Inson huquq va erkinliklari himoyasining muhim qadami

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar orasida inson  huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli.

Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi deb belgilangan.

Adolatli va xolis sudyalar ham inson huquqlarini himoya qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Sudyalar kelib chiqishi va maqomidan qat’iy nazar ishda ishtirok etuvchi barcha tomonlarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlashi shart.

Konstitutsiyamizning 19-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar qonun oldida tengdirlar deb belgilangan.

Sud tizimining mustaqilligi uning boshqa biror-bir organga bo‘ysunmasligi kerakligini anglatadi. Sud tizimi ichki va tashqi barcha bosim va tortishishlardan xoli bo‘lishi kerak. Sud tizimining mustaqilligi barcha demokratik mamlakatlarda odamlarning asosiy huquqlarini himoya qilish uchun muhim hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 136-moddasida sudyalar mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi belgilangan. Shu sababli tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Prezidentimizning 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquqi va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-89-sonli Farmoni ham o‘tgan yillar mobaynida inson huquqlarini himoya qilish borasidan olib borilgan islohotlarning o‘zviy davomi sifatida muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur farmonga asosan eng avvalo, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etiladi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga tergov sudyasi lavozimi kiritiladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, jinoyat ishlari bo‘yicha gumonlanuvchilarga nisbatan ma’lum bir sanksiya berish hozirgi kunda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda. Mazkur Farmonga asosan sanksiya berish masalasi yangi tashkil etilayotgan tergov sudyalariga berilishi shaxsning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarini yana bir bor huquqiy himoyasini ko‘chaytirishning muhim omili xisoblanadi.

Qonunchiligimizga yangi tergov sudyasi atamasi kirib keldi. Tergov sudyasi  jinoyat ishlarini yuritishning sudga qadar bo‘lgan bosqichlarida faoliyat olib boruvchi, ayblov va himoya tarafining harakatlarini muvofiqlashtirib va nazorat qilib turuvchi hamda ularning o‘z huquq va vakolatlarini amalga oshirishlari uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratib beruvchi mas’ul mansabdor shaxs hisoblanadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudsi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi tartibi belgilandi.

Tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi va tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.

Farmonga asosan tergov sudyalariga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma;

qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘lik, iltimosnoma;

pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma;

murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma;

pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;

tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma;

telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;

mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;

  1. b) quyidagilar bo‘yicha majburlov choralari:

ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;

shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;

ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi;

ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;

  1. v) prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomasi.

Farmonga asosan qonunchilikda belgilangan tartibda tergov sudyasiga yuklatilgan vazifalarni adolatli va xolisona bajarish tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi. Bu sudyalar sud jarayonida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ular adolatni ta’minlash va barcha ishtirok etuvchi tomonlarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash uchun javobgardir.

Xulosa qilib aytganda, sud-tergov faoliyati sohasidagi islohotlar Konstitutsiya ustuvorligi, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi muhim qadamdir.

 

Xurshid Muxtorov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudi raisi

Inson qadri uchun tamoyili asosida yangi bosqich – sud-tergov amaliyoti inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari

Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish tizimini inson qadri uchun tamoyili asosida yangi bosqichga ko‘tarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish, shuningdek, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, sud-tergov amaliyoti inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha samarali mexanizmlar to‘liq ishga solinmaganligi, shuningdek, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali ishonchli ta’minlash choralarini kuchaytirish zarurati mavjudligini ko‘rsatadi.

Shunga muvofiq hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-89-sonli Farmonga asosan 2025-yil 1-yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar — tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibini joriy etish; jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini kiritish; jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi tartibini belgilash; tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini berish; tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibini saqlab qolish belgilandi.

Tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini, shu jumladan sanksiyalar (qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma; qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘liq, iltimosnoma; pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma; murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma; pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma; tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma; telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma; mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma) hamda quyidagilar bo‘yicha majburlov choralari(ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma; shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma; ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi; ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma)ni qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati beriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda tergov sudyasiga yuklatilgan vazifalarni adolatli va xolisona bajarish, qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlash, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini sud yo‘li bilan samarali himoya qilish tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilab berildi.

Bundan tashqari, qonunda belgilangan tartibda tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, tergov sudyalarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, sudyalar korpusini shakllantirish qonunda belgilangan tartibga muvofiq, amalga oshiriladi.

Tergov sudyasining tashkiliy faoliyatiga rahbarlik tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raislari tomonidan amalga oshiriladi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, ushbu islohot davlat va jamiyatni tubdan modernizatsiya qilish, eng avvalo, inson huquqlarini himoya qilish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish, shuningdek, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

 

Orif Qurbonov, Qashqadaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi

O‘zbekiston – inson qadri va manfaatlari ulug‘langan yurt

Bugun yurtimizda keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning bosh maqsadlaridan biri – mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash hamda xalqimiz uchun farovonligi uchun munosib turmush sharoitini yaratib berishdan iboratdir.

Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyili bugun har bir sohadagi islohotlarimizda namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston “Inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida oldinga qarab dadil intilmoqda.

Xususan, inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash borasida maqsadli choralar amalga oshirilmoqda.

Xabaringiz bor Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralari bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Mamlakatimiz rahbari o‘z nutqida hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligini ta’kidlab o‘tar ekan, O‘zbekistonda yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq referendumi milliy taraqqiyotimizning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berganini ta’kidladi. Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqat yana bir bor tasdiqlanganligi, ushbu huquqiy asosda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un ekanligini ta’kidladi.

Darhaqiqat, qabul qilingan «O‘zbekiston – 2030″ strategiyasi yetti yilga mo‘ljallangan, rivojlanishimizga xizmat qiladigan muhim hujjat bo‘ldi. Unda barcha soha va yo‘nalishlarda bir qator ustuvor maqsad hamda vazifalar o‘z aksini topgan.

“O‘zbekiston – 2030» strategiyasi to‘rtinchi yo‘nalishi “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimidagi islohotlar”deb nomlangan bo‘lib, Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlashni sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Bugun guvohi bo‘layotganimizdek, sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Sud tizimida odillik va shaffoflik mezonlarini yanada mustahkamlash, har bir sohada adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, inson qadrini yuksaltirish, uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan eng asosiy maqsadlardandir.

Mamlakatimiz fuqarolarining qonuniy manfaatlarini, huquq va erkinliklarini ishonchli ta’minlash demokratik yangilanishlarning yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Bunda esa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, sud-huquq idoralari, shuningdek, mansabdor shaxslar davlat amaldorlari faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish orqali inson huquqlarining ta’minlanishiga, “Inson qadri uchun” g‘oyasidan kelib chiqadigan, islohotlarimizning amaldagi ifodasini ko‘rishga erishish mumkin.

Yurtimizda bu kabi amalga oshirilayotgan tub islohotlar “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilning to‘la ro‘yobga chiqishida, har bir islohot inson va uning baxt-saodati uchun, xalq manfaati uchun xizmat qilishi shubhasiz.

 

Mo‘min Astanov, Qashqadaryo viloyat sudi raisi o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi 

Axborot xavfsizligi – davr talabi

Ma’lumki, jamiyatda axborotlashtirish sohasidagi munosabatlarning kengayishi bilan bir qatorda mamlakatimizda ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan yangi ijtimoiy munosabatlar — axborot xavfsizligini ta’minlash dolzarb masalalardan biriga aylandi.

Bosh Qomusimizning 33-moddasiga muvofiq, axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi.

Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi JKning 191-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikka e’tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Jumladan, JKning 191-moddasida qonunga xilof ravishda axborot to‘plash, uni oshkor qilish yoki undan foydalanish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, sir tutiladigan fan-texnika, ishlab chiqarish, iqtisodiyot, savdoga oid yoki boshqa shu kabi axborotni egasining roziligisiz oshkor qilish yoki undan foydalanish maqsadida har qanday usulda to‘plash —

bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan;

Sir tutiladigan fan-texnikaga, ishlab chiqarish, iqtisodiyot, savdoga oid va boshqa shu kabi axborotni egasining roziligisiz qasddan oshkor qilish yoki undan foydalanish xo‘jalik yurituvchi subyektga ko‘p miqdorda zarar yetkazgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Shu bois sir tutiladigan fan-texnika, ishlab chiqarish, iqtisodiyot, savdoga oid yoki boshqa shu kabi axborotni egasining roziligisiz oshkor qilish yoki undan foydalanish maqsadida har qanday usulda to‘plaganlik uchun jinoiy javobgarlik borligini yodda tutishimiz lozim.

