Sudlarda saylanadigan xalq maslahatchilarining vakolatlari
Davlatimiz rahbari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarni sudlarga bo‘lgan ishonchini oshirish borasida muttasil ishlar amalga oshirilmoqda.
Jamoatchilik vakillarining jinoyat ishlarini ko‘rishda xalq maslahatchilari sifatida ishtirok etishi qonuniylikni mustahkamlashga, xalqning ko‘z o‘ngida sudlarning nufuzini ko‘tarishga, fuqarolarni qonunlarga rioya etish ruhida tarbiyalashga, qolaversa shaxs, jamiyat va davlatning manfaatlarini himoya etishga qaratilgan. Bunda xalq maslahatchilarining raislik etuvchi bilan bir qatorda jinoyat ishining muhokamasida yuzaga kelgan barcha masalalarni hal etishda va sud qarori chiqarishda teng huquqqa ega ekanligi bilan ahamiyatlidir.
Odil sudlovni amalga oshirishda xalq maslahatchilari ishtirokining xususiyatlari ko‘p jihatdan ushbu institutning normativ-huquqiy hujjatlar yordamida tartibga solinishida o‘z aksini topadi. Mazkur institutga oid normalar Jinoyat-protsessual kodeksi, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun va “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida”gi Nizomda belgilab qo‘yilgan.
Jinoyat-protsessual kodeksining 13 va 30-moddalariga va Jinoyat kodeksining 15-moddasiga muvofiq, o‘z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra, o‘ta og‘ir toifali jinoyat ishi birinchi instansiya sudi tomonidan hay’atda ko‘riladi, bunda sud tarkibiga sudya va ikki nafar xalq maslahatchisi kiradi. Jinoyat ishini ko‘rishda ushbu sud tarkibida tayinlangan yoki saylangan sudyalar va sudyaning barcha huquqlaridan foydalanish imkoniyatlariga ega bo‘lgan xalq maslahatchilari qatnashadilar.
“Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasida xalq maslahatchilariga nisbatan qo‘yilgan talablarga ko‘ra, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan, saylov kunida o‘ttiz besh yoshga to‘lgan, harbiy qismlar harbiy xizmatchilarining yig‘ilishlarida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi harbiy sudning xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.
Xalq maslahatchilarining jinoyat ishlarini ko‘rishdagi ishtiroki jamiyatning davlat bilan o‘zaro samarali aloqasini ta’minlashning muhim vositalaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Jamoatchilikning sud ishlarida faol ishtiroki odil sudlov faoliyatining ochiq-oshkoraligini ta’minlaydi, fuqarolarning sud hokimiyatiga ishonchini mustahkamlaydi.
Shu ma’noda xalq maslahatchilarining jinoyat ishlarini sudda ko‘rishdagi ishtiroki jinoyat protsessining demokratik asoslarini mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qiladi. Chunki, xalq maslahatchilari ish natijalaridan manfaatdor bo‘lmagan shaxslar sifatida jinoiy-protsessual faoliyatni amalga oshirishga jalb etiladi. Bu holat, o‘z navbatida, odil sudlovning sifati va samaradorligini oshiradi, obyektivlik, adolat va qonuniylik kabi tamoyillarni o‘zida mujassam etadi. Fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi yanada ortishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanliklari asosiy Qonunimizning 36-moddasida belgilab qo‘yilgan. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda fuqarolar nafaqat jamiyat va davlat ishlarida, ayni chog‘da sudlarda jinoyat ishlarining adolatli tarzda ko‘rib chiqilishi va qonuniy hal etilishida ham faol ishtirok etishmoqda.
Xalq maslahatchilari odil sudlovni amalga oshirishda sudyaning huquqlaridan foydalanadi.
Xalq maslahatchilari sudlardagi o‘z vazifalarini bajarishga bir yilda ko‘pi bilan ikki haftaga navbatma-navbat chaqiriladi. Bundan ularning ishtirokida boshlangan sud ishini ko‘rishni tugallash zarurati bu muddatni uzaytirishni taqozo etgan hollar mustasno. Shu davrda ularning ish joyidagi o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 22 apreldagi O‘RQ-368-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida”gi Nizomning 8-bobida belgilangan tartibga rioya etgan holda joriy yilda korxona, tashkilot, muassasa va o‘zini-o‘zi boshqarish organlarida xalq maslahatchilari saylovi o‘tkazildi.
Zero xalq maslahatchilarining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlardagi ishtiroki shaxs, jamiyat va sud hokimiyati o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash barobarida qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi
Fozil Yusupov, jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi raisi






