Sud tizimidagi bugungi va ertangi islohotlar: Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi va sudlar faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi

Bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar qonun yo‘li bilan tartibga solinayotgani, qabul qilinayotgan qonunlar zamirida insonparvarlik va odillik g‘oyasi mujassamlashganligi har birimizni quvontiradi.

So‘nggi yillarda yurtimizda aynan Konstitutsiya va qonunlarga asoslangan davlat qurish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning salmog‘i har qachongidan oshdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu jarayonda inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan fuqarolik jamiyati asoslari mustahkamlandi.

Shu bilan birga sud hokimiyati ham qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yurituvchi, qonun ustuvorligi va adolat tantanasi yo‘lida faoliyat olib boradigan alohida mustaqil tizim sifatida shakllandi.

Birgina joriy yilning birinchi yarim yilligida sud-huquq sohasida bir qator amaliy ishlar qilindi.

Xususan, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilib, qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlarini shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rish amaliyoti joriy etildi.

Shuningdek, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha vakolatlar viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazilib, yuqori sudlar tomonidan sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish uchun quyi instansiya sudlariga yuborish amaliyoti tugatildi.

Soha uchun yangilik sifatida baholangan islohotlardan yana biri tizimda tergov sudyasi institutining joriy etilayotganligi bo‘ldi.

2024-yil 10-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.

Mazkur farmonga ko‘ra, bugungi kunda sud-huquq tizimidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlar asosida ishni sudga qadar yuritish bosqichida tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi belgilandi.

Xususan, 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi. Tergov sudyalari sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qo‘llash masalasini hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.

Farmonga muvofiq qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, tintuv o‘tkazish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, mol-mulkni xatlash kabi iltimosnomalarga tergov sudyasi sanksiyalar berishi mumkin.

Shuningdek, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish, ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish, prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi kabi iltimosnomalar bo‘yicha majburlov choralarini qo‘llashi mumkin.

Alohida ta’kidlash kerakki, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, 2023-yil 16-yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni bilan 2023–2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlangan edi.

Strategiya doirasida odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalaridan biri sifatida sudlar faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish belgilangan.

Do‘nyo bo‘ylab ko‘plab jabhalarda samarali foydalanib kelinayotgan sun’iy intellekt texnologiyalarining sudlar faoliyatida bosqichma-bosqich joriy etilishi, sohada butun bir yaxlit tizim yaratilishiga va inson omili natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik va ularni o‘z vaqtida aniqlab, o‘z o‘rnida bartaraf etishga, shuningdek sud qarorlarining sifatli va tushunarli yozilishini ta’minlash bilan birga, ish hajmini ham bir muncha kamaytirishga imkon yaratadi.

Ish bo‘yicha sudning hukmini yoki qarorini inson qo‘li bilan yaratilgan elektron tizim tayyorlashini tasavvur qilish qiyin, albatta.

Ammo, xalqaro tajribalardan ko‘rinishicha sun’iy intellektga ega texnologiyalar fuqarolik yoki jinoiy ish yuritish usullarini isloh qilish imkoniyatiga ega. U sudyalarga sud muhokamasining turli bosqichlarida turli vazifalarni bajarishga ketadigan vaqtni qisqartirish orqali yordam beradi.

Shu bois sun’iy intellektdan huquqiy tartib-qoidalarni soddalashtirish, takroriy vazifalarni avtomatlashtirish va takomillashtirish orqali ishlarni tez hal etishda foydalanib kelinmoqda.

Sun’iy intellektdan sudlarda sudyalarning ish yukini kamaytirish, ishlarni hal qilish vaqtini qisqartirish va yaxshilash uchun foydalanish  mumkin, biroq sun’iy intellekt tomonidan yozilgan sud qarorlarining jozo tayinlash qismida sodir etilgan qilmish uchun tayinlanishi lozim bo‘lgan jazo turi va miqdori faqatgina sudya tomonidan mustaqil tarzda belgilanadi.

Ishonchimiz komilki, sohada amalga oshirilayotgan mazkur islohotlar o‘z navbatida ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilishi va ishning haqiqiy holatlarini aniqlanishiga, natijada oqlov hukmlari ko‘payishiga asos yaratib, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchining oshishiga zamin yaratadi.

 

Adham Abdiyev, jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tuman sudining sudya yordamchisi

Odil sudlov ishonchli himoya

O‘tgan qisqa davrda sud-huquq tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan tarixiy o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Mamlakatimizda inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat darajasida belgilandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham sud organlarini fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi mustaqil organga aylantirish eng muhim vazifa etib belgilandi.

