida siyosiy qatag‘onlardan meros bo‘lib qolgan bir alamli, achchiq va adolatsiz cheklov, qarash bo‘lgan. YA’ni, bir jinoyat uchun butun avlod javob berishi, otasining qilmishi uchun farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi qancha yillar davomida insonlar huquqi paymol bo‘lishi, erkin ishlash, erkin kasb tanlash imkoniyatidan mahrum etilishiga olib kelgan. Mazkur «tizim» xalqimizga nisbatan adolatsiz bo‘lganini yaxshi bilamiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan marosimda ham yaqin qarindoshlari sudlangan, deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamaslik bilan bog‘liq masalaga alohida to‘xtalgan edi. Buning zamirida keng ma’no, ko‘plab yurtdoshlarimizni chuqur o‘ylantirib kelgan masala bor. Yaqin-yaqingacha ham otasi uchun bolasi siquvga olingan yoki aksincha holatlar yo‘q emasdi.

Aytish kerakki, sudlanganlik shaxsning va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmasligi demokratiya talablaridan kelib chiqadi.

Aynan Prezidentimiz taklif va tashabbusi bilan yangi Konstitutsiyamizda, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi qat’iy norma kiritildi.

Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emasligi Konstitutsiyaga kiritilishi umuminsoniylik tamoyillariga muvofiq ekani eng muhim asoslardan biridir.

 

Shahzod Baxtiyorov, Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson qadrini yuksaltirish, inson huquq va erkinliklarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhofaza etishga oid normalar soni sezilarli darajada oshirilganligini e’tirof etish mumkin.

Endilikda sudlar va boshqa davlat organlari, mansabdor shaxslar qarorlar qabul qilishda Konstitutsiyaga tayanishi majburiy etib belgilandi. Bu esa har bir fuqaroga Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklaridan
to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Yangilangan Konstitutsiyada sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar va nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muhtojlarni uy-joy bilan ta’minlash, bandligini ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan qator normalar ham belgilandi.

Shuningdek, Yangi Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining kafolatiga qaratilgan alohida norma ham belgilanganligi NNTlar faoliyati mamlakatning butun hududi bo‘ylab oliy yuridik kuchga ega bo‘lishini ta’minlaydi.

Fuqarolarning hamda fuqarolik jamiyati institutlarining budjet jarayonida ishtirok etish tartibi va shakllari qonun bilan belgilanishi alohida norma sifatida o‘z aksini topdi.

Ushbu norma mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida jamoatchilik nazoratining turli shakllaridan samarali foydalanishda NNTlar huquqlarini to‘laqonli ta’minlab beradi.

Xulosa o‘rnida, Konstitutsiyaviy islohotlar huquqiy tizim taraqqiyotining muhim omili hisoblanib, mamlakatimiz taraqqiyoti, aholining turmush farovonligini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

 

Sherqul Xoliqov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudi raisi

Skip to content