 

Shahzod Baxtiyorov, Qashqadaryo viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

TADBIRKORNING HAQLI E’TIROZIGA SABAB BO‘LGAN BOJXONA DA’VOSI nega asossiz deb topildi?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga ko‘ra har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanishi belgilangan.

Shu ma’noda, iqtisodiy sudlar tomonidan iqtisodiy sud ishlarini yuritishning eng muhim vazifalaridan biri ham korxona, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdir.

Bugun tadbirkorlarning qonuniy manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, ularning erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun har tomonlama imkoniyat yaratish,  qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklarga chek qo‘yish, sud idoralari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining eng asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Boshqacha aytganda, iqtisodiy sudlar tomonidan ham tadbirkorlar bilan davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqishda tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipiga alohida e’tibor qaratilayotganligi natijasi o‘laroq ayrim davlat organlari tomonidan tadbirkorlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘linayotganligi ham bor gap.

Xususan, sud Qashqadaryo viloyat Bojxona boshqarmasi va “CKD-Xamkor” xususiy korxonasi o‘rtasida 69 509 780 so‘m miqdorida bojxona to‘lovini undirish bilan bog‘liq nizoli holatlar bo‘yicha ham ana shunday xulosalarga kelib, pirovardida tadbirkorlik subyekti huquqining ustuvorligi ta’minlandi.

Kezi kelganda shuni ham aytish joizki, bojxona idoralari va tadbirkorlar o‘rtasidagi da’volar shunchaki oddiy nizo bo‘lib qolmasdan ishni ko‘ruvchi har bir sudyadan sohaga oid birgina Kodeks yoki Qonunni emas, balki ko‘plab Qonun va qonunosti hujjatlarini erinmasdan ko‘rib chiqishni, taraflarning vajlarini obdon o‘rganib chiqishni va ish hujjatlarini sinchiklab tekshirishni taqozo etadi.

Gap shundaki, birinchi instansiya sudining 2024 yil 27-fevraldagi hal qiluv qarori bilan da’vogar viloyat Bojxona boshqarmasining da’vo talabi qanoatlantirilib, javobgardan 69 509 780 so‘m so‘m bojxona to‘lovi undirilgan.

Bundan norozi bo‘lib berilgan apellyatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar dalillar asosida sudlov hay’atida atroflicha o‘rganib chiqilib, oxir-oqibatda tadbirkorning haqli ekanligi, bojxona to‘lovi asossiz  hisoblanganligi va undirilganligi aniqlandi.

Xo‘sh, buning sabab va omillari nimada edi, kelgusida bunday toifadagi ishlarni ko‘rishda shunday xato va kamchiliklarga takroran yo‘l qo‘ymaslik uchun nimalarga jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim bo‘ladi?

Sud muhokamasi davomida aniqlangan holatlarga ko‘ra “SKD-Xamkor” xususiy korxonasi nomiga Turkmaniston davlatining “Kamil Topar” korxonasi tomonidan yuk hujjatlari asosida og‘irligi 161 250 kg.ga teng bo‘lgan “Bitum neftyanoy dorojniy vyazkiy marki MBK-G-55” tovari yuborilgan bo‘lib, “SKD-Xamkor” xususiy korxonasi tomonidan taqdim qilingan yuk hujjatlari ya’ni Birlashgan Arab Amirligining “Kartech Trade Fze” tashkiloti tomonidan berilgan invoyis asosida tovarning faktura qiymati har bir tonnasi uchun 420 AQSH dollarida 10007/26.09.2022/0002668 va 10007/12.10.2022/0002806-tartib raqamli bojxona yuk deklaratsiyalari (keyingi o‘rinlarda BYUD) bilan “Erkin muomalaga chiqarish” (Im-40) bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan.

Viloyat bojxona boshqarmasi tovarlar “Erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilganidan so‘ng 2023 yil 13-fevral kuni “tovarlar chiqarib yuborilganidan keyingi bojxona nazoratini o‘tkazish haqida” qaror qabul qilinib, ushbu qaror asosida 10007/26.09.2022/0002668 va 10007/12.10.2022/0002806-tartib raqamli BYUDlarni rasmiylashtirish jarayonida taqdim etilgan yuk kuzatuv hujjatlari va ma’lumotlar qayta o‘rganib chiqilib, tovarning qiymatiga aniqlik kiritish maqsadida Turkmaniston Respublikasining Bojxona xizmatiga xalqaro so‘rovnoma yuborish uchun Bojxona qo‘mitasiga 2023 yil 25-fevraldagi 4/04-23-0629-sonli xat yuborilgan.

Turkmaniston Respublikasi Bojxona xizmatining 2023 yil 15-maydagi 03/1653-sonli javob xati va unga ilova qilingan hujjatlar (invoys, eksport BYUD)da “Kamil Topar” korxonasi tomonidan yuborilgan tovarlarning qiymati har bir tonnasi uchun 2366 Turkman manati (676,9 AQSH dollari)da ekanligi ma’lum qilingan.

Shunga ko‘ra, bojxona organi tomonidan 2023 yil 07-iyunda komissiyaviy xulosa tayyorlanib, xususiy korxona tomonidan taqdim qilingan 10007/26.09.2022/0002668 va 10007/12.10.2022/0002806-tartib raqamli BYUDlar bo‘yicha 69 509 780 so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblangan, o‘z navbatida sud esa da’voni qanoatlantirish to‘g‘risida barvaqt xulosaga kelgan.

Chunki O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 302-moddasiga ko‘ra olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlash usullari keltirilgan bo‘lib, ular quyidagi usullarni qo‘llash orqali amalga oshiriladi:

olib kiriladigan tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha;

aynan bir xil tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha;

o‘xshash tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha;

qiymatlarni chegirib tashlash asosida;

qiymatlarni qo‘shish asosida;

zaxira usul.

“SKD-Xamkor” xususiy korxonasi va “CARTECH TRADE FZE” kompaniyasi o‘rtasida 2022 yil 3-yanvarda tuzilgan 22-F003-sonli neft mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha import shartnomasiga asosan 605.0 tonna, umumiy qiymati 241 000 AQSH dollari miqdorida bitum mahsuloti yetkazib berilgan bo‘lib, 2022 yil 26-sentabrdagi 10007/26.09.2022/0002668-sonli bojxona yuk deklaratsiyasi bo‘yicha 38.500 kg bo‘lgan bitum mahsuloti, “CARTECH TRADE FZE” kompaniyasining 2022 yil 14-sentabrdagi                            22-F003/06-sonli invoysiga asosan har bir tonnasi uchun 420,0 AQSH dollari miqdorida 16.170 AQSH dollari miqdorida, 2022 yil 12-oktabrdagi 10007/12.10.2022/0002806 sonli bojxona yuk deklaratsiyasi bo‘yicha 122.750 kg bitum mahsuloti uchun “Kartech Trade Fze” kompaniyasining 2022 yil 14-sentabrdagi 22-F003/07-sonli invoysiga asosan har bir tonnasi uchun 420,0 AQSH dollari miqdorida 51.555 AQSH dollari miqdorida to‘lovlar amalga oshirilgan.

Tadbirkorlik subyekti va “CARTECH TRADE FZE” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan ushbu shartnomaning 2.4-bandida shartnomaning umumiy qiymati 735 000 AQSH dollarini tashkil etishi ko‘rsatilgan.

Xususiy korxonasi tomonidan taqdim etilgan shartnoma, yuk hujjatlari, deklaratsiya va invoyslar asosida da’vogar Bojxona kodeksning 302-moddasi talabi bo‘yicha birinchi usulni qo‘llagan holda olib kiritilgan tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha dastlab bojxona qiymatini aniqlagan va bojxona to‘lovini hisoblagan. Javobgar esa ushbu to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab bergan.

Mazkur holatda olib kiriladigan tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha aniqlash usuli olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlashning asosiy usuli hisoblanib, da’vogar tovarga nisbatan ushbu usulni qo‘llagan.

Bojxona kodeksining 306-moddasida tovarning bojxona qiymatini aniqlashda deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan foydalanilgan ma’lumotlar hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lmasa, tovarning bojxona qiymatini aniqlashda 1-usuldan foydalanmaslik belgilangan.

Holbuki, da’vogar tomonidan olib kiritilgan tovarga nisbatan 1-usul asosida bojxona qiymati deklarant taqdim etgan bitim, bojxona deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar bilan aniqlangan.

Bundan tashqari sud da’vogar vakillarining olib kirilgan tovarlarning har bir tonnasi uchun bojxona qiymati 2366 Turkman manatida (676.9 AQSH dollari) hisoblanishi lozimligi haqidagi vajlarini asossiz deb hisobladi.

Chunki, bojxona qiymatini hisoblashga asos bo‘lgan shartnoma Turkmaniston hududida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyekti bilan emas, balki Birlashgan Arab Amirligida joylashgan “CARTECH TRADE FZE” kompaniyasi bilan tuzilgan.

Tadbirkor nomiga kelgan tovarlar bojxona deklaratsiyasida ham tovarlar BAA davlatidan kelganligi va tovar sertifikatida ushbu tovarlar BAA davlatida ishlab chiqarilganligi qayd etilgan.

Mazkur kompaniya tomonidan 2022 yil 18 oktabrda berilgan xatda taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnoma bo‘yicha tovarning mulkdori “CARTECH TRADE FZE” kompaniyasi hisoblanishi, yetkazib beruvchi esa “Kamil Topar” korxonasi ekanligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, bank ma’lumotiga ko‘ra shartnomaga asosan xususiy korxona tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar uchun to‘lovlar aynan “CARTECH TRADE FZE”

kompaniyasiga  o‘tkazib berilgan.

Albatta, har qanday holatda ham ish holatlaridan kelib chiqib, sud o‘zining adolatli va xolis xulosasini beradi.

Zero, odil sudlovni amalga oshirishda tadbirkorlik faoliyati subyektlarining davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar bilan o‘zaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipiga qat’iy amal qilinadi, adolat va qonuniylik ta’minlanadi.

 

Muhiddin BOZOROV, Husan TURSUNOV, Qashqadaryo viloyat sudi sudyalari

Mansab soxtakorligi jinoyati va mazkur jinoyat uchun tayinlanadigan jazo turlari

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 209-moddasida mansab soxtakorligi jinoyati uchun javobgarlik choralari belgilangan.

Mansab soxtakorligi, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining g‘arazgo‘ylik yoki boshqa manfaatlarni ko‘zlab rasmiy hujjatlarga bila turib soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritishi, hujjatlarni qalbakilashtirishi yoki bila turib soxta hujjatlar tuzishi va taqdim etishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakat:

  1. a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
  2. b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mansab soxtakorligining predmeti – shaxsini tasdiqlovchi, jismoniy va yuridik shaxslarga huquq berish yoki undan mahrum qilish yoxud majburiyat yuklash yoki undan ozod qilish yoki boshqa huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan fakt va voqealarni tasdiqlovchi, huquqiy oqibatlarga olib keladigan, davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsi tomonidan qabul qilingan (tasdiqlangan), lozim darajada tuzilgan va zaruriy rekvizitlari mavjud bo‘lgan yozma yoki elektron hujjat.

Rasmiy hujjatlar bilan bir qatorda vakolatli davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsi tomonidan guvohlantirilgan xususiy hujjatlar ham mansab soxtakorligining predmeti bo‘lishi mumkin.

Mansab soxtakorligi jinoyatini sodir etish jamiyat rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi, shuningdek fuqarolarning davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga bo‘lgan ishonchini yo‘qolishiga olib keladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi tomonidan 2023 yilda mansab soxtakorligi jinoyatini sodir etganligi uchun 28 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, 23 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ayblov hukmi chiqarilgan.

2024 yilning 1-choragi davomida mansab soxtakorligi jinoyatini sodir etganligi uchun 6 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, 6 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ayblov hukmi chiqarilgan.

 

Fozil Yusupov, jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi raisi

“TO‘LOVGA QOBILIYATSIZLIK TO‘G‘RISIDA”GI QONUNNING MOHIYATI VA AHAMIYATI

O‘zbekiston Respublikasida yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning to‘lovga qobiliyatsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 12 aprel kuni “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan.

Mazkur Qonunning 5-moddasiga ko‘ra to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari quyidagilardan iborat:

vaqtincha to‘lovga qobiliyatsizlik – majburiyatni 3 oyda bajara olmaslik;

doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik – sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlarini uning aktivlari qiymatidan oshib ketishi.

To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Qarzdor pul majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning o‘zi va kreditor ega. Qarzdor va kreditor to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizada qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklashga yoxud tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillarini qo‘llash zarurligini ko‘rsatishi mumkin.

Qarzdor soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning o‘zi, davlat soliq xizmati organlari, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan va (yoki) pul majburiyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi oldida qarzi bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari ega bo‘ladi.

Qonuning 30-moddasiga ko‘ra, qarzdor yuridik shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda quyidagi tartib-taomillar qo‘llaniladi: kuzatuv;; tashqi boshqaruv; tugatishga doir ish yuritish.

Qarzdor jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda quyidagi tartib-taomillar qo‘llaniladi: qarzni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish; bankrotlikni tan olish va mol-mulkni sotish.

Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda tugatishga doir ish yuritish tartib-taomili qo‘llaniladi.

Ushbu Qonun bilan jismoniy shaxslarni ham bankrot deb topish mumkinligi belgilandi. O‘zbekiston Resublikasida “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunda bunday tartib taomillar nazarda tutilmagan.

Jumladan “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonuning 14-bobiga ko‘ra qarzdor jismoniy shaxsning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘liq hajmda bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va (yoki) to‘lov majburiyatlari yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy ichida qarzdor jismoniy shaxs tomonidan bajarilmagan hamda qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan talablar bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz barobarini tashkil etsa, qarzdor jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi alomatlari hisoblanadi.

Qarzdor jismoniy shaxs, kreditor, shuningdek davlat soliq xizmati va boshqa vakolatli organlar jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.

Jismoniy shaxsga nisbatan to‘lov qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida sudga ariza bergan arizachi tomonidan moliyaviy boshqaruvchiga haq to‘lash uchun sudning depozit hisobvarag‘iga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yetti baravari miqdorida oldindan pul mablag‘lari o‘tkaziladi.

To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish sud majlisida qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqilishi kerak. To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish alohida hollarda bir oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud hujjatlari darhol ijro etilishi lozim.

 

Дилшод Шарипов, Косон туманларо иқтисодий

судининг раиси  

Sudlarga xalq maslahatchilari saylovi

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 13-moddasida o‘ta og‘ir jinoyatlar sudlarda xalq maslahatchilari ishtirokida ko‘rilishi belgilangan.

Ish birinchi instansiya sudi tomonidan hay’atda ko‘rilganda sud tarkibiga sudya va ikki nafar xalq maslahatchisi kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 28 iyuldagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunining 59-moddasiga ko‘ra, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.

Haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan, saylov kunida o‘ttiz besh yoshga to‘lgan, harbiy qismlar harbiy xizmatchilarining yig‘ilishlarida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi harbiy sudning xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.

Har bir sud uchun xalq maslahatchilari soni sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan belgilanadi.

Xalq maslahatchilari odil sudlovni amalga oshirishda sudyaning huquqlaridan foydalanadi.

Xalq maslahatchilari sudlardagi o‘z vazifalarini bajarishga bir yilda ko‘pi bilan ikki haftaga navbatma-navbat chaqiriladi.

Bundan ularning ishtirokida boshlangan sud ishini ko‘rishni tugallash zarurati bu muddatni uzaytirishni taqozo etgan hollar mustasno.

Shu davrda ularning ish joyidagi o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.

 

A.G‘opporov, Qashqadaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi,

O.Shukurov, jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudi raisi        

Sudlarda saylanadigan xalq maslahatchilarining vakolatlari

Davlatimiz rahbari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarni sudlarga bo‘lgan ishonchini oshirish borasida muttasil ishlar amalga oshirilmoqda.

