Qashqadaryo viloyati sudlari mutasaddilari tomonidan Kasbi tumanida sud-huquq masalalari bo‘yicha sayyor qabul o‘tkazildi

Jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholining huquqiy mavzudagi murojaatlariga yechim izlashga qaratilgan ishlarni jonlantirish maqsadidagi Qashqadaryo viloyat sudlari raislari va o‘rinbosarlari tomonidan Kasbi tumanida sayyor qabul tashkil etildi.

Sayyor qabul davomida turli masalalarda huquqiy maslahat va ko‘mak so‘rab kelgan 31 nafar fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Barcha fuqarolarning murojaatlari sud mas’ullari tomonidan atroflicha o‘rganildi. Ko‘mak so‘rab kelgan fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.

Bo‘lib o‘tgan sayyor qabul davomida fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida Qashqadaryo viloyat sudi raisi Abduqayum Mahkamov tomonidan bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohasidagi islohotlar xususida, shuningdek, qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgartirish va qo‘shimchalar xususida tushuntirishlar berildi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Qashqadaryo viloyat sudida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda buyuk sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Buyuk ajdodlarimiz tavallud kuni munosabi bilan tashkil etilgan tadbir “Mangulikka daxldor mutafakkirlar” deb nomlandi. Unda Qashqadaryo viloyat sudlari sudyalari, xodimlari, adabiyotshunoslar va san’at vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda buyuk siymolarimiz Navoiy va Boburning ijodiy, ma’naviy merosi xalqimizning qalb qo‘ridan mustahkam joy olganligi, yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi, ularni yanada kengroq targ‘ib etish, o‘qib-o‘rganish zarurligi, ikki buyuk shaxsning nafaqat o‘zbek adabiy tili, adabiyoti, balki o‘zbek davlatchiligi, xalqimiz ma’naviyatini yuksalishidagi xizmatlari beqiyos ekanligi ta’kidlandi.

Tadbirda so‘z olganlar va taklif etilgan adabiyotshunoslar Navoiy va Bobur ijodining o‘ziga xos qirralari xususida so‘z yuritishdi, ularning ijodidan namunalar o‘qishdi. Allomalarimiz g‘azallariga bastalangan mumtoz qo‘shiqlarning ijro etilishi tadbir ishtirokchilariga bir olam quvonch bag‘ishladi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Dehqonobod tumanida sayyor sud majlisi o‘tkazildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudi tomonidan tuman hokimligi binosida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Unda jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etishdi.

Sayyor sud majlisi davomida 13 ta ma’muriy huqubuzarlikka oid ishlar va 1 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudning hukmi bilan 4 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi,  1 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, shu joyning o‘zida qamoqqa olindi.

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Shahrisabzda sudyalar ishtirokida o’quv-seminari tashkil etildi

Qashqadaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari Fazliddin Choriyev, Fayyoza Qambarova, jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudi raisi Adolat Hamrayeva, jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudi raisi Shavkat Turdiyev va jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudi raisi Navro‘z Ashurovlar ishtirokida Shaxrisabz tuman ichki ishlar bo‘limi binosida o‘quv-seminari tashkil etildi. Unda Shahrisabz va Yakkabog‘ tuman ichki ishlar bo‘limi hamda prokuraturasi xodimlari, advokatlar va boshqa ma’muriy organlarning huquqshunoslari ishtirok etishdi.

O‘quv-seminari sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar yuzasidan tashkil etildi. Tadbirda so‘z olganlar O‘zbekiston Respublikasining “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 869-sonli, hamda “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi 884-sonli qonunining mazmun-mohiyatini ishtirokchilarga tushuntirib berishdi. Mazkur institutning amaliyotga tadbiq etilishida mavjud bo‘lgan muammolar hamda takliflar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchik va OAV bilan aloqalar bo’limi

QONUN USTUVOR – JAZO MUQARRAR (qo‘shimcha jazo qo‘llash amaliyoti)

Ma’lumki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizm va tartiblari joriy etilib, davlat organlarining jamoatchilik tuzilmalari bilan o‘zaro maqsadli hamkorligi yo‘lga qo‘yildi.

Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, ichki ishlar organlarining eng quyi bo‘g‘inidan respublika darajasigacha samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish va zamonaviy ish uslublarini joriy etish orqali mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlash, aholining tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash maqsadida 2021 yil 26 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Keyinchalik, ushbu farmonga muvofiq, shuningdek mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada rivojlantirish hamda ushbu sohadagi davlat siyosatining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash maqsadida 2021 yil 29 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib, jamoat xavfsizligini ta’minlashdagi ilg‘or xorijiy va milliy tajribalar asosida ishlab chiqilgan hamda aholini har qanday tahdidlardan kafolatli himoya qilishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 16-maqsadi ham, aynan jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratishdan iboratdir.

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasida ham adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash asosiy g‘oyalardan biri deb e’tirof qilingan.

Zero, fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Biroq, so‘nggi vaqtlarda sodir etilayotgan jinoyatlar, ayniqsa o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan mansab mavqeini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlar ortib borayotganligi  barchamizni sergak tortishga undaydi.

Ma’lumki, qo‘shimcha jazo choralarining yangi jinoyatlar sodir etilishi oldini olishda katta ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, sudlarga hukm chiqarish paytida asosiy jazo bilan birga tegishli qo‘shimcha jazo qo‘llash masalasini ham muhokama qilish tavsiya qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 45-moddasida ko‘rsatilgan muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi bu – sud tayinlagan muddat davomida aybdorning korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarda u yoki bu mansabni egallashini yoxud u yoki bu faoliyat bilan shug‘ullanishini taqiqlashdan iboratdir.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning o‘tgan 11 oyi davomida birgina Qashqadaryo viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan jazo tayinlab hukm chiqarilgan 4721 shaxsning 1095 nafari yoki 23,2 foizisha asosiy jazo bilan birga qo‘shimcha jazolar ham tayinlangan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi bilan sudlangan 264 nafar, 168-moddasi bilan sudlangan 84 nafar, 209-moddasi bilan sudlangan 163 nafar, 228-moddasi bilan sudlangan 171 nafar, 266-moddasi bilan sudlangan 211 nafar shaxslarga nisbatan asosiy jazolar bilan birgalikda, moddiy javobgarlik va mansabdorlik vazifalarida ishlamaslik hamda barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish kabi qo‘shimcha jazolar tayinlangan.

Jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga to‘sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida qo‘llanilishi e’tiborga olinsa, qo‘shimcha jazo choralarini tayinlash ham bu boradagi maqsadga erishish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi murakkab zamonning o‘zi voqelikka ochiq ko‘z bilan, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, hushyor qarashni, jahonda va yon-atrofimizda tobora kuchayib borayotgan ma’naviy tahdid va xatarlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli saboqlar chiqarib yashashni talab etmoqda.

Tinch va osoyishta hayot xalqlarning eng ezgu orzusi. Yaratgandan so‘ragan eng kerakli tilagidir. Lekin bir narsani unutmaslik kerak: ko‘rib turibmiz, dunyoning hamma yeriga ham bu ulug‘ ne’mat birdek nasib etmagan. Demak, bu ne’matning shukrini qilishimiz, qadriga yetishimiz zarur.

Aynan tinchlik-osoyishtalik hukm surgan joyda, yuksalish va taraqqiyot bo‘ladi, yurt gullab-yashnaydi, fuqarolarning turmushi farovonlashadi. Shu sababli har birimiz tinchlik-osoyishtalikka o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmasligini to‘g‘ri anglashimiz, bu yutuqlar o‘z-o‘zidan yaratilmagani, xalqimiz sabr-bardosh, ishonch, hamjihat-hamfikrlikda yashash, tinchlik-osoyishtalikni asrash, bag‘rikenglik, mehr-oqibat ko‘rsatish orqali erishilganini yosh avlodga tushuntirishmiz lozim.

