Bugun yurtimizda muhim jarayon – konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Fuqarolarning takliflari, fikr-mulohazalari o‘rganilib, Bosh qomusimizni takomillashtirish ishlari jadal olib borilmoqda.
Prezidentimizning “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi” farmonida mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish maqsadi belgilangan. Ko‘rib turganimizdek, ijtimoiy adolat jamiyat hayotining asosiy maqsadi va orzusiga aylangan. Strategiyaning 20-maqsadida “Faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va itoat qilish hissini shakllantirish; aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va ta’lim tashkilotlari bilan o‘zaro samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish; tadbirkorlar va aholi, ayniqsa uning kam ta’minlangan qatlamlari uchun huquqiy hujjatlarni yurist ishtirokisiz tayyorlash imkonini beruvchi “Legal Tech” platformasini ishga tushirish” kabi vazifalarning belgilanishi ijtimoiy adolat tamoyilining asl maqsadini tashkil qiladi.
Ijtimoiy adolat tamoyili Konstitutsiyamiz va boshqa bir qator joriy qonunlarda o‘z ifodasini topgan. Shu bilan bir qatorda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyili sifatida Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining bosh maqsadi sifatida qayd qilingan.
Huquqiy davlat barpo etish sharoitida ijtimoiy adolat insoniyatning oliy ma’naviy qadriyatlarini tasdiqlab, bu qadriyatlarning jamiyat hayotidagi hal qiluvchi rolini ta’minlaydi, shaxsga nisbatan o‘zboshimchalik va zo‘ravonlikni istisno qiladi. Jamiyatda qonun ustuvorligining ma’naviy asosini insonparvarlik va adolat, inson huquqlari, uning sha’ni va qadr-qimmati kabi umuminsoniy tamoyillar tashkil etadi. Ijtimoiy adolat insoniyat tarixida asrlar mobaynida shakllangan muhim ijtimoiy g‘oya va xalqning doimiy orzusi bo‘lib, jamiyatda ro‘y berayotgan islohotlar davrida uning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Jamiyatimizda ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarishlar esa bu tamoyilning hayotga tatbiq qilinayotganining yorqin dalili sifatida ko‘zga tashlanadi.
Ijtimoiy adolat davlat hokimiyati organlarining boshqaruv salohiyati va fuqarolik jamiyatining tarkibiy qismlari va imkoniyatlari o‘rtasida hamjihatlik va adolatli ijtimoiy tartibotni tashkil etish vositasi sifatida faoliyat yurituvchi huquqiy mexanizmlar orqali amalga oshiriladi.
Ijtimoiy adolat erkinlik va tenglik tushunchalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularning uyg‘unligida yaqqol namoyon bo‘ladi. Erkinlik va tenglik tushunchalari esa qonuniylik tushunchasi bilan uzviy bog‘liq holda ijtimoiy adolatni huquqiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi. Jamiyat a’zolarining qonun oldida tengligi, inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish ijtimoiy adolat tamoyilining bosh maqsadini tashkil qiladi.
Konstitutsiyamizning yangi tahririda shularga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Konstitutsiya loyihasida O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilanmoqda.
Jumladan, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deya e’lon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshmoqda.
Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qat’iy talab sifatida belgilanyaptiki, bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga asos bo‘ladi.
Binobarin, qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘lishi shart va zarur. Bunga ko‘ra, inson va davlat o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklari oldi olinadi.
Konstitutsiyada davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi mustahkamlanmoqda. Qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga o‘z roziligisiz yuklatilishi mumkin emasligi qayd etilyaptiki, ushbu norma odamlar hayotini yanada yengillashtiradi.
Hujjat loyihasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Bu norma fuqarolarimizning doimiy ravishda davlat himoyasida ekanligiga ishonchini mustahkamlashga, o‘z yurtidan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarning saqlab qolinishi hamda rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi ta’kidlanyapti.
Ushbu norma chet ellarda yashayotgan, ishlayotgan, ta’lim olayotgan vatandoshlarimizni Vatani bilan doimiy aloqada bo‘lishiga, tili, madaniyatini saqlab qolish hamda rivojlantirishiga, ona yurti – O‘zbekistonning obro‘sini yanada oshirishga o‘z hissasini qo‘shishiga xizmat qiladi.
Yangi Konstitutsiyada Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqda
Xususan, O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanmoqda. O‘lim jazosini taqiqlashni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.
Bundan tashqari, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilanyapti. YA’ni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgandir. Bu orqali xalqaro e’tirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qo‘llanish ko‘lami yanada kengayadi.
Ilk bor shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik (xalqaro e’tirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berilmoqda.
Har kimning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi belgilanyapti. Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar o‘z buzilgan huquq va erkinliklarini, o‘zgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Yagona shart – bu fuqarolar tomonidan o‘zini himoya qilishda qo‘llaniladigan usullar yoki choralarning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan bo‘lishidir.
Birinchi marotaba har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi mustahkamlanmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.
Bulardan tashqari, har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga egaligi qayd etilmoqda.
Konstitutsiyada aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi qayd etilmoqda. Mazkur norma to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qoida bo‘lib, tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni ta’minlaydi hamda shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortilishdan himoya qiladi.
Qolaversa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi mustahkamlanmoqda, hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilanmoqda. Bu qoidalarning Konstitutsiyada belgilanishi jinoiy ta’qib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar o‘tkazish, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qo‘llanishini oldini olishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim norma – agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlanmoqda. Bu hol jinoyat bo‘yicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarning javobgarlikka tortilishini oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi ham tarixda ilk bor konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda.
Qolaversa, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilanyaptiki, bularning hammasi mustabid tuzumdan qolgan illatga, qancha yoshlarimizni o‘z orzu-umidlaridan voz kechishga majbur qilgan noinsoniy taqiqlarga chek qo‘yadi.
Konstitutsiyada har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega ekanligi mustahkamlanmoqda.
Qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqiga egaligi, har kim O‘zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistonga to‘sqinliksiz qaytish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Endilikda mazkur konstitutsiyaviy qoida kiritilishi bilan erkin harakatlanish qadriyat darajasida oliy huquqiy norma sifatida mustahkamlanmoqdaki, bu “propiska” tizimi muammosiga ham barham beradi.
Yangi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi. Konstitutsiyaviy islohotning fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirilishi xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi.
Ruslan Zairov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumanlararo sudining raisi