Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi tomonidan “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat kadastrini yuritish tizimini takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risi”gi Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Qamashi tumani prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi Qamashi tuman bo‘limi, Kadastr agentligi Qamashi tuman bo‘limi xodimlari ishtirok etishdi.
Dastlab jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi raisi O.Mustafayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi ikkinchi-to‘rtinchi qismlari, 60/1, 68, 68/1, 69-moddalariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida batafsil tushuntirish berdi.


Yig‘ilish davomida Kadastr agentligi tomonidan jismoniy hamda yuridik shaxslarga nisbatan yer qonunchiligi buzilishi holatlari yuzasidan chiqarilayotgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida qarorlarga nisbatan fuqarolar tomonidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushayotganligi, kadastr agentligi xodimlari tomonidan ushbu qarorlarni qabul qilishda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilatganligi ta’kidlandi. Jumladan yer uchastkasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaganlik holatlari bo‘yicha ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgarishlardan oldin mulk huquqi e’tirof etilgan shaxslarga nisbatan ham ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida qarorlar qabul qilinayotganlik holatlari mavjudligi, bu esa o‘z navbatida fuqarolarning e’tiroziga sabab bo‘layotganligi, bundan tashqari ko‘plab fuqarolarda mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kerakligi haqida tushuncha yo‘qligi, kadastr agentligi xodimlari tomonidan ularni tushuntirish bermasdan turib ham ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi holatlari ko‘plab mavjudligi va bu ham fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘latganligi aytib o‘tildi. Bu esa o‘z navbatida sudga kelib tushayotgan ariza va shikoyatlarning ortib ketayotganligiga sabab bo‘layotganligi, ba’zi holatlarda esa fuqarolarning yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinganlik harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lsada, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi uchrayotganligi sababli ham ushbu kabi muammolarning oldini olish maqsadida fuqarolar o‘rtasida ko‘proq tushuntirish ishlari olib borish lozimligi ta’kidlandi.


Shundan so‘ng so‘z olgan tuman prokurori yordamchisi A.Hasanov o‘z nutqida kadastr agentligi xodimlarining soni kamligi sababli tumanda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari yoki noqonuniy qurilishlarni to‘liq aniqlash ko‘p vaqt talab qilishi, shu bois agentlik xodimlari bilan tumandagi mahalla raislari va hokim yordamchilari hamkorlikda ishlashlari lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi ikkinchi-to‘rtinchi qismlari, 60/1, 68, 68/1, 69-moddalari bilan tuzilayotgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasdan hamda qonuniy qaror qabul qilishlari lozimligi, aks holda ushbu qarorlar prokuratura yoki sud tomonidan bekor qilinishi mumkinligi haqida tushuntirib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi raisi O.Mustafayev fuqarolarga qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlar, yer qonunchiligi bo‘yicha bo‘layotgan o‘zgarishlar xususida to‘liq tushuntirishlar berib, o‘tdi va yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga javob berdi.
Qashqadaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi