Sudgacha majlis o‘tkazish tartibi qanday?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 5 fevraldagi Qarori asosida sudgacha majlis o‘tkazish joriy etilishi belgilangan va mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilgan 1631-moddasida o‘z aksini topdi.
Jumladan, sudgacha majlis o‘tkazish chog‘ida sudya:
1) da’vogarni o‘zi arz qilgan talablarning mohiyati bo‘yicha so‘roq qiladi, undan javobgar bildirishi mumkin bo‘lgan e’tirozlarni aniqlaydi va agar bu zarur bo‘lsa, da’vogarga qo‘shimcha dalillar taqdim etishni taklif qiladi, shuningdek arz qilingan talablaridan voz kechish huquqini hamda voz kechishning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;
2) ishning holatlari bo‘yicha javobgarni so‘roq qiladi, da’vogarning talablariga qarshi uning qanday e’tirozlari borligini va bu e’tirozlar qanday dalillar bilan tasdiqlanishi mumkinligini aniqlaydi, shuningdek javobgarga da’vogarning talablarini tan olish yoxud qarshi talablar qo‘zg‘atish huquqini tushuntiradi, javobgarga ish yuzasidan yozma tushuntirishlar taqdim etishni taklif qiladi. Javobgarning yozma tushuntirishlarni va dalillarni taqdim etmaganligi, shuningdek, sud majlisiga kelmaganligi ishni ishdagi mavjud dalillar bo‘yicha ko‘rish uchun to‘sqinlik qilmaydi;
3) taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal qilishning muqobil usullari ehtimolini aniqlaydi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;
4) ishning murakkabligini hisobga olgan holda sud muhokamasining prognoz qilinayotgan, shu jumladan, nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan iltimosnomalar va hujjatlarni sudga topshirish, guvohlar mavjud bo‘lganda ularning ro‘yxatlarini almashish muddatlarini nazarda tutuvchi jadvalini aniqlaydi;
5) sud majlisida hozir bo‘lgan taraflar va boshqa manfaatdor shaxslardan ular o‘rtasida ushbu ishning sudga taalluqliligi masalasi bo‘yicha kelishuv, ushbu Kodeksning 163-moddasida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish zaruriyati mavjudligini aniqlaydi.
Sudgacha majlisning vaqti va joyi to‘g‘risida taraflar va boshqa manfaatdor shaxslar xabardor qilinganlik faktini qayd etishni ta’minlaydigan sud chaqiruv qog‘ozlari, buyurtma xatlar, telefonogrammalar, telegrammalar va boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.
Sudgacha majlis o‘tkazilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, unda quyidagilar ko‘rsatiladi: sudgacha majlis o‘tkazilgan yil, oy, sana va joy; ishni yuritayotgan sudning nomi; sudyaning va majlis kotibining (sudya yordamchisining yoki katta yordamchisining) familiyasi hamda ismi-sharifining bosh harflari; taraflar, boshqa manfaatdor shaxslar haqidagi va ularga protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar; taraflar tomonidan berilgan tushuntirishlar.
Taraflar kelmagan taqdirda, sudya ushbu Kodeks 163-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan harakatlarni amalga oshiradi. Bunday holda sudgacha majlis bayonnomasi tuzilmaydi.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, sudgacha majlisda ish yuritish to‘xtatib turilishi yoki tugatilishi, da’vo arizasi ko‘rmasdan qoldirilishi mumkin.
Dilshod Sharipov, Koson tumanlararo iqtisodiy sudning raisi