Prezident murojaatnomasi: sarhisob va keyingi usutuvor vazifalar yo‘l xaritasi

Murojaatnomada belgilab berilgan eng ustuvor vazifalar, barcha sohada qilinishi lozim bo‘lgan o‘zgarish va yangilanishlar buyuk xalqimiz kelajagi va manfaati uchun xizmat qilishi hech kimga sir emas.

Unda davlat va jamiyatimizni keng qamrovli isloh qilish yuzasidan barcha sohalarni yanada taraqqiy toptirish bo‘yicha strategik va ustuvor g‘oyalar, ularni amalga oshirish uchun aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.

Murojaatnomada davlatimiz rahbari 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qildi.

Zotan, jamiyat va davlatning taraqqiyotini “inson – xonadon – mahalla – tuman – viloyat – respublika” tamoyiliga asoslangan barqaror rivojlanish orqali ta’minlash mumkin.

Anjumanda Prezidentimiz barcha sohalar bo‘yicha jamiyatimiz hayotini, fuqarolarimizning farovon turmushini ta’minlashga doir muhim masalalarga alohida e’tibor qaratdi.

Xususan, yurtimizda qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq sohasini takomillashtirish masalalarga alohida to‘xtalib, kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritilib, tergovni raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasi kuchaytirilishi, bunda, jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilishi va inson omili qisqartirilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, 2026 yildan sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari tergov sudyalariga berilishi haqida bildirilgan takliflar, shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini amalga oshirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

Yana bir taklif sud qarori ijrosi bilan bog‘liq bo‘ldi. Chunki, sud qarorlari ijrosini so‘zsiz ta’minlamay turib, fuqaro va tadbirkorlar huquqining ishonchli tiklanishiga erishib bo‘lmasligi sir emas.

Shu sababli majburiy ijro jarayoniga samarali muqobil mexanizmlarni kiritish, bu tizimga ham sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilishi ma’lum qilindi.

Hozirda nafaqat yuritimizda, balki butun dunyoda dolzarb muammolardan biriga aylangan giyohvandlik ham Prezidentmizning e’tiborida bo‘ldi.

Bu borada, davlatimiz rahbari “Yurtimizdagi har bir bola, har bir yosh bizning farzandimiz, ularni giyohvandlik changaliga tashlab qo‘yishga aslo yo‘l qo‘ymaymiz, giyohvandlikni tag-tomiri bilan butkul yo‘qotish, yoshlarimizda kuchli ma’naviy-ruhiy immunitetni shakllantirish bo‘yicha barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz, endi narkojinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatlarga aylantirilib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratiladi. Bu – Prezidentning topshirig‘i! Bu – ota-onalarning xohish-istagi! Bu – jamiyatning talabi!”-deb qat’iy fikrlarini bildirdi.

Yana bir muhim masala, xotin-qizlar va bolalarni turli zo‘ravonlikdan himoya qilishga bag‘ishlandi. Shu sababli, Prezidentimiz tomonidan ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashiga barcha davlat idoralari va keng jamoatchilikni safarbar qilgan holda bunday salbiy holatlarga barham berish bo‘yicha samarali ishlaydigan tizim yaratish topshirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurash ham bu safar Prezidentimizning alohida e’tiborida bo‘ldi va komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratni kuchaytirish, barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etish haqida taklif kiritib, bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda keskin ishlar amalga oshirilishini bildirdi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Prezidentimiz murojaatnomasida belgilangan vazifalarning bajarilishi hech shubhasiz buyuk xalqimizning orzularini ro‘yobga chiqarish va munosib turmush sharoitlarini yaratishga, yurtimizning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladi.

 

Shahzod Baxtiyorov Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudi raisi

Saddam Orziqulov, Qashqadaryo viloyat sudi kadrlar bo‘limi bosh konsultanti

Qarz undirish haqidagi da’vo arizalarning statistik tahlili

Qarz shartnomasiga asosan bir taraf qarz beruvchi, ikkinchi taraf qarz oluvchiga pul yoki ashyolarni mulk qilib beradi. Qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha pulni yoki qarzga olingan ashyolarni qaytarib berish majburiyatini oladi. Natijada pul mablag‘i yoki ashyo bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tadi. Bunda har ikki tarafning ham huquq va burchlari vujudga keladi.

Qarz shartnomasining o‘ziga xos huquqiy belgilari va boshqa bitimlardan farqli jihatlari mavjud. Birinchidan, qarz shartnomasi real shartnomadir. Chunki taraflar o‘rtasida huquq va burchlar shartnoma predmeti bo‘lgan pul yoki ashyoning topshirilishi vaqtidan e’tiboran vujudga keladi va shartnoma ham pul topshirilgan vaqtdan kuchga kiradi. Ya’ni bunday shartnoma taraflar o‘rtasida imzolangan vaqtda emas, balki pul mablag‘i yoki ashyo bir shaxsdan ikkinchi shaxsga topshirilgan paytda tuzilgan hisoblanadi.

2025-yilning birinchi yarmida qarz undirish haqidagi da’vo arizalarning statistik tahliliga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Qashqadaryo viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan 2025-yilning birinchi yarmida qarz undirish bilan bog‘liq jami 931 ta fuqarolik ishi ko‘rib chiqilgan.

Shundan, 787 tasi yoki 84,4 foizi qanoatlantirilgan;

55 tasi yoki 5,4 foizi qanoatlantirishdan rad qilingan;

81 tasi yoki 8,7 foizi ko‘rmasdan qoldirilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan 2024-yilning birinchi yarmida mazkur toifadagi ishlar bilan bog‘liq 578 ta, 2025-yilning birinchi yarmida 931 ta fuqarolik ishlari ko‘rilgan.

Statistik ma’lumotlar mazkur toifadagi ishlar 2025-yilning birinchi yarmida 2024-yil birinchi yarmiga nisbatan jami 353 taga yoki 37,9 foizga ko‘payganligini ko‘rsatadi.

 

SHerzod To‘xtayev, Qashqadaryo viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha  sudyasi

Bolalarni zo‘rovonlikning barcha shakllaridan himoya qilishning huquqiy asoslari

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 69 foizi tarbiya jarayonida zo‘ravonlikka duch kelgan. Global miqyosda har uch boladan ikkitasi shafqatsiz tarbiya usullaridan aziyat chekadi. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik esa bu jiddiy muammo bo‘lib, bu ularning sog‘lig‘i, rivojlanishi va kelajagiga tahdid soladi.