Xususan, bosh qomusimizning 136-moddasida “Sudyalar mustaqildirlar, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yul qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmaydi”, deb belgilab qo‘yildi.

Prezidentimizning “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlov faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ham ushbu yunalishdagi islohotlarimizni tubdan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur hujjatda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, 2023-2026 yillarda sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning Strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturi tasdiqlandi. Harakatlar dasturida sud tizimini yanada isloh qilishga qaratilgan asosiy ustuvor yunalishlar, maqsad va vazifalar sifatida “Xabeas korpus” institutini amaliyotga yanada kengroq joriy etish sudyalar ixtisoslashuvini yanada kengaytirish, sud ishlarini ko‘rishda yagona sud amaliyotini ta’minlash, sudyalar mustaqilligini ta’minlashning yangi mexanizmlarini yaratish, sud hokimiyatining nufuzi, mavqei va obro‘sini yanada yuksaltirish choralarini ko‘rish va boshqa muhim masalalar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari, muddatlari va mas’ul organlar aniq belgilab berildi.

 

Alisher O‘ralov, jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi raisi

Jinoyat ishlari boʼyicha Mirishkor tuman sudining sudyasi Husniddin Rustamov oʼquvchilar uchun amaliy dars mashgʼuloti oʼtdi

Tumanning Jeynov qishlogʼida joylashgan19-sonli umumiy oʼrta taʼlim maktabi oʼquvchilari uchun tashkil etilgan dars mashgʼuloti “Huquqiy ong, huquqiy madaniyat” mavzuida boʼldi.

Unda bugungi kunda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, taʼlim sohasidagi yangiliklar va joriy qilinayotgan yangi taʼlim dasturlari xususida batafsil maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, yoshlar oʼrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida oʼquvchilarning boʼsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, yot gʼoyalar taʼsiriga tushib qolmasligi uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning doimiy va faol ishtirokchisi boʼlish hamda Vatanga muhabbat tuygʼusini kuchaytirish borasida fikr va mulohazalar bildirildi.

Ochiq va samimiy ruhda boʼlib oʼtgan dars davomida oʼquvchilar oʼzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OАV bilan aloqalar boʼlimi

Odil sudlovni amalga oshirishda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning zaruriyati

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ularning mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish, buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlangan.

Mazkur normaning konstitutsiyada alohida mustahkamlab qo‘yilishi   sudlar tomonidan konstitutsiyaviy normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishi borasida kechiktirib bo‘lmaydigan ustuvor vazifalarni belgilab olishni taqozo etadi.

Chunki Konstitutsiyaning 15-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega,

to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”, deb ko‘rsatilgan.

Ma’lumki, Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi haqidagi qoida uning normalari barcha qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan ustun turishini anglatadi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil

23 iyundagi “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 16-sonli Qarori qabul qilindi.

Ushbu Plenum qarorining 1-bandida sudlar ko‘rib chiqilayotgan huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatning mazmunini baholashi va Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi oliy yuridik kuchga ega normativ-huquqiy asos sifatida qo‘llashi lozimligi qayd etilgan.

Bugungi kunga qadar sudlar tomonidan Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari kafolatlab qo‘yilgan normalar izchil qo‘llanib kelinmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan JKning 165-moddasida nazarda tutilgan jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish, uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘zining mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish bilan bog‘liq jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish Konstitutsiyaning 31-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan:

-Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega;

-Har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega.

Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega ekanligi to‘g‘risidagi normalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanib kelinmoqda.

Shu o‘rinda, Konstitutsiya normalarini faqatgina sodir etilgan jinoyat uchungina emas, balki protsessual harakatlarga nisbatan ham qo‘llanishini alohida ta’kidlash joiz.

Xususan, Jinoyat-protsessual kodeksning 116-moddasiga ko‘ra gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga taalluqli holatlar haqida guvoh yoki jabrlanuvchi tariqasida faqat o‘zlarining roziliklari bilan so‘roq qilinishlari mumkin.

O‘z navbatida Konstitutsiyaning 28-moddasida hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi to‘g‘risida norma qayd etilgan.

Barcha davlat organlarining konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlari mamlakatda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi to‘g‘risidagi umuminsoniy printsiplarning amalga oshirilishini kafolatlaydi. Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘quv-seminar mashg‘ulotlari tashkil etish hamda aholining konstitutsiyaviy bilimlarini oshirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibotlarni ko‘paytirish maqsadga muvofiqdir.

