Maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 68-moddasida yer, yer osti boyliklari, suv, oʼsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.
Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk boʼlishi mumkin.
Sudlarda koʼrilayotgan ishlar shuni koʼrsatmoqdagi, ayrim fuqarolarimiz tomonidan yer maydonlari oʼzboshimchalik bilan egallab, har-xil imoratlar, noqonuniy qurilmalar qurib olib, yerlarni foydalanishga yaroqsiz holatlarga keltirish holatlari aniqlanib, noqonuniy qurilishlarni buzdirish va yer maydonini dastlabki holatga keltirish haqida sudning hal qiluv qarorlari chiqarilmoqda.
Yer maydonlari oʼzboshimchalik bilan egallab olinishining oldini olish, yer maydonlarini talon-toroj qilish borasida jazo choralari koʼchaytirilmoqda.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 30-iyulda qabul qilingan, Senat tomonidan 2024-yil 23-oktyabrda maʼqullangan “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonuni bilan bir qator qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritildi.
Qonunga koʼra Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksiga, Fuqarolik protsessual kodeksiga hamda “Davlat boji toʼgʼrisida”gi OʼRQ-600-sonli Qonuniga tegishli oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritildi.
Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksining 60-moddasining sanktsiyasida koʼrsatilgan jazo chorasi koʼchaytirilib, yer uchastkalarini oʼzboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud boʼlmagan holda ulardan foydalanish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʼttiz baravari, mansabdor shaxslarga esa — yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab boʼladi.
Oʼzboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash boʼlgan va tutash boʼlmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari, mansabdor shaxslarga esa — toʼrt yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab boʼladi, deb belgilandi.
Xuddi shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-1-moddasining sanktsiyasidagi jazo choralari ham kuchaytirilib, yer uchastkalarini oʼzboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud boʼlmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʼllanilganidan keyin sodir etilgan boʼlsa — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʼrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sugʼoriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda oʼzboshimchalik bilan egallab olish — bazaviy hisoblash miqdorining toʼrt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, deb belgilandi.
Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik-protsessual kodeksi yangi 23-2-bob bilan toʼldirildi.
23-2-bob. Oʼzboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida boʼlgan yer uchastkasini qaytarish, oʼzboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash toʼgʼrisidagi ishlarni yuritishning oʼziga xos xususiyatlari deb nomlanib, ushbu bobda yer maydonlarini oʼzboshimchalik bilan egallab olish holatlari boʼyicha sudlarga kiritilgan daʼvo arizalarni fuqarolik ishlari boʼyicha sudlarda koʼrib chiqishning yangi tartibi belgilab berildi.
Xulosa qilib aytadigan boʼlsak, davlatning bir qarich yer maydonini ham oʼzboshimchalik bilan egallab olish, turli xil noqonuniy imoratlar qurish qonun bilan tegishli javobgarlikka tortishga asos boʼladi.
Xurshid Muxtorov, Fuqarolik ishlari boʼyicha Kasbi tumanlararo sudi raisi