–O‘zbekiston Respublikasining «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuni zo‘ravonlikning 6 ta shaklini belgilaydi va ularni taqiqlaydi.

Jumladan, jismoniy, ruhiy, jinsiy zo‘ravonliklar, ekspluatatsiya, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik hamda bulling (ta’qib etish) taqiqlanadi.

Bunday hollarda, ya’ni, zo‘ravonlik qurboni bo‘lganda yoki unga duch kelish xavfi bo‘lsa, darhol huquqni muhofaza qilish organlari hamda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga murojaat qilish kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 59-2-moddasi va Jinoyat kodeksining 126-1-moddasida bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik normasi belgilangan.

Amaldagi normada er-xotin yoki oilada birga yashovchi boshqa shaxslarga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lsa-da, bu harakatlarni bolaga nisbatan sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan edi.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasi “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin berilishi mumkin” mazmunidagi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ham bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi.

JSST tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda har yili dunyo bolalarining yarmidan ko‘pi zo‘ravonlikka uchrashi, 25 foizdan 50 foizgacha bolalar tahqirlash qurboniga aylanishi, o‘g‘il bolalar o‘rtasida zo‘ravonlik ko‘pincha o‘qotar yoki boshqa qurol ishlatilgan holda sodir bo‘lishi va bu o‘limning asosiy sababi hisoblanishi qayd etilgan.

Xo‘sh, O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlik va tazyiqdan asrash borasida qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?

Mamlakatimizda bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, hayoti va sog‘lig‘ini, qadr-qimmatini muhofaza qilish, uning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, yosh avlodning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida qaralmoqda. Bolalar majburiy mehnatiga butunlay chek qo‘yildi, mehnatga ma’muriy tarzda majburlash uchun javobgarlik kuchaytirildi. Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 14 noyabrdagi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, bolaning hayotiga, sog‘lig‘iga, jinsiy daxlsizligiga, sha’niga, qadr-qimmatiga hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan hamda asosiy ehtiyojlariga zid bo‘lgan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda amalga oshiriladigan, qasddan sodir etiladigan harakat (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb e’tirof etiladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning quyidagi 6 ta shaklini belgilaydi hamda ularni sodir etishni taqiqlaydi.

Xususan,  jismoniy zo‘ravonlik – urish, tan jarohati yetkazish, bolani jismoniy azobga duchor qilish, ruhiy zo‘ravonlik – haqoratlash, tahqirlash, tahdid qilish, bolani kamsitish, jinsiy zo‘ravonlik – bolalarning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish, barcha shahvoniy xatti-harakatlar kiradi.

Ekspluatatsiya – bolalarni majburan ishlatish, odam savdosi, mehnatga yoki nikohga majburlash, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik – bolani e’tiborsiz qoldirish, uning asosiy ehtiyojlarini qondirmaslik, bulling (ta’qib etish) – bolalarni maktab yoki jamiyatda kamsitish, ruhiy bosim o‘tkazish, ijtimoiy tarmoqlarda tahqirlash ham shular jumlasidandir.

Endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif qilinmoqda. Order vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentlik holat yuzasidan ma’lumotlar kelib tushgan paytdan boshlab 24 soat ichida vaziyatni baholab, natijasiga ko‘ra himoya orderini beradi yoki rad etadi. Shu bilan birga, zo‘ravonlik sodir etgan oilalar bilan ishlash instituti ham joriy etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 11-moddasida bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganidan, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor bo‘lgan shaxslar bu haqda bola haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga maʼlum qilishlari, shunday maʼlumotlar olingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi bolaning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shartligi belgilangan. Bundan anglashimiz mumkinki, bolalarni birinchi navbatda zo‘ravonlikdan himoya qilishimiz, agar buning imkoni bo‘lmasa zo‘dlik bilan vakolatli organlarga murojaat qilishimiz lozim.

Shuni yaxshi bilishimiz kerakki, bolalarga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonlikka beparvolik yoki hissiy befarqlik kabi boshqa harakatlar ham bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb hisoblanadi.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik guvohi bo‘lgan barcha bolaning atrofidagilar bolaga qilingan shafqatsizlik uchun javobgardirlar.

YUNISEF maʼlumotlariga ko‘ra:

Dunyoda 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan har 10 boladan oltitasi har kuni jismoniy zo‘ravonlikka uchraydi.

Har 5 daqiqada bir bola zo‘ravonlikdan vafot etadi.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik har qanday sharoitda yuz berishi mumkin bo‘lsa-da, shuni bilishimiz kerakki, bola yoki o‘spirinning zo‘ravonlikka uchrashi ehtimolini oshiradigan baʼzi bir xavf omillari mavjud.

Masalan, to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘spirinlar yuqori xavf ostida. Xuddi shu narsa istalmagan, ota-onasining umidlarini qondirmaydigan, jismoniy yoki aqliy nogiron bo‘lgan yoki ko‘p yig‘laydigan bolalar bilan ham sodir bo‘ladi.

Bolalari bilan aloqa o‘rnatishda qiynalgan, bolaligida o‘zlari zo‘ravonlik qurbonlari bo‘lgan yoki o‘z farzandlarining rivojlanishidan umidvor bo‘lmagan ota-onalar, ularning o‘rnini bosuvchilar yoki qonuniy vakillarning zo‘ravonlik qilishlari xavfi yuqori.

Bundan tashqari, uydagi moliyaviy qiyinchiliklar va spirtli ichimliklar yoki giyohvandlikka bog‘liqlik xavf omillari zo‘ravonlik sodir etishga sabab bo‘lishi mumkin.

Va nihoyat, oiladagi zo‘ravonlik sharoitida yashaydigan, o‘z jamiyatida izolyatsiyani boshdan kechirayotgan oilalarda ham bolalarga nisbatan zo‘ravonlik xavfi katta.

Shubhasiz, zo‘ravonlik holatlari bolalarda jismoniy, ruhiy, xulq-atvor va ijtimoiy buzilishlarni keltirib chiqaradi.

Umuman olganda, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish hukumatlarning vazifasi bo‘lib, ular oilalarga yordam berish, o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash dasturlarini yaratishi kerak.

Agar bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatini bilsangiz nima qilish kerak?

Agar siz bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilingani holatini bilsangiz yoki unga shubha qilsangiz, hududingizdagi bolalarni himoya qiladiganorganlarga murojaat qiling.

Agar jismoniy zo‘ravonlik yoki beparvolik bolaning hayotini bevosita xavf ostiga qo‘yadi, deb hisoblasangiz, ikkilanmasdan ichki ishlar va prokuratura organlariga qo‘ng‘iroq qiling.

Afsuski, agar siz beparvo bo‘lsangiz, bolalarga nisbatan zo‘rlik yo‘qolmaydi.

Bizni xalqimiz azaldan bolajon va bolalarni sevuvchi xalq xisoblanadi. Bolalarga nisbatan zo’ravonlik yoki shafqatsizlik bu bola yoki bolalar guruhiga ota-ona yoki tarbiyachi tomonidan jismoniy, jinsiy va yoki ruhiy zo’ravonlik qilinishi yoki umuman beparvolikdir. Bolalarga nisbatan zo’ravonlik ota-ona yoki tarbiyachining bolaga haqiqiy yoki potensial zarar yetkazishiga olib keladigan har qanday xatti-harakat yoki harakatsizlikni o’z ichiga olishi mumkin va bu holat odatda bolaning uyida yoki bola vaqt o’tkazadigan tashkilotlar, maktablar yoki jamoat joylarida sodir bo’ladi. Bolalarga nisbatan zo’ravonlik va bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo’lish atamalari ko’pincha bir-birining o’rnida ishlatiladi. Shunga qaramay, ba’zi tadqiqotchilar bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo’lish atamasini beparvolik ekspluatatsiya va odam savdosini o’z ichiga oluvchi soyabon sifatida ko’rishadi. Turli yurisdiksiyalar shartli hisobot berish, turli hollarda bolalarni o’z oilalaridan ajratish yoki jinoiy ayblov e’lon qilish uchun bolalarga nisbatan zo’ravonlik tushunchasining turli ta’riflariga nisbatan o’z pozitsiyalarini ishlab chiqishgan.

Qonunga ko‘ra, quyidagilar bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning shakllaridir:

-jismoniy zo‘ravonlik;

-jinsiy zo‘ravonlik;

-ruhiy zo‘ravonlik;

-g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik;

-ekspluatatsiya qilish;

-ta’qib etish (bulling).

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllari taqiqlanadi hamda qonun bilan ta’qib qilinadi. Davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan. Dunyoda zo‘rlik ishlatib sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish, shaxs huquq va manfaatlarini himoya qilish bugungi kunda barcha davlatlar uchun muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalardan hisoblanadi.

Hammamizga maʼlumki, so‘nggi vaqtlarda ayollar, bolalarni xo‘rlash, ularga zo‘ravonlik qilish, tazyiq o‘tkazish va ularni kamsitish holatlariga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz.

Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka nafaqat voyaga yetgan shaxslar, balki bolalar ham duchor bo‘lmoqda. Ammo amaldagi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslarining tegishli moddalari dispozitsiyasida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikning qurboni er-xotin, sobiq er-xotin, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxs yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxslar bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilgan bo‘lib, bunga bolalar kiritilmagan edi.

Natijada oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka uchragan bolalarga nisbatan jinoyat ishlarini malakalashda tergov idoralarida turli muammolar yuzaga kelayotgan edi.

Qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasida “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin berilishi mumkin” mazmunidagi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi.

O‘zbek tilining izohli lug‘atida “zo‘ravonlik” so‘ziga zo‘ravonlarga xos xatti-harakat; zo‘rlik, kuch ishlatish degan taʼrif berilgan. “Zo‘rlik” tushunchasi odamlar va jamiyat uchun o‘ta xavfli bo‘lgan jinoyatni ham o‘z ichiga oladi.

Masalan, odam o‘ldirish, birovning molini o‘g‘irlash, birovga zo‘rlik ishlatish, insonning shaʼni, qadr-qimmatini tahqirlash va hokazolar og‘ir gunoh sanaladi. Muqaddas dinimizda ham “odam o‘ldirma”, “zo‘ravonlik qilma” kabi aqidalarga qattiq amal qilinadi.

Odatda bolalar ko‘proq qanday zo‘ravonliklarga duch keladi? Jismoniy zo‘ravonlik: bu urish, tepish yoki silkitish kabi zarar yoki shikast yetkazadigan jismoniy kuch ishlatishni o‘z ichiga oladi.

Jinsiy zo‘ravonlik: bolaga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya yoki huquqbuzarlikning har qanday shaklini – zo‘rlash, pornografiya yoki jinsiy tahqirlash kabi harakatlarni o‘z ichiga oladi.

Hissiy zo‘ravonlik: hissiy zo‘ravonlik bolaning o‘zini o‘zi qadrlashi, shaxsiy rivojlanishiga putur yetkazadigan xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi. Bu doimiy tanqid, tahqirlash yoki kamsitish tarzida bo‘ladi.

Eʼtiborsizlik: bolaning asosiy ehtiyojlarini, jumladan, oziq-ovqati, boshpanasi, sog‘ligi, taʼlimi va ruhiy qo‘llab-quvvatlanishini taʼminlamaslikni anglatadi.

Onlayn zo‘ravonlik: bugungi kunda dunyo bo‘ylab bolalar onlayn tarzda zo‘ravonliklarga ham uchramoqda. Ular bilan virtual tarzda munosabatlarga kirishish, shaxsiy suratlarini, maʼlumotlarini olib, shu orqali qo‘rqitish tobora ko‘payib boryapti.

Bolalar zo‘ravonlikka uchraganda yoki oila aʼzolari tomonidan tahqirlanganda yoki boshqa holatlarda imo-ishora bilan xabar berish bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish kerak.

Xulosa qilib aytganda, bolalar biz kattalarga ishonishadi, ular bizdan himoya qilishni va barkamol inson sifatida ulg‘ayish uchun shart-sharoitlar yaratilishini kutadi, ular bizga muhtoj va bizning ishtirokimizsiz yashay olmaydilar. Keling, ularning bolalik orzu-umidlarini puchga chiqarmay, baxtli va sevimli farzand bo‘lishlariga yordam beraylik.

 

Samad Suvonqulov, Qashqadaryo viloyat sudining  jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi,

Ashuraki Tashev, jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudi raisi

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish strategiyasi doirasida surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida bolaning ishtirokini ta’minlashning yangi yondashuvlari

Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi doirasida joriy etilayotgan yangi huquqiy mexanizmlar tahlil qilinadi.
Xususan, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki guvoh bo‘lgan bolalarning surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida ishtirok etish tartibini takomillashtirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan protsessual kafolatlar yoritiladi. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish, vasiylik va homiylik organlari hamda ijtimoiy xodimlarning majburiy ishtiroki, videoyozuv orqali ko‘rsatmalarni rasmiylashtirish, shuningdek, mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish masalalari ilmiy-huquqiy jihatdan tahlil etiladi.
Bugungi kunda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bola shaxsining jismoniy, ruhiy va ma’naviy rivojiga zarar yetkazuvchi har qanday zo‘ravonlik holatlari jamiyat barqarorligiga bevosita tahdid soladi. Shu sababli, bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha samarali huquqiy mexanizmlarni shakllantirish zamonaviy huquqiy davlatning muhim vazifalaridan biridir.
2026-2030-yillarga mo‘ljallangan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi” doirasida kommunikatsion rejaning tasdiqlanishi ushbu sohada tub burilish yasashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Mazkur strategiya doirasida bolalarning surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida ishtirok etishiga oid yondashuvlarni yangilash, ularni ikkilamchi ruhiy zararlanishdan himoya qilish hamda protsessual kafolatlarni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
1. Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslari:
O‘zbekiston Respublikasida bolalar huquqlarini himoya qilish Konstitutsiya, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilik hamda xalqaro hujjatlar bilan tartibga solinadi. O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilgan bo‘lib, unda bolaning manfaatlari ustuvorligi asosiy tamoyil sifatida e’tirof etilgan.
So‘nggi yillarda davlat tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Xususan, jinoyat protsessida bolaning huquqiy maqomini mustahkamlash, unga nisbatan insonparvar va ehtiyotkor yondashuvni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiya ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, bolani himoya qilish tizimini institutsional jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi.
2. Bolaning surishtiruv, tergov va sud jarayonidagi huquqiy maqomi zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bola jinoyat protsessida alohida himoyaga muhtoj shaxs sifatida e’tirof etiladi. Shu bois, uning ishtiroki odatiy protsessual subyektlardan farqli yondashuvni talab etadi.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar va zo‘ravonlik holatiga guvoh bo‘lgan bolalar protsessual harakatlarga jalb etilgan paytdan boshlab davlat hisobidan yuridik yordam bilan ta’minlanadi. Bu norma bolaning huquqlarini professional darajada himoya qilish, uning manfaatlari buzilishining oldini olishga xizmat qiladi. Mazkur yondashuv bolaning o‘zi yoki uning qonuniy vakili moddiy imkoniyatidan qat’iy nazar teng huquqiy himoya olishiga imkon yaratadi. Agar zo‘ravonlik bolaning qonuniy vakillari yoki yaqin qarindoshlari tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, tergovga qadar tekshiruv va sud jarayonida vasiylik va homiylik organi vakilining majburiy ishtiroki belgilanishi muhim yangilik hisoblanadi. Bu holat manfaatlar to‘qnashuvining oldini oladi va bolaning real manfaatlari mustaqil tarzda ifodalanishini ta’minlaydi.
3. Dastlabki ko‘rsatmalarni videoyozuv orqali rasmiylashtirish: Strategiyada belgilangan muhim mexanizmlardan biri — zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatmalarini majburiy tarzda videoyozuv orqali qayd etishdir. Mazkur yondashuv:
– bolaning qayta-qayta so‘roq qilinishining oldini oladi;
– ruhiy bosim va stressni kamaytiradi;
– dalillarni ishonchli saqlashga xizmat qiladi;
– sudda obyektiv baholash imkonini oshiradi.
Videoyozuvdan foydalanish xalqaro amaliyotda bolaga do‘stona adliya tamoyilining muhim elementi sifatida e’tirof etilgan bo‘lib, O‘zbekiston huquq tizimida ham bu yondashuvni keng joriy etish ijobiy natijalarga olib keladi.
4. Xabar bermagan mansabdor shaxslarning javobgarligi Strategiya doirasida ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimi xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari aniqlangan taqdirda bu haqda xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Mazkur mexanizm:
– zo‘ravonlik holatlarini erta aniqlash;
– yashirin qolayotgan jinoyatlarni fosh etish;
– mas’ul shaxslarning befarqligiga barham berish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu normalar amaliyotga joriy etilishi bilan bolalarni himoya qilishda davlat va jamiyat mas’uliyati yanada kuchayadi.
5. Jinsiy zo‘ravonlik ishlari bo‘yicha maxsus protsessual tartib:
Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar alohida ehtiyotkorlikni talab qiladi. Shu sababli strategiyada bolalar va gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi o‘rtasida yuzlashtirish tergov harakatini faqat tergovchi yoki prokurorning qarori, yoxud sud ajrimi asosida o‘tkazish mexanizmini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Bu yondashuv:
– bolani ruhiy zarbadan himoya qiladi;
– ikkilamchi zo‘ravonlik xavfini kamaytiradi;
– insonparvar protsessual muhitni shakllantiradi.
6. Ijtimoiy xodimning protsessual maqomini belgilash:
Yangi yondashuvlardan yana biri — surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida ijtimoiy xodimni alohida protsess ishtirokchisi sifatida belgilashdir. Ijtimoiy xodim bolaning psixologik holatini baholash, unga mos sharoit yaratish va manfaatlarini ifoda etishda muhim vositachi bo‘lib xizmat qiladi. Bu institutning joriy etilishi:
– bolaga nisbatan individual yondashuvni ta’minlaydi;
– huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini insonparvarlashtiradi;
– ijtimoiy himoya tizimini protsessual mexanizm bilan bog‘laydi.
Xulosa qilib aytganda, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish strategiyasi doirasida nazarda tutilgan yangi yondashuvlar O‘zbekiston huquq tizimida bolaning manfaatlarini ustuvor qo‘yishga xizmat qiladi. Davlat hisobidan yuridik yordam, videoyozuv asosida ko‘rsatma olish, vasiylik organi va ijtimoiy xodim ishtiroki, mansabdor shaxslar javobgarligini kuchaytirish kabi mexanizmlar bolaga do‘stona adliya tizimini shakllantirishga zamin yaratadi.
Mazkur islohotlarning izchil va samarali ijrosi natijasida bolalarning huquq va erkinliklari yanada ishonchli himoyalanishi, zo‘ravonlik holatlarining oldini olish va ularni fosh etish samaradorligi oshishi kutiladi.