Bu esa, jinoyat va huquqbuzarliklar soni kamayishiga, odamlarda huquqiy ong, huquqiy madaniyat oshishiga, bevosita xalq manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, uning turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bunga majburiyat deb emas, aksincha kundalik faoliyat va hayot tarzi sifatida qarash talab qilinadi.

 

Shahzod Baxtiyorov, Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

DIQQAT, TANLOV!

Qashqadaryo viloyat, tumanlararo, tuman va shahar sudlarining quyidagi bo‘sh ish o‘rinlariga tanlov e’lon qilinadi:

– Qashqadaryo viloyat sudining sudya katta yordamchisi vazifasiga 2 nafar, (Qashqadaryo viloyat sudi Rayosatining 2022 yil 22 yanvardagi RS-2-22-sonli qaroriga ko‘ra quyi sudda kamida 1 yillik uzluksiz mehnat stajiga ega bo‘lishi lozim)

– Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudining devonxona mudiri vazifasiga 1 nafar;

– Fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudining sudya yordamchisi vazifasiga 1 nafar;

– Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudining sudya yordamchisi vazifasiga 1 nafar;

– Jinoyat ishlari bo‘yicha Ko‘kdala tuman sudining sudya yordamchisi vazifasiga 1 nafar;

Tanlovda oliy yuridik ma’lumotli, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan shaxslar qatnashishi mumkin.

Nomzodlar ochiqlik, shaffoflik, tenglik prinsiplari asosida Komissiya tomonidan belgilangan tartibda suhbatdan o‘tkaziladi.

Arizalar 2023 yil 4-dekabr soat 17:00 ga qadar qabul qilinadi.

Murojaat uchun tel: (75) 221-05-58.

Elektron pochta manzili: qash.kadr@sud.uz

Manzil:  Qashqadaryo viloyat sudi (180108, Qarshi shahri A.Oripov ko‘chasi 10 a  uy )

Qashqadaryo viloyat sudida “Jamiyatda ayol yuristlarning roli va sud tizimida ishga joylashtirish imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Birlashgan millatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari yuzasidan tavsiyalarini amalga oshirish, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023 yil 10 iyundagi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l xaritasining 15-bandida jamiyatda ayol yuristlarning roli haqida va sud tizimida ishga joylashtirish imkoniyatlari to‘g‘risida ayollarning xabardorligini oshirish bo‘yicha axborot kampaniyalarini o‘tkazish nazarda tutilgan.

Shu maqsadda Qashqadaryo viloyat sudida “Jamiyatda ayol yuristlarning roli va sud tizimida ishga joylashtirish imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirga viloyatimizdagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda faoliyat olib boruvchi huquqshunos xotin-qizlar va bo‘lajak huquqshunos talabalar taklif etildi.

Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligiga alohida e’tibor qaratilishi natijasida sud tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar soni ham salmoqli darajada ko‘paydi.

Birgina Qashqadaryo viloyat sudlarida bugungi kunda 60 dan oshiq  xotin-qizlar faoliyat yuritib kelishmoqda. Ularning o‘z ishiga mas’uliyati, berilgan topshiriq va vazifalarni o‘z vaqtida sifatli bajarishi tizim nufuzining oshishiga va odil sudlovga erishish borasidagi islohotlarda muhim omil bo‘lmoqda.