Jamoatchilik vakillarining jinoyat ishlarini ko‘rishda xalq maslahatchilari sifatida ishtirok etishi qonuniylikni mustahkamlashga, xalqning ko‘z o‘ngida sudlarning nufuzini ko‘tarishga, fuqarolarni qonunlarga rioya etish ruhida tarbiyalashga, qolaversa shaxs, jamiyat va davlatning manfaatlarini himoya etishga qaratilgan. Bunda xalq maslahatchilarining raislik etuvchi bilan bir qatorda jinoyat ishining muhokamasida yuzaga kelgan barcha masalalarni hal etishda va sud qarori chiqarishda teng huquqqa ega ekanligi bilan ahamiyatlidir.

Odil sudlovni amalga oshirishda xalq maslahatchilari ishtirokining xususiyatlari ko‘p jihatdan ushbu institutning normativ-huquqiy hujjatlar yordamida tartibga solinishida o‘z aksini topadi. Mazkur institutga oid normalar Jinoyat-protsessual kodeksi, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun va “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida”gi Nizomda belgilab qo‘yilgan.

Jinoyat-protsessual kodeksining 13 va 30-moddalariga va Jinoyat kodeksining 15-moddasiga muvofiq, o‘z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra, o‘ta og‘ir toifali jinoyat ishi birinchi instansiya sudi tomonidan hay’atda ko‘riladi, bunda sud tarkibiga sudya va ikki nafar xalq maslahatchisi kiradi. Jinoyat ishini ko‘rishda ushbu sud tarkibida tayinlangan yoki saylangan sudyalar va sudyaning barcha huquqlaridan foydalanish imkoniyatlariga ega bo‘lgan xalq maslahatchilari qatnashadilar.

“Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasida xalq maslahatchilariga nisbatan qo‘yilgan talablarga ko‘ra, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan, saylov kunida o‘ttiz besh yoshga to‘lgan, harbiy qismlar harbiy xizmatchilarining yig‘ilishlarida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi harbiy sudning xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.

Xalq maslahatchilarining jinoyat ishlarini ko‘rishdagi ishtiroki jamiyatning davlat bilan o‘zaro samarali aloqasini ta’minlashning muhim vositalaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Jamoatchilikning sud ishlarida faol ishtiroki odil sudlov faoliyatining ochiq-oshkoraligini ta’minlaydi, fuqarolarning sud hokimiyatiga ishonchini mustahkamlaydi.

Shu ma’noda xalq maslahatchilarining jinoyat ishlarini sudda ko‘rishdagi ishtiroki jinoyat protsessining demokratik asoslarini mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qiladi. Chunki, xalq maslahatchilari ish natijalaridan manfaatdor bo‘lmagan shaxslar sifatida jinoiy-protsessual faoliyatni amalga oshirishga jalb etiladi. Bu holat, o‘z navbatida, odil sudlovning sifati va samaradorligini oshiradi, obyektivlik, adolat va qonuniylik kabi tamoyillarni o‘zida mujassam etadi. Fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi yanada ortishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanliklari asosiy Qonunimizning 36-moddasida belgilab qo‘yilgan. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda fuqarolar nafaqat jamiyat va davlat ishlarida, ayni chog‘da sudlarda jinoyat ishlarining adolatli tarzda ko‘rib chiqilishi va qonuniy hal etilishida ham faol ishtirok etishmoqda.

Xalq maslahatchilari odil sudlovni amalga oshirishda sudyaning huquqlaridan foydalanadi.

Xalq maslahatchilari sudlardagi o‘z vazifalarini bajarishga bir yilda ko‘pi bilan ikki haftaga navbatma-navbat chaqiriladi. Bundan ularning ishtirokida boshlangan sud ishini ko‘rishni tugallash zarurati bu muddatni uzaytirishni taqozo etgan hollar mustasno. Shu davrda ularning ish joyidagi o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 22 apreldagi O‘RQ-368-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida”gi Nizomning 8-bobida belgilangan tartibga rioya etgan holda joriy yilda korxona, tashkilot, muassasa va o‘zini-o‘zi boshqarish organlarida xalq maslahatchilari saylovi o‘tkazildi.

Zero xalq maslahatchilarining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlardagi ishtiroki shaxs, jamiyat va sud hokimiyati o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash barobarida qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi

 

Fozil Yusupov, jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi raisi

Skip to content