Fozil Yusupov, jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi raisi,
Suhrob Rajabov, jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi tergov sudyasi

Bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat himoyasida

“Biz uchun jamiyatda begona bola yo‘q va bo‘lmasligi kerak. Hammasi o‘zimizning,

O‘zbekistonimizning bolalari. Vaqtida mehr ko‘rsatsak, ishga, ilmga, kasbu hunarga,

ezgu fazilatlarga o‘rgatsak, ularning yo‘lini ochib bersak, ertaga foydasi o‘zimizga,

jamiyatimizga tegadi”.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

SH. Mirziyoyev

 

Ilm-ma’rifatli, bilimli, sog‘lom, xavfdan himoyalangan, to‘liq jismoniy, aqliy va ma’naviy rivojlangan, iqtidorli va iste’dodli bolalar har mustaqil davlatning kelajagi ekanligi sir emas.

Zero, bobomiz Abdulla Avloniy aytganlaridek: “Tarbiya yo hayot yo mamot yo najot yo halokat yo saodat yo falokat masalasidir”.

Yangi O‘zbekistonimizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida keyingi yillarda oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan Farmon, Qaror va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bu boradagi davlat siyosatini to‘liq aks ettirmoqda.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida bolalarning sog‘lig‘i, xavfsizligi, to‘liq jismoniy, aqliy va ma’naviy rivojlanishini, iqtidori va iste’dodini yuzaga chiqarishni ta’minlovchi kafolatlar sezilarli darajada kuchaytirildi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) instituti ta’sis etildi, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularning ustuvor ravishda oila muhitida o‘sib-ulg‘ayishi uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan yangi tizim joriy etildi.

Ma’lumki, 2024-yil 14-noyabrda bolalarni zo‘ravonligining barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, amalga kiritilgandi.

Kuni kecha aynan ushbu Qonun ijrosini samarali tashkil etish va jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga bo‘lgan murosasizlik muhitini shakllantirish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi.

Farmon bilan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi va Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini 2026–2027-yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

2026-yil 1-sentabrdan boshlab zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga va zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga ular tegishli protsessual xatti-harakatlarga jalb etilgan vaqtdan e’tiboran davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi, bolalarga nisbatan ularning qonuniy vakillari yoki boshqa qarindoshlari tomonidan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ishni sudga qadar yuritish va sud muhokamasi jarayonlaridagi barcha protsessual harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organi vakili majburiy tartibda ishtirok etadi, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi hamda mulkchilik shaklidan qat’i nazar ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish tashkilotlari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq aniqlangan faktlar haqida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.

Bundan tashqari bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Oliy sud bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar hamda zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni almashish va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona elektron platforma ishlab chiqiladi.

Bunda platforma davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari hamda “112” qisqa raqami orqali fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash imkonini beruvchi yagona dispetcherlik xizmati bilan “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilinadi va bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlarining yagona statistika hisobi va hisobotini yuritish, statistika organlariga taqdim etish, shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning har bir bosqichini kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, strategiya va chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan vazifalarning amalga oshirilishi o‘z mohiyati bilan bolalarni ijtimoiy himoya qilish, sog‘ligini saqlash, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ilmiy, ijodiy, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishga xizmat qiladi va pirovardida “Sog‘lom bola – sog‘lom kejalak” yo‘lidagi ezgu maqsadlarimiz ta’minlanadi.

 

O‘tkir Mamadaliyev, Qashqadaryo viloyat sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi,

Shahzod Baxtiyorov, jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudi raisi

Xususiy ajrimlar muhim sud hujjatlaridir

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 298-moddasiga ko‘ra jinoyat ishini ko‘rish jarayonida jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar aniqlanganidan keyin sud xususiy ajrim chiqarib, unda tegishli davlat organlaridan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, jamoat birlashmalaridan, jamoalardan yoki mansabdor shaxslardan ana shu sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishni talab qiladi.

JPK 299-moddasiga ko‘ra jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to‘g‘risidagi taqdimnoma yoki xususiy ajrim yuborilgan davlat organi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, jamoat birlashmasi, jamoa yoki mansabdor shaxs zarur choralarni ko‘rishi va ko‘rilgan choralarning natijalari to‘g‘risida kechi bilan bir oylik muddat ichida tegishlicha surishtiruvchini, tergovchini, prokurorni yoki sudni xabardor qilishi shart.

Taqdimnoma yoki xususiy ajrim bajarilmagan yoki vijdonan bajarilmagan taqdirda korxona, muassasa yoki tashkilotning rahbari qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi.

JPK 300-moddasiga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror taqdimnoma, sud esa, xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan tegishli korxona, muassasa va tashkilot rahbarini va jamoasini jinoyatning oldini olish yoki uni fosh etishda fuqaro yuksak onglilik, jasorat ko‘rsatgani, ijtimoiy burchini namunali bajarganligi to‘g‘risida xabardor qilishi mumkin.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra 2025-yilning 11 oyi davomida Qashqadaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlari tomonidan jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, jami 2.582ta xususiy ajrimlar chiqarilgan.

Mazkur statistik ko‘rsatkichlarga ko‘ra chiqarilgan xususiy ajrimlar jami ko‘rilgan jinoyat ishlarining 69,56 foizini tashkil qiladi.

Jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan 2.043 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan bo‘lib, shundan:

1.846ta xususiy ajrimlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga;

73ta xususiy ajrimlar jinoyat sodir etilgan yoki uning kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan ish yoki o‘qish joylariga;

124ta xususiy ajrimlar korxona, muassasa va tashkilotlarga;

–        441ta xususiy ajrimlar esa ichki ishlar organlari yoki boshqa huquqni muhfoza qiluvchi organlarga chiqarilgan.

Dastlkbi tergov yoki surishtiruv harakatlari olib borish davomida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan 411 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan bo‘lib, shundan:

146 ta xususiy ajrimlar IIOlariga;

60 ta xususiy ajrimlar prokuratura organlariga;

24 ta xususiy ajrimlar esa, boshqa surishtiruv yoki dastlabki tergov organlariga chiqarilgan.

Shuningdek, qayd etilgan davrda tegishli korxona, muassasa va tashkilot rahbarini va jamoasini jinoyatning oldini olish yoki uni fosh etishda fuqaro yuksak onglilik, jasorat ko‘rsatgani, ijtimoiy burchini namunali bajarganligi to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida, jami 3 ta (jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudi tomonidan) xususiy ajrim chiqarilgan.

Xususiy ajrimda aniqlangan kamchilik va xatoliklar mohiyati bayon etiladi, shuningdek, ular bilan sodir etilgan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik o‘rtasidagi bog‘lanish ko‘rsatiladi va ularni bartaraf etish uchun zarur choralar ko‘rish tavsiya etilishi haqida tushuntirishlar berilgan.

 

Maxfirat Ochilova, Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

Voyaga yetmaganlar himoyasi kafolati

Mamlakatimizda yoshlar, ayniqsa voyaga yetmaganlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, barkamol shaxslar etib voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratish, ularning huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Oʼtgan yillar davomida voyaga yetmaganlarning huquq va maʼfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirildi.

2025-yil 23-oktyabr kuni “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʼshimcha va oʼzgartirishlar kiritish toʼgʼrisida”gi OʼRQ-1092-sonli Qonuni qabul qilindi.

Mazkur Qonun bilan Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga oʼn sakkiz yoshga toʼlguniga qadar sodir etgan oʼta ogʼir boʼlmagan jinoyati uchun jazoni oʼtab boʼlgan shaxs sudlanmagan, deb hisoblanishini, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati olti oydan bir oygacha qisqartirilishini nazarda tutuvchi qoʼshimcha va oʼzgartirishlar kiritilmoqda.

Ushbu Qonun voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirishga xizmat qiladi va oʼn sakkiz yoshga toʼlguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni oʼtab boʼlgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamgʼasidan holi tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratadi.

Mazkur Qonun bilan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 77-moddasining 6-qismi, yaʼni “Oʼn sakkiz yoshga toʼlguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni oʼtab boʼlgan shaxs sudlanmagan, hisoblanadi, bundan oʼta ogʼir jinoyatlar yoki sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni oʼtab boʼlganidan keyin oʼn sakkiz yoshga toʼlguniga qadar qasddan yangi jinoyat sodir etish hollari mustasno” degan mazmunda toʼldirildi.

Shuningdek, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish jazolarining eng kam muddatlari 6 oydan 1 oyga oʼzgartirildi.

Ertamiz egalarini turli illatlardan asrash, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etib, kelajagiga salbiy taʼsir boʼlishidan himoya qilish har birimizning vazifamizdir. Mamlakatimizda voyaga yetmaganlar huquqlari himoyasi kafolatlari tobora mustahkamlanib borayotganligi esa quvonarlidir albatta.

 