 

Adham Abdiyev, jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tuman sudining sudьya yordamchisi

Farzandlikka olishning huquqiy asoslari

Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga ko‘ra vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

Aka-ukalar va opa-singillarni turli shaxslar tomonidan farzandlikka olishga, qoida tariqasida, yo‘l qo‘yilmaydi.

Farzandlikka olishi mumkin bo‘lmagan shaxslar:

Farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq 15 yoshdan kam bo‘lmasligi shart (o‘gay ota va o‘gay ona tomonidan farzandlikka olish hollari bundan mustasno).

Farzandlikka olishda ustunlik huquqiga ega bo‘lgan shaxslar:

farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;

farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs;

aka-uka, opa-singillarni ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;

o‘gay ota va o‘gay ona;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;

kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.

Farzandlikka olinayotgan bolaning farzandlikka olinishiga roziligi:

10 yoshga to‘lgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi.

Farzandlikka olishda bolaning roziligi vasiylik va homiylik organlari yoki sud tomonidan farzandlikka olish to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganda aniqlanadi.

Agar bola farzandlikka oluvchilarning oilasida tarbiyalanayotgan bo‘lsa va ularni o‘z ota-onasi deb e’tirof etsa, farzandlikka olish farzandlikka olinayotgan bolaning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin.

Ota-onaning bolaning farzandlikka olinishiga roziligi:

Farzandlikka olish uchun farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining roziligi talab etiladi.

Sud tomonidan farzandlikka olish to‘g‘risida qarori chiqarilgunga qadar ota-ona bergan roziligini qaytarib olishga haqli.

Farzandlikka olish quyidagi hollarda ota-onaning roziligisiz amalga oshiriladi:

ota-onaning kimligi noma’lum bo‘lsa;

ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa;

ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan bo‘lsa;

ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan bo‘lsa.

Farzandlikka olishning huquqiy oqibatlari:

Farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining o‘z bolalariga tenglashtiriladi.

Farzandlikka olinganlar va ularning ota-onasi bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarni yo‘qotadilar hamda o‘zaro majburiyatlardan ozod bo‘ladilar.

Bola bitta shaxs tomonidan farzandlikka olingan taqdirda, uning manfaatlarini ko‘zlab, bolaning huquq va majburiyatlari, agar farzandlikka oluvchi erkak bo‘lsa, onasining iltimosiga ko‘ra, agar farzandlikka oluvchi ayol bo‘lsa, otasining iltimosiga ko‘ra saqlanib qolishi mumkin.

Agar farzandlikka olinayotgan bolaning otasi yoki onasi vafot etgan bo‘lsa, vafot etgan otaning yoki onaning ota-onasi (buva yoki buvi) iltimosiga ko‘ra bolaning shaxsiy nomulkiy hamda mulkiy huquq va majburiyatlari, agar bolaning manfaatlari shuni talab etsa, vafot etgan otasining yoki onasining qarindoshlariga nisbatan saqlanib qolishi mumkin.

Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi. Farzandlikka olishga oid ma’lumotlarni farzandlikka oluvchilarning roziligisiz, agar ular vafot etgan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organining roziligisiz berish taqiqlanadi.

Farzandlikka bola oluvchilarning yoki vasiylik va homiylik organining erkiga qarshi, yetim yoki ota-ona g‘amxo‘rligidan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka olishning qonun bilan qo‘riqlanadigan sirini oshkor qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi

Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani O‘zbekiston fuqarolari tomonidan farzandlikka olish mazkur bola doimiy yashayotgan davlatning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, farzandlikka olinayotgan bola yetim va farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) yaqin qarindoshi bo‘lgan yoki o‘z vatanida turli sabablarga ko‘ra farzandlikka olinishi mumkin bo‘lmagan hollarda amalga oshiriladi.

Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani O‘zbekiston fuqarolari tomonidan farzandlikka olishda farzandlikka olinayotgan bolaning O‘zbekistonga kirishi va O‘zbekistonda doimiy yashashi uchun O‘zbekiston vakolatli organining (ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari) ruxsatnomasi talab qilinadi.

Farzandlikka olinuvchining xulq-atvori farzandlikka oluvchilarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan, ularning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf solayotgan bo‘lsa, farzandlikka olinuvchi voyaga yetganidan keyin farzandlikka olish bekor qilinishiga yo‘l qo‘yiladi.

Farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar, shuningdek, 16 yoshga to‘lgan farzandlikka olingan bola farzandlikka olishni sud tartibida bekor qilishni talab etish huquqiga ega.

Farzandlikka olishni bekor qilishga faqat sud tartibida yo‘l qo‘yiladi.

 

Xurshid Muxtorov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudi raisi

Skip to content