Tadbir davomida sud tizimiga ishga kirish, huquqshunos nomzodlarning sudyalik lavozimiga tayinlanish tartibi va imkoniyatlari tushuntirib o‘tildi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

Qashqadaryo viloyat sudida sudyalar, prokuratura va ichki ishlar organlarining tergov xizmati xodimlari ishtirokida seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi

Qashqadaryo viloyat sudida “Dastlabki tergov va surishtiruv organlari tomonidan jinoyat ishlarini yuritishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik va mavjudlarini bartaraf etish” mavzusida seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari, prokuratura va ichki ishlar organlarining tergov xizmati xodimlari hamda shahar va tumanlardagi xodimlari esa onlayn tarzda ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar jinoyat protsessida inson huquq va erkinliklarini to‘la ta’minlash, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiy muhitni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan himoyalash, jinoyatlarni tez va to‘liq ochish, jinoyat sodir etgan har bir shaxsga adolatli jazo berilishi hamda aybi bo‘lmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etishdi.

Shuningdek qonunni amaliyotga to‘g‘ri tadbiq etishda dastlabki tergov va surishtiruv organlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l quymaslik chora-tadbirlarini belgilab olish va sudlar tomonidan tergov hamda surishtiruv organlariga nisbatan chiqarilgan xususiy ajrimlar,  dalillar maqbulligi hamda oqlov hukmi chiqarilgan ishlar muhokama qilindi.

Seminar mashg‘uloti yakunida yuqorida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli manzilli chora-tadbirlar belgilanib, mas’ullar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

 

Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

DIQQAT, TANLOV!

Qashqadaryo viloyat, tuman, shahar va tumanlararo sudlarining quyidagi bo‘sh ish o‘rinlariga tanlov e’lon qilinadi:

– Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudining sudya yordamchisi vazifasiga 1 nafar;

– Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumanlararo sudining sudya yordamchisi vazifasiga 1 nafar;

Tanlovda oliy yuridik ma’lumotli, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan shaxslar qatnashishi mumkin.

Nomzodlar ochiqlik, shaffoflik, tenglik prinsiplari asosida Komissiya tomonidan belgilangan tartibda suhbatdan o‘tkaziladi.

Arizalar 2023 yil 17 iyul soat 17:00 ga qadar qabul qilinadi.

Murojaat uchun tel: (75) 221-05-58.

Elektron pochta manzili: qash.kadr@sud.uz

Manzil:  Qashqadaryo viloyat sudi (180108, Qarshi shahri A.Oripov ko‘chasi 10 a  uy )

ODAM SAVDOSIGA QARSHI KURASHISH DOLZARB MASALA

Ma’lumki, odam savdosi – qullikning zamonaviy usuli, qul savdosining yangi turidir. Jinoyatchilar birinchi navbatda ayollar va bolalarni majburiy mehnat va jinsiy qullik qopqoniga aldab tushiradi.

Odam savdosi insonlarni huquq va erkinliklardan mahrum qiladi, butun dunyoda uyushgan jinoyatchilikning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Shu jumladan, bu jinoyat shaxslarga xavf tug‘dirish yo‘li bilan qo‘rqitish, jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazish, nomusga tegish, hujjatlarni o‘g‘irlash orqali amalga oshiriladi. Jabrlanuvchilar mehnat ekspluatatsiyasi va jinsiy ekspluatatsiyaga majbur qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasida odam savdosining oldini olish, unga chek qo‘yish borasida turli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Konstitutsiyaning 26-moddasiga ko‘ra hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.

Odam savdosiga qarshi kurashishning qonuniy tartibga solinishi shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilishda samarali vosita hisoblanadi.

Odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa idoralar bilan hamkorlikda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun 2008 yil 17 aprelda qabul qilindi va rasman e’lon qilindi.

Qonunning maqsadi odam savdosiga qarshi kurashish bilan bog‘liq masalalarni hal etishdan iborat. Shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarining vakolatlari qonunda aniq ko‘rsatilgan. Odam savdosiga qarshi kurashish faoliyatining idoralararo xarakterga ega ekani inobatga olinib, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasini tashkil etish belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasida odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, insonning sha’ni va qadr-qimmati hurmat va e’zozga loyiq.

Insoniy qadriyatlarni toptashga uringan har qanday shaxsga qonun oldida javobgarlik muqarrardir.

 

Fozil Yusupov, jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudining raisi

Skip to content