Shohrux Fayziyev, jinoyat ishlari boʼyicha Qarshi shahar sudi sudyasi

Konstitutsiya – baxtimiz qomusi

O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 30-aprelda umumxalq ovozi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab berdi.
Bu davrning eng muhim yutug‘i va tub islohotlarning asosiy g‘oyasi – “Inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga asoslangan, inson huquqlari va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan yangi O‘zbekistonni barpo etishdir.
Konstitutsiya – inson huquqining asosiy kafolati, sud orqali buzilgan huquqlarning tiklanishidir.
Bilamizki, mustaqil O‘zbekiston tarixida 1992-yil 8-dekabrda ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi O‘zbkiston Respublikasi Oliy kengashining XII-chaqiriq XI-sessiyasida qabul qilingan.
O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Sovetining 1990-yil 20-iyundagi ikkinchi sessiyasida Musttaqillik dekloratsiyasi qabul qilingan bo‘lib, ushbu qonun ham mustaqilligimizning va davlatchilik tuzumimizning asosiy qonuni bo‘lib, vaqtinchalik amalda bo‘lgan va konstitutsiyamiz qabul qilingunga qadar Konstitutsiya vazifasini bajarib kelgan.
Nima sababdan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilishga ehtiyoj tug‘ildi, degan savol o‘rtaga qo‘yiladigan bo‘lsa, jamiyatning bugungi ehtiyojlariga mos bo‘lishi, zamon va fuqarolarimizning huquqiy ongi o‘zgardi, davlatimiz iqtisodiy jihatdan o‘z salohiyatini yaxshilab oldi. Bundan tashqari davlatimiz BMT kabi xalqaro tashkilotlarning inson huquqlariga oid bir qator paktlar va xalqaro shartnomalarni imzolab o‘z fuqarolarining huquqlarini kafolatladi. Ushbu kafolatlar asosiy qonunda o‘z aksini topishi lozimligi sababli ushbu yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilishga zarurat tug‘ildi, deb javob bergan bo‘lar edim.
Bunga birgina misol BMT va boshqa dunyo davlatlari tomonidan inson huquqlarining 110 dan ortiq turi tan olingan va uning kafolatlariga oid, konvensiya, pakt va qonunlar qabul qilingan, birgina yangi tahrirdagi konstitutsiyamizda ushbu inson huquqlarining 90 tasi qayd qilib inson huquqlari kafolatlangan.
Shuningdek, yuqorida qayd etib o‘tganimday, dastlabki Konstitutsiyamiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy kengashining XII-chaqiriq XI-sessiyasida deputatlarimiz tomonidan qabul qilingan. Bilamizki “Normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 6-moddasiga ko‘ra normativ huquqiy hujjatlar turlarida birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, keyingi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari keltirilgan.
Bizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari tomonidan ishlab chiqilgan normativ huquqiy hujjatlar palatalar a’zolari (deputatlar, senatorlar) tomonidan qabul qilingan qarorga asosan umumiy amaliyotga tadbiq qilinadi. Demak, eski tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy kengashining a’zolari tomonidan ishlab chiqilgan va “Normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuning 6-moddasiga zid ravishda yuridik kuchga egaligi jihatdan birinchi navbatda turadigan normani undan quyida turgan qaror va qonun bilan qabul qilingan. Bu esa qonunchilik talabiga ziddir.
Yuqoridagi kemtikni olib tashlash uchun yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri xalqning o‘zi tomonidan ishlab chiqildi va uning matni xalq tomonidan keltirilgan takliflarni qayta ishlab chiqilib, umumlashtirilib tahrirlandi. Ushbu tahrirning o‘zi ham ommaviy axborot vositalarida uzluksiz e’lon qilinib kelindi. Yakuniy tahrir esa to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda namoyish qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi majlisida muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qarori qabul qilinib qonunbuzilish holatlari aniqlanmagandan keyingina umumxalq Referendumiga qo‘yilib, 2023-yilning 30-aprelida xalqimizning 91 % dan ortiq ovozi bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida XXIII bobining 130-140- moddalari sud hokimiyatiga bag‘ishlangan.
Eski tahrirdagi konstitutsiyadan asosiy farqlariga keladigan bo‘lsak 130-moddaning birinchi qismida O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishi qayd etilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki O‘zbekiston Respublikasidagi sudlarning odilligi konstitutsiya maqomida tariflab o‘tilgan. Ya’ni, sudlar nafaqat qonun doirasida qaror qabul qilishi balki shu qonunlarga tayangan holatda adolatli qaror qabul qilishiga yuksak ta’rif berib o‘tilgan.
Moddaning ikkinchi qismida sudlar ushbu qarorlarni qabul qilishda qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, sud mustaqildir va uning ishiga arlashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bosh qomusimizning 133-moddasi ikkinchi qismida fuqarolarga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri konstitutsiyaviy sudga o‘z huquq va manfaatlariga ta’sir ko‘rsatayotgan normativ huquqiy hujjat ustidan shikoyat bilan murojaat qilish huquqi berildi. Bu mustaqil O‘zbekiston qonunchiligidagi yangi amaliyotdir. Mana, nima uchun ushbu Konstitutsiya fuqarolarning huquq va erkinligining kafolati, deyapmiz. Fuqarolarga faqatgina korxona muassasa va tashkilotlar, fuqarolar ustidan sudlarga murojaat qilish huquqi mavjud edi, endi fuqarolar qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organning qonun va qarorlari ustidan ham shikoyat qilib Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berildi.
Shuningdek, 136-moddaning birinchi qismida sudya faqat konstitutsiya va qonunlarga bo‘ysunishi, uning ishiga boshqalarning aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligi, sudya muayyan ish bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi qayd qilingan.
Moddaning ikkinchi qismida sudyalar daxlsizligi, uchinchi qismida esa uning oila a’zolari ham xavfsizligini davlat o‘z zimmasiga olganligi qayd qilingan.
Yuqoridagi modda talablariga ko‘ra sudya odil sudlovni amalga oshirishi uchun davlat tomonidan barcha kafolatlar, hattoki, sudya va uning oila a’zolarining ham huquq-manfaatlari kafolatlanib, davlat ularning xavfsizligini o‘z zimmasiga olgan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, O‘zbekistonni barpo etishda o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz ushbu yangi tahrirdagi Konstitutsiya orqali o‘z aksini topganligini, yangi taxrirdagi konstitutsiyamiz xalqimizning hohish va istaklarini o‘z ichiga olgan asosiy Bosh Qomusimizdir.

Jasurbek Turopov, Qashqadaryo viloyat sudi sudya katta yordamchisi

Atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish barchamizning konstitutsiyaviy burchimizdir

Ma’lumki, atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy asoslari birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida o‘z aksini topgan. Uning Muqaddimasida ham mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirish, hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash hamda atrof-muhit musaffoligini saqlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 62-moddasida “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar” deb belgilangan.

Konstitutsiyasimizga muvofiq yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

1996-yil 27-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilingan bo‘lib, atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, fuqarolarining huquq va majburiyatlari, standartlar va meyoriy hujjatlar, havo muhitiga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik kabi moddalar mavjud.

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasi, ularni aniqlash va oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy etish, respublika aholi punktlarining sanitariya va ekologik holati uchun davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish, shuningdek, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarga erishishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktabrdagi PF-5863-son Farmoni bilan  2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlangan.

Davlatmiz rahbari tashabbusi bilan 2025-yilga “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nom berildi. Bu qaror mamlakatimizning barqaror rivojlanishi, yuzaga kelgan ekologik muammolarni hal qilish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan bir necha muhim omilga asoslangan. Dunyo bo‘ylab atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan holatlar ko‘paymoqda. Jumladan, O‘zbekiston ham iqlim o‘zgarishi, havo va suv ifloslanishi kabi jiddiy ekologik muammolarga duch kelmoqda. Atrof-muhit masalasini asosiy kun tartibiga olib chiqish davlatimizga ayni masalarni bartaraf qilish imkonini beradi, jamoatchilikda esa tabiatga e’tiborni kuchaytiradi. Har bir fuqaro atrof muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lshi, asrab avaylashi, undan oqilona foydalanishi zarur.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlikka tortish masalalari O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik meyorlarida belgilangan. Ma’muriy kodeksda jinoyat turiga qarab turli miqdorda jarimalar to‘lash va ma’lum huquqdan mahrum qilish jazolari ko‘rsatilgan. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 4-bo‘limi «Ekologiya sohasidagi jinoyatlar» deb yuritiladi. Jinoyat kodeksida Ekologiya sohasidagi turli jinoyatlar uchun jarima to‘lash, muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari, ozodlikdan mahrum qilish choralari belgilangan.

Sudlar tomonidan ham vakolatli organlarning da’vo arizalariga asosan artof-muhitga yetkazilgan zararni undirish haqidagi ishlar ko‘rib chiqilib, sudning hal qiluv qarorlariga asosan aybdor shaxslardan yetkazilgan zararlar undirib olinmoqda.

Bugungi kunda dunyo miqyosida ekologik muammolar o‘sib borayotgan bir vaqtda respublikamizda artof-muhitni asrab avaylash, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarga mevali va manzarali daraxtlar ekish ishlari olib borilmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, barchamiz o‘zimizning Konstitutsiyaviy burchimiz bo‘lgan atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishimiz, kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashimiz zarur.

 

Xurshid Muxtorov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudi raisi 

Tabiatga ziyon yetkazganlar jazolandi

Bugungi kunda ekologik barqarorlik va tabiatni asrash har bir davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlaridan biridir. Oʼrmonlar tabiatning bebaho boyligi va bioxilma-xillikni saqlash, inson hayoti uchun sogʼlom muhit yaratishda beqiyos ahamiyatga ega. Shu bois mamlakatimizda oʼrmonlarni muhofaza qilish, ularni koʼpaytirish va tiklash masalasi qatʼiy nazoratga olingan.

Shu bilan birga ayrim fuqarolarning shaxsiy manfaati yoki beeʼtiborligi sababli daraxtlarning noqonuniy kesilishi, oʼrmon maydonlariga zarar yetkazish holatlari hali-hamon uchrab turibdi. Bunday hollar nafaqat ekologik muvozanatga putur yetkazadi, balki qonunchiligimizga zid hisoblanadi.

Jinoyat ishlari boʼyicha Yakkabogʼ tuman sudida shu kabi jinoyat ishi koʼrib chiqildi. Ish hujjatlariga koʼra sudlanuvchi E.D Yakkabogʼ ixtisoslashgan Davlat oʼrmon xoʼjaligiga qarashli “Langar” oʼrmonchilik boʼlimining uchastkasi oʼrmonchi vazifasida ishlab kelib, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 9-sentyabrdagi 203-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Oʼrmon qoʼriqchiligi toʼgʼrisida”gi Nizomning 2-boʼlimi 4-bandiga koʼra, unga oʼrmon daraxtlarini oʼzboshimchalik bilan kesishdan, oʼgʼirlash, yoʼq qilish va oʼrmon toʼgʼrisidagi qonun hujjatlarining boshqa buzilishlaridan muhofaza qilish hamda oʼrmon daraxtlarini oʼzboshimchalik bilan kesish bilan bogʼliq noqonuniy xatti-harakatlarni toʼxtatish chora-tadbirlarini koʼrish vazifalari yuklatilgan boʼlsada, oʼziga yuklatilgan vazifalarini vijdonsiz bajargan.

Shuningdek, sudlanuvchi U.Gʼ Yakkabogʼ ixtisoslashgan Davlat oʼrmon xoʼjaligiga qarashli “Langar” oʼrmonchilik boʼlimining oʼrinbosari (oʼrmon ustasi) vazifasida ishlab kelib, mansabga sovuqqonlik bilan qarashi natijasida “Oʼrmon qoʼriqchiligi toʼgʼrisida”gi Nizomning 12-bandiga koʼra, unga oʼrmon boʼlimidagi oʼrmonlarni qoʼriqlash, muhofaza qilish, ulardan foydalanish va ularni takroriy koʼpaytirish sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi hujjatlar va bayonnomalar tuzilishining toʼgʼriligini tekshirish, oʼzboshimchalik bilan kesilgan yoki shikastlangan oʼrmonni moddiy-pul jihatidan baholash, oʼrmon ustalari, oʼrmonchilar va vaqtinchalik yongʼin qorovullariga yoʼl-yoʼriq berish va ularga yuklatilgan majburiyatlarning oʼz vaqtida va aniq bajarilishini nazorat qilish, oʼrmon boʼlimida daraxtlarni kesish qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish, qoidabuzilishlari aniqlangan taqdirda tegishli bayonnomalar tuzish, oʼrmon aylanmalari va uchastkalarni taftish qilish majburiyatlari yuklatilgan boʼlsa-da, oʼz vazifasini lozim darajada bajarmay loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda boʼlgan.

Oqibatda tergov jarayonida aniqlashning imkoni boʼlmagan shaxslar tomonidan 1-sarxad “Qoʼngʼizli”, “Qorakamar” va “Sarixalqa” uchastkalaridan 209 tup har xil diametrdagi tabiiy holda oʼsgan Zarafshon archasi va Uchqat daraxtlari tag qismidan kesilganligi, 664 tup Zarafshon archasi va Uchqat daraxtlari oʼsishdan toʼxtamaydigan darajada shikastlanishi oqibatida 236.278.000 soʼmlik juda koʼp miqdordagi tabiiy holda oʼsgan Uchqat va Zarafshon archalarini kesib ketilib, nobud qilinishiga sababchi boʼlgan.

Koʼrib chiqilgan jinoyat ishi doirasida ushbu shaxslar tomonidan belgilangan oʼrmon maydonida koʼplab daraxtlarning noqonuniy kesilgani, tabiatga katta miqdorda zarar yetkazilgani aniqlandi.

Jinoyat ishlari boʼyicha Yakkabogʼ tuman sudining hukmi bilan E.D Oʼzbekiston Respublikasi JK 172-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Oʼzbekiston Respublikasi JK 172-moddasi bilan JK 45-moddasi qoʼllanib, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda moddiy javobgarlik vazifasida ishlash huquqidan 1 yilga mahrum qilib, ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi U.Gʼ Oʼzbekiston Respublikasi JK 207-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga JK 45-moddasi qoʼllanib, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifasida ishlash huquqidan 1 yilga mahrum qilib, ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Koʼrib chiqilgan jinoyat ishi shuni koʼrsatadiki, qonun talablarini buzishning har qanday koʼrinishi oʼz jazosisiz qolmaydi. Shu bilan birga, bunday holatlarning oldini olishda aholining ekologik ongini yuksaltirish, oʼrmonlarni muhofaza qilishga qaratilgan keng koʼlamli ishlarni davom ettirish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, tabiat umumiy uyimiz. Uni asrash esa har birimizning burchimizdir.

 

Nurbek Аbdullaev, jinoyat ishlari boʼyicha Yakkabogʼ tuman sudi raisi

Skip to content